date
views 1 913

Roman Abramovichning London imperiyasi sanksiyalar yomg‘iri ostida parchalanib ketdi

Roman Abramovichning London imperiyasi sanksiyalar yomg‘iri ostida parchalanib ketdi
Foto: Bloomberg
Bloomberg agentligi rossiyalik milliarder Roman Abramovich va uning sanksiyaga uchragan aktivlari haqida so‘z yuritdi.

Roman Abramovichning Londonning Kensington maydonidagi qaymoqrang saroyi mavjud. Yaqin qo‘shnilar orasida Britaniya Qirollik oilasi, po‘lat magnati Lakshmi Mittal va Warner Music Group egasi Len Blavatnik bor.

Bu rossiyalik milliarderning so‘nggi o‘n yilliklarda qo‘lga kiritgan Londondagi bir qancha aktivlaridan biri bo‘lib, shaharni boyligining markaziga aylantirishga yordam berdi.

Ammo so‘nggi oylarda uning Angliya poytaxtidagi aktivlari — «Chelsi» futbol klubidan tortib hashamatli uylarigacha Rossiyaning Ukrainaga bostirib kirishi ortidan sotildi yoki muzlatildi.

Mart oyida Buyuk Britaniya va Yevropa Ittifoqi tomonidan sanksiyaga uchragan Abramovichga so‘nggi zarba o‘tgan oy mojarodan oldin uning oilaviy ofisining bir qismi sifatida faoliyat yuritgan MHS (Services) kompaniyasini tugatish to‘g‘risidagi ariza bo‘ldi.

Bloomberg Billionaires Index ma’lumotlariga ko‘ra, uning Londondagi asosiy aktivlari urushdan oldin taxminan 4 milliard funt sterling (4,8 milliard dollar) edi — o‘sha paytdagi umumiy boyligining deyarli uchdan bir qismi.

Londondagi ibtido
Rossiya va Ukraina o‘rtasida tinchlik o‘rnatishga harakat qilgan va Yevropa Ittifoqi sanksiyalariga qarshi kurashayotgan 55 yoshli Abramovich Sovet Ittifoqi parchalanganidan keyin London iqtisodiyotiga milliardlab sarmoya kiritgan eng nufuzli rossiyalik oligarxlardan biri bo‘lgan.

U 2003 yilda «Chelsi» futbol klubini 140 million funt sterlingga sotib oldi va uni may oyida Buyuk Britaniya hukumati tomonidan tekshirilgan kelishuvga binoan sotishdan oldin 1 milliard funt sterlingdan ko‘proq moliyalashtirdi. Bu mablag‘ning bir qismi Ukrainadagi yordam sa’y-harakatlarini qo‘llab-quvvatlashga yo‘naltirildi.

«Chelsi» uchun Todd Beyli boshchiligidagi klubning yangi egalari 2,5 milliard funt sterling to‘lashga rozi bo‘ldi va qo‘shimcha investitsiyalar uchun yana 1,75 milliard funt sterling va’da qildi.

«Buyuk Britaniyaning sanksiyalar ro‘yxatiga kirishidan biroz oldin Abramovich Londondagi ikkita mulkni bo‘shatishga harakat qildi», dedi britaniyalik deputat Kris Brayant parlamentda.

Ulardan biri uning Kensingtondagi saroyi bo‘lgan. Bu haqda ma’lumotga ega bo‘lgan shaxsning so‘zlariga ko‘ra, ikkinchisi Chelsi Vaterfrontdagi penthaus edi.

Abramovichning Kensingtondagi hashamatli uyi
Foto: Bloomberg

Abramovich Buyuk Britaniya sanksiyalari ostida bo‘lgan paytda mulkni sotolmasdi. Uning mamlakatdagi naqd pullari hisob varaqlarda muzlatib qo‘yilgan.

Oligarx, shuningdek, urushdan oldin ro‘yxatga olingan eng katta aktivi bo‘lgan Evraz po‘lat zavodidagi ulushini ham sotish imkoniga ega emas.

May oyida Buyuk Britaniya tomonidan sanksiya qilingan kompaniya aksiyalari bu yil 87 foizga tushib ketdi, u hukumat ro‘yxatiga kiritilganidan ko‘p o‘tmay muzlatildi.

Londondagi Sibylline konsalting kompaniyasining Yevrosiyo razvedkasi bo‘yicha tahlilchisi Liana Semchuk shunday deydi: Hatto sanksiyalar bekor qilingan taqdirda ham Abramovichning Buyuk Britaniya va Yevropa Ittifoqiga qaytish yo‘lini topish juda qiyin bo‘ladi.

Abramovich Londondagi sarmoyalarini 2000 yillarning boshlarida sobiq Sovet Ittifoqidan sotib olingan xususiylashtirilgan aktivlarni, jumladan, neft giganti «Sibneft»ni sotishdan boylik orttirganidan so‘ng o‘zlashtira boshlagan.

