3 600
Istanbul kelishuvidan 24 soatdan kamroq vaqt o‘tib Odessa portiga raketa zarbalari berildi
Foto: Associated Press/Nina Lyashonok
Zarbalar Istanbulda Qora dengizdagi uchta portni ochib qo‘yish bo‘yicha kelishuv imzolangan kunning ertasiga amalga oshirilgan, deya xabar berdi Ukraina TIV. BMT, YEI, Germaniya va AQSH dengizdagi markazning o‘qqa tutilishini qoraladi.
Rossiya qo‘shinlari Odessa portiga raketa zarbalari berdi, deya ma’lum qildi «Yug» operativ qo‘mondonligi. Shu bilan birga, tajovuzkor «Kalibr» turidagi qanotli raketalarini qo‘llagan, deb xabar berdi qo‘mondonlik 23 iyul, shanba kuni ijtimoiy tarmoqlarda. «Ikkita raketa havo hujumidan mudofaa kuchlari tomonidan urib tushirildi, ikkitasi port infratuzilmasi ob’ektlariga tegdi», — deyiladi xabarda.
Ukraina TIV rasmiy vakili Oleg Nikolenkoning bildirishicha, zarbalar Istanbulda Qora dengiz portlaridan Ukraina donini eksport qilish bo‘yicha kelishuv tuzilganidan bir kun o‘tmasdan amalga oshirildi, shu sababli Moskva bu kelishuvlar va va’dalarni shubha ostiga qo‘ydi. «Rossiya raketasi - Vladimir Putinning kelishuvga erishish uchun katta sa’y-harakatlar qilgan BMT bosh kotibi Antoniu Guterrish va Turkiya prezidenti Rajab Toyyib Erdo‘g‘an yuziga tupurishi», deb yozdi u Facebook’da.
Shu bilan birga, TIVning Kiyevdagi vakili Ukraina Istanbulda erishilgan kelishuvlarni qat’iy bajarishga chaqirishini ta’kidladi. Agar ularga rioya qilinmasa, «Rossiya global oziq-ovqat inqirozining chuqurlashishi uchun to‘liq javobgarlikni o‘z zimmasiga oladi», deb qo‘shimcha qildi u.
Odessa dengiz porti hududidagi portlash va yong‘inlar haqida mahalliy Telegram-kanallar ham xabar bermoqda. Deputat Oleksiy Goncharenko ham shahar osmonidagi havo jangi haqida xabar berdi. Avvalroq shaharda ogohlantirish signali e’lon qilingan edi.
BMT bosh kotibi Antoniu Guterrish Odessadagi portning o‘qqa tutilishini «qat’iy» qoraladi va RF, Ukraina hamda Turkiyani Ukraina doni va boshqa mahsulotlarni eksport qilish bo‘yicha kelishuvga rioya qilishga chaqirdi. Yevroittifoq ham buni qoralab chiqdi. «Istanbul kelishuvlari imzolanganidan bir kun o‘tib don eksporti uchun asosiy bo‘lgan joyga zarba berish ayniqsa qoralanadi va Rossiyaning xalqaro huquq hamda majburiyatlarga to‘liq e’tibor bermasligini yana bir bor ko‘rsatadi», — deya qayd etdi Yevroittifoqning tashqi siyosat va xavfsizlik bo‘yicha oliy vakili Jozep Borrel.
Ayni paytda, Germaniya tashqi ishlar vaziri Annalena Berbok Rossiya tomonining harakatlarini keskin qoraladi. «Odessa portiga qo‘rqoqlarcha qilingan raketa hujumlari Rossiya rahbariyatining imzosi hozir umuman muhim narsa emasligini ko‘rsatmoqda», — deya uning so‘zlaridan iqtibos keltirgan Reuters agentligi. Berbokning so‘zlariga ko‘ra, «hujum Ukraina doni eksporti uchun muqobil yo‘llar ustida qattiq ishlashni davom ettirish kerakligini ko‘rsatadi».
Shu bilan birga, portning o‘qqa tutilishi haqidagi xabarlar nuqtayi nazaridan Germaniya bundestagi RF prezidentiga ishonmaslikka chaqirdi. «Putinga ishonib bo‘lmaydi. Don bo‘yicha kelishuv imzolangan kunning ertasiga u Odessa portiga hujum qildi», - dedi bundestag raisi o‘rinbosari Katrin Gyoring-Ekkardt RND guruhi nashrlariga.
O‘z navbatida, AQSHning Kiyevdagi elchisi Brijit Brink Odessaga qilingan hujumni nomaqbul deb atadi va Rossiyani javobgarlikka tortishga chaqirdi. «Kreml oziq-ovqatdan qurol sifatida foydalanishda davom etmoqda», deb yozdi diplomat Twitter’da.
Bir kun avval Rossiya va Ukraina dengiz portlarida urush boshlanganidan beri to‘sib qo‘yilgan millionlab tonna Ukraina g‘allasini eksport qilish muammosini hal qilish bo‘yicha kelishuv imzolagan edi. Marosim Istanbulda Antoniu Guterrish vositachiligida va Rajab Toyyib Erdo‘g‘an ishtirokida o‘tkazildi. Rossiya va Ukraina o‘rtasidagi kelishuv birgalikda tuzilmadi, aksincha, tomonlarning har biri Turkiya va BMT bilan alohida hujjat imzoladi.
Bitim uchta port - Odessa, Chernomorsk va Yujniyning ochib qo‘yilishini nazarda tutadi, ulardan yaqin haftalarda Ukraina oziq-ovqatlari eksportini qayta tiklash rejalashtirilgan. Shu bilan birga, Turkiyada barcha tomonlar vakillaridan iborat inspeksiya guruhlari tuziladi, ular yuklar va Ukraina portlariga ketayotgan yoki undan chiqib ketayotgan kemalar ekipajlarini tekshirishni ta’minlaydi. BMT rahbari hujjatning imzolanishini «Qora dengizdagi umid chirog‘i» deb atadi. Guterrishning ta’kidlashicha, «kelishuv to‘liq amalga oshirilishi muhim». “Zamin” yangiliklarini “Vkontakti”da kuzatib boring
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosingMavzuga oid yangiliklar
KXDR Rossiyaga 100 minggacha harbiy yuborishi mumkin
Organizm o‘zini toksinlardan qanday tozalaydi?
Omega-3 qanday qilib ozishga yordam beradi?
Donald Tramp 27 yoshli Karolin Levittni Oq uy matbuot kotibi etib tayinlamoqchi
Endi operatsiyadan so‘ng kesmalar o‘rni ikki barobar tezroq bitishi mumkin
Apple dongdor ikki ayfonini rasman eskirgan deb e’lon qildi
Jo Bayden: “Ba’zan xotinim meni kosmosga jo‘natish bilan tahdid qiladi”
Buyrak salomatligi uchun eng foydali sabzavot...