11:55 / 22.07.2022
1 616

Hindiston tarixida ikkinchi marta ayol kishi mamlakat prezidenti bo‘ldi

Hindiston tarixida ikkinchi marta ayol kishi mamlakat prezidenti bo‘ldi
Foto: AP Photo
Hindistondagi prezidentlik saylovlarida Milliy demokratik alyansdan nomzodi ko‘rsatilgan Draupadi Murmu g‘alaba qozondi. Bu haqda Times of India xabar berdi.

Murmu parlament a’zolari, shtatlar va hududlarning mahalliy assambleya a’zolari orasidan saylovchilar ovozining 64 foizini qo‘lga kiritdi, uning muxolifatdagi raqibi Yashvant Sinxa esa 36 foiz ovoz oldi. Murmu mamlakatning barcha shtatlaridan ovoz olgan, Sinxa uchta shtatda yutqazgan. Sinxa Murmani g‘alabasi bilan tabrikladi.

Mamlakatning amaldagi bosh vaziri Nerendra Modi ham yangi prezidentni tabrikladi.

«Draupadi Murmuning hayoti, uning kurashlari, beqiyos xizmati va ibratli muvaffaqiyati har bir hindistonlikni rag‘batlantiradi. U fuqarolarimiz, ayniqsa kambag‘allar, chekkadagilar va mazlumlar uchun umid chirog‘i bo‘ldi», — deb yozdi Modi Twitter’da.

Murmu 25 iyulda, amaldagi prezident Ram Natxa Kovindning vakolat muddati tugaydigan kuni qasamyod qiladi.

Hindiston — parlament respublikasi, shuning uchun mamlakatda prezident asosan vakillik funksiyalarini bajaradi. Uning vakolat muddati besh yil va ketma-ket ikki muddatdan oshmaydi.

Murmu Hindiston mustaqillikka erishgan 1947 yildan beri 15-prezidenti bo‘ldi. Murmu Hindiston tarixida Pratibxa Patildan keyin ikkinchi ayol prezidentga aylandi, Patil 2007 yildan 2012 yilgacha Hindiston rahbari bo‘lgan.

Murmu 64 yoshda va bungacha Hindiston sharqidagi Jarkhand shtatining gubernatori bo‘lgan. Murmu 1997 yilda munitsipal deputat bo‘lib ish boshlaganidan beri siyosatda. O‘shandan buyon u Milliy demokratik alyansdagi eng yirik o‘ngchi Bharatiya Janata partiyasining a’zosi bo‘lib, partiya rahbari — Nerendra Modi.

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Dunyo » Hindiston tarixida ikkinchi marta ayol kishi mamlakat prezidenti bo‘ldi