00:20 / 21.09.2022
2 456

Duma ommaviy harbiy safarbarlik e’lon qilish uchun asos tayyorladi. Bunga reaksiya qanday bo‘lmoqda?

Duma ommaviy harbiy safarbarlik e’lon qilish uchun asos tayyorladi. Bunga reaksiya qanday bo‘lmoqda?
Foto: Vadim Axmetov / URA.RU / TASS
20 sentyabr kuni Rossiya Davlat dumasi Jinoyat kodeksiga «safarbarlik», «harbiy holat» va «harbiy davr» tushunchalarini kiritish to‘g‘risidagi tuzatishlarni qabul qildi. Shuningdek, Jinoyat kodeksi «ko‘ngilli ravishda asirga tushish» (10 yilgacha ozodlikdan mahrum qilish) va «talonchilik» (15 yilgacha) moddalari bilan to‘ldiriladi, harbiy qismni o‘zboshimchalik bilan tark etganlik uchun jazo kuchaytiriladi.

«Meduza» siyosatchilar, siyosatshunoslar va jurnalistlarning yangi tuzatishlar yuzasidan fikrlarini to‘pladi.

Olga Kovitidi - Federatsiya kengashi senatori, tuzatishlar hammuallifi

Bugun safarbarlik to‘g‘risidagi qonun qabul qilingani to‘g‘risida bayonotlar juda ko‘p. Yo‘q. Mazkur qonunga keladigan bo‘lsak – mamlakatda safarbarlik e’lon qilinmadi.

Ivan Pavlov - Advokat, «Perviy otdel» huquqni himoya qilish loyihasi asoschisi

Duma Jinoyat kodeksiga tuzatishlarni kosmik tezlikda ko‘rib chiqdi va qabul qildi. Ehtimol, yaqin vaqt ichida Putinning ta’biri bilan aytganda, hali haqiqiysi boshlanmagan narsa boshlangani haqida e’lon qilinadi.

Minuslari – aniq. Plyusi bitta — tez orada urushni ma’muriy va jinoiy javobgarlikka tortilishdan qo‘rqmasdan urush deb atash mumkin bo‘ladi.

Viktor Sobolyov - Duma deputati, mudofaa bo‘yicha qo‘mita a’zosi (yangi tuzatishlar qabul qilinishi uchun ovoz bergan)

Bu masalalar allaqachon pishib yetilgandi. Harbiylarimiz harbiy harakatlarga muvofiq qonunlar sharoitida jang olib borishi uchun ular havodek muhim.

Bu hozircha harbiy davr emas. Bizda tinchlik davri, lekin «maxsus harbiy operatsiya» o‘tkazilmoqda. Rossiyaga qarshi gibrid urush olib borilmoqda: diplomatik, siyosiy, iqtisodiy, sport, madaniyat darajasida. Ular – kollektiv G‘arb bizga qarshi gibrid urush e’lon qildi. Biz mana shu urushdamiz. O‘zgaruvchan muvaffaqiyat bilan. Ammo hozir tinchlik davri.

Andrey Yermak - Ukraina prezidenti ofisi rahbari

Faqat bolalar va tinch aholiga qarshi urush qila oladiganlardan tahdidlar va «referendumlar», «safarbarlik» bilan qo‘rqituvchi ochiqcha shantaj.

Mag‘lub bo‘lish xavotiri shunday bo‘ladi. Dushman qo‘ryapti, manipulyatsiya qilmoqda. Ukraina Rossiya masalasini hal qiladi. Tahdidni faqat kuch bilan bartaraf qilish mumkin.

Yekaterina Shulman - Siyosatshunos

Yaxshi, bu safarbarlik uchun qog‘ozli asos: yangi hududlar qo‘shib olinadi, ularga hujum qilinadi, endi biz agressor emas, agressiya qurbonlarimiz, bu harbiy holat va safarbarlikka asos bo‘ladi, maasalan, qisman. Dushman chegaramizda, bu chegaralarni himoya qilish kerak. Yarim yil shunchaki jang olib bordik, hali hech narsani boshlamadik, endi esa boshlaymiz va bu gal avvalgidek bo‘lmaydi, hammasi uch kun ichida tugaydi.

Hammasi zo‘r, faqat bir muammo bor: hududlarni rasmiylashtirish, safarbarlik va integratsiya vaqt talab qiladi.

Lev Shlosberg - Siyosatchi, «Yabloko» partiyasining Pskovdagi bo‘limi rahbari

Qabul qilingan tuzatishlar Stalinning Jinoyat kodeksini so‘zma-so‘z qaytarganini sezmaslik mumkin emas, jumladan, Ikkinchi jahon urushi davrida qabul qilingan to‘g‘ri GULAGga jo‘natuvchi tuzatishlarni.

Aleksandr Baunov - Siyosatshunos, Karnegi fondi ilmiy xodimi

Bugun dumaga hech qanday tayyorgarliklarsiz va e’lonlarsiz Jinoyat kodeksiga Rossiyani safarbarlikka yo‘llaydigan hamda keskin jazolar ko‘zda tutilgan tuzatishlar kiritildi va birdaniga uchta o‘qishda qabul qilindi.

Rossiya tarkibiga kirish bo‘yicha «shoshilinch» referendumlar o‘tkazish va referendumlar o‘tkaziladigan muddatlarni belgilash bir narsani anglatadi: biz bilan Ukrainada urushishga qaror qildingiz, endi Rossiyada jang qilib ko‘ring. Bunga qaror qila olishmaydi degan umidda.

