19:53 / 30.09.2022
1 961

Vanda Nara Ikardini "chopib" ketdi

Vanda Nara Ikardini "chopib" ketdi
Hozirda “Galatasaroy” jamoasi sharafini himoya qilayotgan Mauro Ikardi turmush o‘rtog‘i va agenti sanalgan Vanda Nara bilan rasman ajrashganini e’lon qildi. Aslida, bu haqdagi xabarlar 2021 yilning oxiriga kelib urchib ketgan edi. Yaqinda Vanda o‘z ijtimoiy tarmoqlari orqali barchasini tasdiqladi.

Ancha avvalroq bu juftlikning orasi buzilgani borasidagi ma’lumotlar paydo bo‘lgani rost. O‘tgan yilning noyabr oyidagi janjal ko‘pchilikning yodidan ko‘tarilgani yo‘q. O‘shanda Nara turmush o‘rtog‘ini fotomodel China Suares bilan ishqiy munosabatda ekanlikda ayblagan va ajrashmoqchiligini e’lon qiladi. Vaziyat keskinlashganini ko‘rgan Mauro darrov reaksiya bildirdi. Bildirganda ham, o‘z erkini qo‘sh-qo‘llab Naraga topshirdi. Unga ko‘ra, Ikardi o‘zining shartnomasini to‘liqligicha turmush o‘rtog‘i nomiga o‘tkazib berdi. Bu ham yetmaganidek, o‘z hisobidagi barcha mol-mulkni 2050 yilga qadar Vanda qo‘lida bo‘lishini anglatuvchi qog‘ozga imzo chekdi.

2022/23 yilgi mavsum boshida jamoa postini qabul qilib olgan Kristofer Galte PSJda Ikardiga joy yo‘qligini aytdi. Avvaliga, futbolchining agenti klub bilan janjallashdi. Katta kompensatsiya to‘lashi mumkinligi bilan po‘pisa ham qildi, ammo yakunda eri uchun yangi jamoa izlashni boshladi. Har holda, bu ishdan kelib tushadigan daromadning deyarli barchasi uning hisob raqamiga borib tushadi-ku!

Aslida, variantlar orasida kuchli beshlik a’zolari yetarlicha edi, biroq Vanda Turkiyani tanladi. U shaxsan o‘zi muzokaralarda ishtirok etish maqsadida bir necha kun davomida Istanbul shahrida bo‘ldi. “Fenerbaxche” va “Galatasaroy” bir vaqtda qiziqish bildirgani uchun tanlov oson bo‘lmadi. “Mundo Deportivo” nashrining ma’lum qilishicha, Nara mijozi uchun yaxshigina sharoit yaratib bergan:

Sutkaning istalgan paytida foydalanish mumkin bo‘lgan avtoulov va haydovchi!

Futbolchining diyetasini buzib qo‘ymaslik uchun maxsus tahsil olgan professional oshpaz.

Istanbulning eng tinch tumanida joylashgan ulkan uy va to‘liq qo‘riqlash xizmati!

Umuman olganda, “Galatasaroy”ga o‘tishni ortga tashlangan qadam deb bo‘lmaydi. Sababi, futbolchi Turkiyaga bir yillik ijara asosida tashrif buyurdi. Mauroning klubdagi 12 oylik maoshi 6,75 million yevroni tashkil etadi. E’tiborlisi, bu summaning 6 millionini Parij jamoasi to‘laydi. Tan olish lozim, Nara o‘z mijozi uchun anchagina foydali kelishuvga erishdi.

U progmatik ayol. Argentinaning bir nechta nashrlari ushbu juftlikdagi sevgi manfaatlar ustiga qurilgani haqida bir necha bor yozgan edi. Nara xuddi avvalgi eri – Maksi Lopes singari Mauroni ham biznes-aktiv o‘rnida qabul qildi. Yodingizda bo‘lsa, tomonlar ajrashgach, farzandlarini o‘zi bilan olib qolgan Nara Maksidan 2 million yevro ham undirishga muvaffaq bo‘lgandi.

Bechora Mauro bundan ham og‘irroq ahvolda. Uning daromadi 2050 yilga qadar sobiq turmush o‘rtog‘ining tasarrufida bo‘ladi. Argentinalik hujumchi uzoqni ko‘ra olmagani uchun taqdir tomonidan shunday jazoga loyiq ko‘rilmoqda. Achinarlisi shundaki, Ikardi deyarli 5 yil davomida o‘z erkini to‘liqligicha bir ayolga topshirib qo‘ydi va yakunda tanazzulga yuz tutdi. Karerasi, kelajagi va terma jamoadagi o‘rnidan ayrildi.

G‘alati eshitilishi mumkin, ammo Vanda Ikardining suvini siqib, ichib bo‘ldi. Hujumchi hozir 29 yoshda. Faoliyatida pasayish kuzatilayotgani fakt. Uning Parijdan Istanbulga ko‘chib o‘tgani so‘zimizga isbot bo‘lishi aniq.
Ko‘rinib turibdi-ki, Vanda deyarli foydasizga aylagan turmush o‘rtog‘idan qutilish uchun ayni vaqti ekanligini his qilgan. Shu bois, ortiqcha muammosiz hammasiga nuqta qo‘yib yubordi. Futbolchi hozir ayriliq azobini tortayotganini yashirib o‘tirmayapti. Ijtimoiy tarmoqlardagi sahifalariga sevgi haqidagi postlarni qo‘yishda davom etayotgan bir paytda, Nara kelajak uchun yangi rejalar qurayotgan bo‘lsa ne ajab?!

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Dunyo » Vanda Nara Ikardini "chopib" ketdi