Foto: Rossiya Federatsiyasi Tergov qo‘mitasi
Faylasuf Aleksandr Duginning qizi Darya 20 avgust kuni kechqurun avtomobili portlashi oqibatida halok bo‘lgan edi. Ukraina rasmiylari bunga aloqadorligini rad etishdi.
Moskva viloyatida avtomobil portlashi oqibatida halok bo‘lgan faylasuf Aleksandr Dugin qizining o‘ldirilishiga Ukrainaning hech qanday aloqasi yo‘q, dedi Ukraina prezidenti devoni rahbari maslahatchisi Mixail Podolyak.
Darya Dugina 20 avgust kuni kechqurun halok bo‘ldi. O‘zini o‘zi e’lon qilgan Donetsk Xalq Respublikasi rahbari Denis Pushilin uning o‘limida «Ukraina rejimi terrorchilari» aybdor ekanini aytdi.
«Ta’kidlayman, albatta, Ukrainaning bunga hech qanday aloqasi yo‘q», — dedi Podolyak.
Agar Darya Duginaning o‘limiga Ukrainaning aloqadorligi tasdiqlansa, u holda «Kiyev rejimi tomonidan amalga oshirilayotgan davlat terrorizmi siyosati» haqida gapirish kerak, deb yozdi Rossiya TIV matbuot kotibi Mariya Zaxarova Telegram kanalida.
«Yillar davomida yetarli faktlar to‘plandi: zo‘ravonlikka siyosiy chaqiriqlardan tortib, Ukraina davlat tuzilmalarining jinoyatlarda rahbarligi va ishtirokigacha», dedi u va tergov natijalarini kutish kerakligini qo‘shimcha qildi.
Dugina 20 avgust kuni kechqurun Moskva viloyatida avtomobili portlashi oqibatida vafot etdi. Tergov ma’lumotlariga ko‘ra, avtomobilning haydovchi tomon ostiga portlovchi moslama o‘rnatilgan. Voqea bo‘yicha Tergov qo‘mitasi tomonidan Jinoyat kodeksining 105-moddasi (umumjamiyat uchun xavfli tarzda sodir etilgan qotillik) bo‘yicha jinoyat ishi ochilgan.
Aleksandr Dugin va uning qizi Darya Moskva viloyatining Zaxarovo qishlog‘idagi «Traditsiya» festivaliga borishgan. Ular Moskvaga birga qaytishni rejalashtirishgan, ammo so‘nggi lahzada Dugin boshqa avtomobilga o‘tirgan. Bu esa uning hayotini saqlab qolgan. Festivaldan qaytishda Darya halok bo‘lgan.
Tergov qo‘mitasi Duginaning o‘ldirilishi buyurtma asosida bajarilgan deb hisoblamoqda. Katta ehtimol bilan asosiy nishon Darya emas, balki uning otasi bo‘lgan.
Aleksandr Dugin faylasuf va konservativ publitsist, «Rus dunyosi» va neoyevrosiyo mafkurasining targ‘ibotchilaridan biri sifatida tanilgan. U Rossiyaning qo‘shni davlatlar ustidan hukmronlik qilishi kerakligi, AQSH va NATO ta’siriga qarshi turishi lozimligi haqidagi g‘oyalar tarafdori hisoblanadi. Dugin ko‘p yillar davomida Moskvani jahon sahnasida yanada tajovuzkor bo‘lishga chaqirib kelgan.
G‘arb ommaviy axborot vositalari uni zamonaviy Rossiyaning asosiy mafkurachilaridan biri, unga Vladimir Putin, Kreml rasmiylari va ko‘plab amaldorlar quloq soladi deb hisoblaydi.
2014 yilda Dugin Ukrainaga qarshi keskin bayonotlar bilan chiqqan, 2 may kuni Odessada yuz bergan fojiali voqealarni sharhlab, «o‘ldirish, o‘ldirish va yana o‘ldirish»ga chaqirgan edi. U Ukrainadagi urushni to‘liq qo‘llab-quvvatlab kelmoqda.
Dugin 2014 yildan buyon Yevropa Ittifoqining sanksiyalar ro‘yxatida, 2015 yildan esa Qrimning Rossiyaga qo‘shib olinishiga aloqadorlikda gumon qilinib, AQSH va Kanada sanksiyalar ro‘yxatiga kiritilgan.
Qizi Darya otasining mafkurasini to‘liq qo‘llab-quvvatlab kelayotgan va uning o‘ng qo‘liga aylangan edi. Otasi bilan birga u falsafa va siyosatshunoslik bo‘yicha ma’ruzalar o‘qigan. Dugin asos solgan Xalqaro Yevroosiyo Harakatida siyosiy kuzatuvchi bo‘lib ishlagan. Kremlparast hisoblanadigan RT va «Sargrad» uchun Darya Platonova taxallusi bilan siyosiy maqolalar yozgan.
AQSH va Buyuk Britaniya rasmiylari uni noto‘g‘ri ma’lumot tarqatishda ayblab, sanksiyalar ro‘yxatiga kiritgan edi. “Zamin” yangiliklarini “Youtube”da kuzatib boring
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosingMavzuga oid yangiliklar
KXDR Rossiyaga 100 minggacha harbiy yuborishi mumkin
Global ochlik va qashshoqlikka qarshi kurash alyansiga 82 mamlakat a’zo bo‘ldi
Tyumen oblastiga O‘zbekistondan mehnat migrantlari ishga jalb qilinadi
Xatolar va mag‘lubiyatlar... ular kechiriladimi?
Omega-3 qanday qilib ozishga yordam beradi?
O‘zi choy damlaydi va suhbatlashadi: dunyodagi birinchi “aqlli” choynak taqdim etildi (video)
Ijtimoiy tarmoqlar davrida ruhiy salomatlikni qanday saqlash mumkin?
Turkiya Isroil prezidenti samolyotini havo hududiga kiritmadi