Rossiya olimlari Apofis asteroidini o'rganish bo'yicha reja ishlab chiqdilar

Rossiyalik olimlar 2029-yilning aprel oyida Yerga yaqin masofadan uchib o'tadigan Apofis asteroidini tadqiq qilish uchun «Spektr-RG» kosmik observatoriyasidan foydalanishni taklif qildi. Samara universiteti va Rossiya Fanlar akademiyasi Kosmik tadqiqotlar instituti mutaxassislari tomonidan tayyorlangan loyiha yangi sayyoralararo apparat yaratmasdan, minimal xarajatlar bilan missiyani amalga oshirish imkonini beradi. Bu haqda Ixbt.com xabar beradi.
Apofis asteroidi 2029-yilda Yer yuzasidan taxminan 30 ming kilometr masofada o'tishi kutilmoqda. Olimlar tomonidan modellashtirilgan ssenariyga ko'ra, yoqilg'i sarfi nuqtai nazaridan eng maqbul variant «Spektr-RG» qurilmasini 2028 yil 13-sentabrda parvozga yo'naltirishdir.
Bir qator manyovrlardan so'ng apparat 2029 yil 13-aprelda asteroid markazidan 18 ming kilometr masofada uchib o'tishi mumkin.
Loyiha mualliflarining ta'kidlashicha, ushbu yondashuv mavjud texnikadan samarali foydalanishga xizmat qiladi. Observatoriya o'z vazifasini bajarib, ma'lumotlarni Yerga uzatganidan so'ng, zarurat tug'ilsa, yana asosiy ish faoliyatiga qaytishi mumkin.
Bu esa maxsus yangi apparat uchirishdan ko'ra ancha arzonga tushadi. Shuningdek, olimlar asteroidga bir necha yuz kilometrgacha yaqinlashish variantini ham hisoblab chiqqan, biroq bu trayektoriyaga ko'proq tuzatishlar kiritishni talab etadi.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!