Xorvatiya o‘zbekistonliklarga 1000 yevro maosh va bepul turar joy taklif qilmoqda

QisqachaAI yordamida tayyorlanganKo‘rsatish
- Migratsiya agentligi Xorvatiyadagi qurilish sohasida ishlash uchun o‘zbekistonlik mutaxassislardan beshta bo‘sh ish o‘rniga nomzodlar qabul qilinishini e’lon qildi.
- Ish beruvchi xodimlarga oyiga 1000 yevro maosh, bepul turar joy va ovqatlanish uchun 80 yevro miqdorida kompensatsiya taklif qilmoqda.
- Nomzodlar 25 yoshdan 45 yoshgacha bo‘lishi, qurilish sohasida ikki yillik tajribaga hamda o‘rta darajadagi ingliz tili ko‘nikmasiga ega bo‘lishi talab etiladi.
O‘zbekiston fuqarolari uchun Xorvatiyada qurilish sohasida ishlash imkoniyati paydo bo‘ldi. Migratsiya agentligi ushbu mamlakatda mehnat faoliyatini olib borish istagida bo‘lgan mutaxassislar uchun beshta bo‘sh ish o‘rnini e’lon qildi. Ish beruvchi xodimlarga oyiga 1000 yevro maosh to‘lash, bepul turar joy ajratish hamda ovqatlanish xarajatlari uchun qo‘shimcha kompensatsiya berishni taklif qilmoqda. Bu haqda agentlik axborot xizmati xabar berdi.
Ma’lum qilinishicha, vakansiyalar qurilish ishchilari va maxsus texnika haydovchilari uchun mo‘ljallangan. Jami besh nafar nomzod ishga qabul qilinishi rejalashtirilgan. Oylik ish haqi soliqlar va majburiy ajratmalar ushlab qolinganidan keyin 1000 yevroni tashkil etadi.
Ish vaqti haftasiga 40 soat etib belgilangan. Belgilangan vaqtdan tashqari qo‘shimcha ishlagan xodimlarga esa 30 foiz miqdorida ustama haq to‘lanadi. Mehnat shartnomasi dastlab 12 oy muddatga tuziladi, biroq uni keyinchalik uzaytirish imkoniyati ham mavjud. Ish haqi har oyda bank orqali xodimlarning hisob raqamiga o‘tkazib beriladi.
Nomzodlarga qanday talablar qo‘yilgan?
Xorvatiyadagi bo‘sh ish o‘rinlariga da’vogarlik qiluvchilar quyidagi talablarga javob berishi lozim:
25 yoshdan 45 yoshgacha bo‘lish;
tegishli yo‘nalish bo‘yicha o‘rta maxsus kasbiy ma’lumotga ega bo‘lish;
qurilish sohasida kamida ikki yillik ish tajribasiga ega bo‘lish;
ingliz tilini o‘rta darajada bilish;
tibbiy ko‘rikdan o‘tgan va mehnat faoliyatini bajarish uchun sog‘lig‘i jihatidan yaroqli bo‘lish.
Shu bilan birga, xorvat tilini A1 darajasida bilish nomzodlar uchun qo‘shimcha ustunlik hisoblanadi.
Ish beruvchi xodimlarni turar joy bilan bepul ta’minlaydi. Bundan tashqari, ovqatlanish bilan bog‘liq xarajatlarni qoplash maqsadida har oy 80 yevro miqdorida kompensatsiya ajratiladi.
Ishga qabul qilish jarayoni bir necha bosqichda amalga oshiriladi. Nomzodlar taqdim etgan rezyume va videotaqdimotlari asosida saralanadi. Keyingi bosqichda ular bilan onlayn suhbat o‘tkaziladi. Saralash jarayoni 2026 yil 1 dekabrga qadar davom etadi.
Obuna bilan reklama bo'lmaydi
Zamin Premium — oyiga 4 900 so'm
Mavzuga oid yangiliklar
































Izohlar0
…