09:29 / 09.07.2022
2 129

Internetdan uzilgan Shimoliy Koreyada odamlar qanday yashamoqda?

Internetdan uzilgan Shimoliy Koreyada odamlar qanday yashamoqda?
Foto: AFP
TikTok’da Shimoliy Koreyada odamlarning kundalik hayot tarzini namoyish qilib boruvchi blog paydo bo‘lgan. Blogdagi qisqa videolarda tungi shahar manzaralari, mamlakatdagi diqqatga sazovor joylar, zamonaviy arxitektura yodgorliklari, o‘quvchilarning hayot tarzi, bir xil portfelni ko‘tarib olgancha ishga borayotgan ishchi-xizmatchilarni, ko‘chadagi oddiy odamlarni ko‘rish mumkin. Bir videoga ayol politsiyachi shu yerdan o‘tib ketayotgan erkakni to‘xtatib, hujjatlarini tekshirayotgani ham tushib qolgan.

Videolarda aks etgan odamlarning aksariyati ko‘kraklariga KXDR davlat bayrog‘i va mamlakat rahnamosining surati aks etgan nishonlarni taqib olgani, ko‘chalarda transport kamligi, biroq zamonaviy mashinalar ham harakatlanayotgani ko‘zga tashlanadi. Ayrim videoda erkak va ayollar velosipedda harakatlanib ketayotganini kuzatish mumkin.

Blogda maktab va o‘quvchilar hayotiga oid videolar boshqalariga nisbatan ancha ko‘p. Shundan uning maktab o‘quvchisi yoki o‘qituvchi ekanini taxmin qilish mumkin. TikTok foydalanuvchilari blog muallifidan “Videoga olib internetga tarqatganlik uchun jazolashlaridan qo‘rqmaysizmi?” deb so‘rashgan. Ayrimlar bu blog mamlakatni piar qilish maqsadida hukumat ruxsati bilan yuritilayotgani, faqat ruxsat etilgan tasvirlargina namoyish qilinayotgani, bu orqali mamlakatdagi ahvol dunyo jamoatchiligi o‘ylaganchalik yomon emas, degan tasavvur uyg‘otilayotganini taxmin qilgan.

Foydalanuvchilar blog muallifidan tashqi olam va Internetdan uzilgan Shimoliy Koreyada turib bu videolarni qanday qilib TikTok’ka joylayotganini so‘raganlar ko‘pchilikni tashkil etadi. Biroq bu savollar javobsiz qoldirilgan. Shunga qaramay noma’lum tiktokerning videolari yuz minglab marotaba ko‘rilayotgani, obunachilar soni kundan kunga o‘sib borayotgani ko‘rinadi. Ba’zi videolarning ko‘rishlar soni allaqachon milliondan oshgan. Profildagi asosiy fotoga qiz bolaning surati joylangan bo‘lsa-da, videolarda uning o‘zi ko‘rinmaydi.

Eslatib o‘tamiz, KXDR aholisi tashqi internet aloqasidan uzilgan bo‘lib, faqat tor doiradagi siyosatchilar, partiya arboblari, xalqaro vakolatxonalar va ayrim universitetlar “Kvanmen” deb nomlanuvchi ichki tarmoqdan foydalanishadi.

arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Dunyo » Internetdan uzilgan Shimoliy Koreyada odamlar qanday yashamoqda?