23:28 / 18.07.2022
1 526

Geosiyosiy xavotir: Nima uchun benzindan ko‘ra oziq-ovqat narxi haqida ko‘proq tashvishlanishimiz kerak?

Geosiyosiy xavotir: Nima uchun benzindan ko‘ra oziq-ovqat narxi haqida ko‘proq tashvishlanishimiz kerak?
Foto: Reuters
Rossiyaning Ukrainaga bostirib kirishidan keyin neft va mineral narxlarning keskin o‘sishi investorlarni oziq-ovqat inflyatsiyasining uzoq davom etadigan xavfli ta’siridan chalg‘itdi. BlackRock investitsiya kompaniyasi asoschisi Larri Flink oziq-ovqat narxlariga ko‘proq e’tibor berishga chaqirdi.

- Meni tashvishlantirayotgan narsa — bu oziq-ovqat muammosiga yetarli darajada e’tibor qaratmayotganimiz. Bu shunchaki inflyatsiya tashvishi emas, bundan kelib chiqadigan geosiyosiy xavotirlar ham bor, — dedi u Financial Times’ga.

Energetika, benzin va neftga asoslangan qishloq xo‘jaligi mahsulotlari narxlari shu yil boshida g‘arb davlatlari Rossiyaga sanksiyalar kiritgandan so‘ng ko‘tarildi.

Ukraina asosiy eksportchi bo‘lgani uchun don va iste’mol qilinadigan yog‘ narxi ham keskin oshdi.

Savdogarlar iste’molning keskin pasayishiga tayyor bo‘lganligi sababli neft shu haftada bosqindan oldingi darajaga tusha boshladi.

Ammo oziq-ovqat narxlarining inflyatsiyasi yuqoriligicha qolmoqda. Iyun oyidagi AQSH iste’mol narxlari indeksi ma’lumotlari shuni ko‘rsatadiki, tovuq go‘shti va un narxi yiliga 20 foizga, margarin esa 34 foizga oshgan.

- Biz benzin narxi haqida ko‘p gapiramiz, chunki bu amerikaliklarga muhim, lekin eng katta muammo oziq-ovqat, — dedi Fink.

Uning aytishicha, Ukrainada haydaladigan yerlar vayron bo‘ldi. Global miqyosda o‘g‘it narxi deyarli 100 foizga oshdi va bu qo‘shimcha xarajatlar dehqonchilikda ishlatiladigan o‘g‘it miqdorini kamaytirmoqda. Bu butun dunyo bo‘ylab hosilning sifatiga putur yetkazmoqda.

Jahon banki bosqindan keyin global oziq-ovqat narxlari bu yil 20 foizga ko‘tarilib, benzindan ancha oshib ketishini bashorat qildi.

Afrikada narxlar juda yuqori
Ukrainadan g‘alla import qiladigan Afrika mamlakatlari inflyatsiyadan jiddiy zarar ko‘radi.

Afrika taraqqiyot banki ma’lumotlariga ko‘ra, qit’ada o‘g‘itlar narxi 300 foizga oshgan va 2 million tonna o‘g‘it taqchilligi kuzatilmoqda.

Bank fermerlarga bo‘shliqni to‘ldirishga yordam berish uchun 1,5 mlrd dollarlik dasturni tasdiqladi, ammo bu yil umumiy ishlab chiqarish 20 foizga kamayishi mumkinligi haqida ogohlantirmoqda.

AQSH moliya vaziri Janet Yellen juma kuni dunyo global oziq-ovqat xavfsizligi uchun o‘ta og‘ir vaqt oldida turganini aytdi.

U G20 yetakchi davlatlar guruhini oziq-ovqat zaxiralarini to‘plash va eksport qilish cheklovlarini to‘xtatishga, mamlakatlarga qo‘shimcha moliyaviy yordam ko‘rsatishga chaqirdi.

Microsoft asoschisi Bill Geyts shu haftada xuddi shunday xavotirlar haqida gapirdi.

- Ukrainadagi urush tufayli bug‘doy, iste’mol qilinadigan yog‘lar va boshqa mahsulotlar yetkazib berishining qisqarishi oziq-ovqat narxlarining ko‘tarilishiga olib keladi. Bu esa kam daromadli mamlakatlarda to‘yib ovqatlanmaslikni yuzaga keltiradi, — deydi Geyts.

U o‘z blogida Afrikada qishloq xo‘jaligi mahsuldorligini oshirish ko‘proq sarmoya talab qilishini ta’kidladi.

arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Dunyo » Geosiyosiy xavotir: Nima uchun benzindan ko‘ra oziq-ovqat narxi haqida ko‘proq tashvishlanishimiz kerak?