Xorij qo‘shinlarining Rossiya chegarasini kesib o‘tishi Putinga «maxsus operatsiya»ni urushga aylantirish va safarbarlik choralariga o‘tish, Ukrainaning ilgari jazm qilinmagan ob’ektlariga zarba berish va hatto yadro quroli bilan tahdid qilish huquqini beradi.

Bu qadamni Putin Samarqanddagi SHHT sammitida g‘arbiy bo‘lmagan mamlakatlarning qo‘llab-quvvatlashi va ma’qullashini olgani bilan bog‘lashmoqda. Menimcha esa, aslida buning aksi. U g‘arbiy bo‘lmagan mamlakatlardan buni tezroq tugatish va butun g‘arbiy bo‘lmaganlar nomidan gapirishni to‘xtatish to‘g‘risida signal oldi. Xitoyning Rossiyaga savollari borligi to‘g‘risidagi gap tashqariga kamdan kam chiqadi, lekin u yerda chiqdi. Va aynan Xitoyning tashabbusi bilan. Putin markaziy osiyolik ittifoqchilarining ham qo‘llab-quvvatlashi susayganini ko‘rdi.

Bularning bari foyda va zararni aniqlab, iloji boricha tezroq tugatish uchun. Agarda tugamasa, buning uchun aybni boshqalarga yuklash va o‘z hujumini mudofaa urishiga aylantirish.

Aleksandr Dugin - Faylasuf va siyosatshunos, «rus dunyosi» mafkurasining asosiy tarafdorlaridan biri

Eng muhim va oson bo‘lmagan qaror qabul qilindi. Bizning barcha qurbonlarimiz bejiz emas. Davlat va xalq barrikadaning bir tomonida. Qarshi tomonda esa – ashaddiy dushman.

Yirtqich raqibga qarshi eng beshafqat urushda ham qalbni yo‘qotmaslik muhim. Biz Xudo va Osmon, Yer va Qalb tomonida jang qilyapmiz. Buning uchun rus yuraklaridan qon oqmoqda.

Tatyana Stanovaya - Siyosatshunos

Agarda G‘arb va Ukraina «keragidek» javob bermasa, safarbarlik bo‘ladi. To‘laqonli urushga tayyorgarlik. Bu Putinning Ukrainaga nisbatan mantig‘ida jiddiy burilish.

Men Ukraina hududlarining qo‘shib olinishi yadroviy urushning boshlanishi degan fikrdan butkul yiroqman. Qo‘shib olish Putinga Rossiya hududini himoya qilish uchun yadro qurolidan foydalanish bilan tahdid qilish huquqini beradi.

Voqealar rivoji shunday: (1) zudlik bilan qo‘shib olish; (2) janglarning kuchayishini Kreml tomonidan Rossiyaga hujum qilish deb baholash; (3) safarbarlik; (4) Ukraina taslim bo‘lishni rad etgan taqdirda yadro qurolidan foydalanish bilan tahdid qilish.

Igor Strelkov (Girkin) - «DXR»ning sobiq mudofaa vaziri

Shubhalanmasak ham bo‘ladi — shoshilinch tartibda qisman safarbarlik uchun yuridik asoslar yaratiladi. Shu bilan bir vaqtda, zudlik bilan «LDXR», Xerson va Zaporijjya oblastlarining Rossiyaga qo‘shilishi to‘g‘risida referendumlar o‘tkazish uchun asoslar tayyorlanadi.

Taxminimcha:

1. Bu harakatlar Rossiya rahbariyati baribir (yetti oydan so‘ng! Avvalgi sakkiz yilni hisobga olmasdan) Ukrainadagi urushning «total» tusga ega ekanligini va «rostakamiga» jang qilishga tayyorlanish kerakligini anglab yetganligini bildiradi.

2. Endi esa, yuqoridagidan kelib chiqib — sobiq «kiyevlik hurmatli hamkorlar» o‘zlarining yangi hujumlarini amalga oshirishga shoshishlariga to‘g‘ri keladi. Endi «hamkorlar»da safarbar qilinganlar bizning abgor bo‘lgan, lekin butunligini saqlab qolgan armiyamizni to‘ldirmasdan turib uni yakson qilishga urinish uchun bir yarim-ikki oy vaqt bor.

Dmitriy Kolezev - Republic nashri bosh muharriri

Menimcha, Putin safarbarlik va «total urush» bilan tahdid qilmoqda, aslida esa buni e’lon qilishga tayyor emas. Albatta, hech narsani istisno qilib bo‘lmaydi, lekin bu Kreml oxirgi damgacha ortga suradigan variant bo‘lib ko‘rinmoqda. Hattoki bundan foydalangan taqdirda ham bu urushda g‘olib chiqishga yordam berishi aniq emas.

O‘ylashimcha, bu hozir uchta tomonga berilgan signal: G‘arbga («Ukrainani muzokaralar stoliga o‘tqizing»), Rossiya ichidagi haybarakallachi vatanparvarlarga («Biz hali boshlamadik, mana boshlayapmiz, kuting!») va Xerson, «DXR» hamda «LXR»dagi kollaborantlarga («Qochmang, Ukraina qurolli kuchlariga taslim bo‘lmang, sizni tez orada himoya qilamiz»).

Ivan Kurilla - Sankt-Peterburgdagi Yevropa universitetining siyosiy fanlar fakulteti professori

Tikilgan dov yiriklashmoqda. Buning birinchi natijasi Rossiyadagi odamlarni, ikkinchisi G‘arbni qo‘rqitish bo‘lishi kerak, ana undan keyin esa urush avj olishi.

Dovning kattalashishi — «urush partiyasi»ning frontdagi mag‘lubiyat va mamlakatdagi noroziliklarga javobi. Bu oxirgi ikki hafta ichida anchagina sezildi.

arenda kvartira tashkent
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Dunyo