
Foto: Reuters
AQSH prezidenti Jo Bayden Rossiya rahbari Vladimir Putinni Ukrainada kimyoviy yoki taktik yadro qurolidan foydalanish fikridan voz kechishga chaqirdi.
"Kerak emas. Kerak emas. Kerak emas. Siz urushning qiyofasini o‘zgartirib yuborasiz", - dedi Bayden CBS telekanaliga bergan intervyusida “Putin ana shunday imkoniyat haqida o‘ylaganda unga nima degan bo‘lardingiz” degan savolga javoban.
Shu bilan birga, Bayden Rossiya shunday yo‘l tutgan taqdirda AQSHning javobi qanday bo‘lishi haqidagi savolga aniq javob aytmadi.
"Agar nima bo‘lishini bilganimda sizga aytarmidim?, – dedi u jurnalist Skott Pelliga. – Albatta aytmayman. Buning oqibatlari bor".
Uning qo‘shimcha qilishicha, Rossiya Ukrainada kimyoviy yoki taktik yadro qurolini qo‘llaydigan bo‘lsa, "avvalgidan ham battar quvg‘indiga aylanadi".
17 sentabr kuni Vladimir Putinning matbuot kotibi Dmitriy Peskov jurnalistlarning Moskva Ukrainada yadro qurolidan foydalanishi mumkinligi to‘g‘risidagi savoliga "Doktrinani o‘qing. Unda hammasi yozilgan", deb javob qaytardi.
Doktrinada Rossiya yadro qurolidan unga yoki ittifoqchilariga yadro quroli bilan hujum qilingan taqdirda foydalanishi mumkinligi aytilgan.

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosingMavzuga oid yangiliklar