U 2001 yil oxirida o‘zining Millhouse nomli oilaviy ofisining London bo‘limini ochdi va farzandlarini Angliyadagi maktabga yubordi.

Rossiyalik milliarder, shuningdek, London penthaus, Sasseks mulki va Belgravia uylarini sotib oldi. Uning Buyuk Britaniyaga tashrifi «Chelsi»ni sotib olgandan so‘ng tez-tez sodir bo‘la boshladi. O‘sha yili u alyuminiy aktivlarining asosiy qismini boshqa oligarx Oleg Deripaskaga sotdi.

- Abramovich ingliz futbolida sovrin qo‘lga kiritgan birinchi xorijlik klub egasi edi. U futbolda inqilob qildi, — dedi Liverpul universitetining futbol moliyasi o‘qituvchisi Kiran Maguayr.

Buyuk Britaniyadan tashqarida Abramovichning aktivlari orasida Fransiya va Rossiyadagi uylar, shuningdek, AQSHda sanksiyalar buzilganligi sababli qonuniy kurash olib borilayotgan superyaxtalar va shaxsiy samolyotlar mavjud.

Bundan tashqari, u 100 dan ortiq fond va xususiy kapital firmalariga sarmoya kiritgan.

Xavfsizlik harakatlari
Abramovich Rossiya va Ukraina o‘rtasidagi urushdan so‘ng Yevropadagi ehtimoliy aktivlarini musodara qilishning oldini olish uchun ikkita yaxtasini Turkiyaga ko‘chirdi.

Abramovichga tegishli bo‘lgan Solaris superyaxtasi
Foto: Bloomberg
U bu yil Dubayning eksklyuziv Palm-Jumeyrasidan uy sotib oldi. Abramovichning shaxsiy samolyotlari esa mart oyidan beri Dubay yoki Moskvada qolmoqda.

Urush boshida Abramovich Putin bilan uchrashgan va tinchlik muzokaralarini davom ettirish uchun prezidentdan ruxsat olgan.

Mart oyi boshida Kiyevda bo‘lib o‘tgan muhokamalardan so‘ng, Abramovich avvaliga kelishuv istiqbollariga optimistik qaragani aytilgan.

Muzokaralar keyinchalik to‘xtab qoldi. O‘tgan oy esa ikki mamlakat global oziq-ovqat ta’minotini mustahkamlashga yordam berish bo‘yicha kelishuvga erishdi.

Abramovich so‘nggi o‘n yil ichida Londonda ro‘yxatdan o‘tgan kichikroq korxonalarga, jumladan, toza yoqilg‘i texnologiyalari bo‘yicha Velocys Plc va AFC Energy Plc kompaniyalariga sarmoya kiritdi.

Jahon fuqarosi
U 2018 yilda Britaniya vizasini yangilashda kechikishlarga duch kelganidan so‘ng, bu garovlarning bir qismini bekor qila boshladi.
Abramovich o‘sha yili Isroil fuqaroligini oldi va yangi «Chelsi» stadioni uchun rejalarini to‘xtatdi.

2021 yilda u Pireney yarim orolidan chiqarib yuborilgan Sefard yahudiylarining avlodlariga fuqarolikni taklif qiluvchi qonunga binoan Portugaliya fuqaroligini oldi. Portugaliya qaror yuzasidan surishtiruv ochgan edi.

Foto: Bloomberg
Abramovichning «Chelsi» o‘yinlarida paydo bo‘lishi kamroq sodir bo‘la boshladi. U o‘zining Knsington Square Gardens’dagi uyini 2009 yilda Kembrij gersogi va gersoginyasining rasmiy qarorgohi yaqinida 90 million funt sterlingga sotib olgan.

O‘shandan beri milliarder bir vaqtlar Sovet elchixonasi bo‘lgan binoda keng ko‘lamli ta’mirlash ishlarini olib bordi.

Bloomberg agentligining aniqlashicha, hozirda ushbu hashamatli uyda hayot avvalgidek qaynamayapti. Yaqin atrofdagi hovlilardan farqli Abramovichning uyidagi barcha pardalar to‘liq yopilgan.

- Sanksiyalar Abramovich kabi oligarxlar orasida norozilik uyg‘otish va ularni Putinga bosim o‘tkazishga majburlash edi, — deydi tahlilchi Liana Semchuk.

Uning aytishicha, London eshiklari Roman Abramovichga yopiqligi sababli u Putinga yanada qaram bo‘lib qoldi. Sanksiyalar esa uni Rossiyaga qaytarmoqda.
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Dunyo » Roman Abramovichning London imperiyasi sanksiyalar yomg‘iri ostida parchalanib ketdi
-->