
Ukraina qo‘shinlari ruslar tomonidan bosib olingan sharqiy qismidagi Liman shahrini egallab olganligini ma’lum qildi.
Bu voqea Putin Ukrainaning qariyb beshdan bir qismini, jumladan, Liman joylashgan Donetskni anneksiya qilgani va mintaqalarni Rossiya tasarrufiga olganini e’lon qilganidan bir kun o‘tib sodir bo‘ldi.
Bir necha soat avval Rossiya Mudofaa vazirligi «qamalda qolish xavfi yuzaga kelgani munosabati bilan» hududdan qo‘shinlarini olib chiqib ketayotganini ma’lum qilgandi.
Rossiya Donetsk viloyati shimolidagi operatsiyalari uchun Limandan logistika va transport markazi sifatida foydalangan. Uning ozod etilishi Ukrainaning o‘tgan oy shimoli-sharqidagi Xarkov viloyatida g‘alabasidan keyingi eng katta yutug‘idir.
Ukrainaning muvaffaqiyatlari Putinning amaldorlari, masalan, Checheniston viloyati rahbari Ramzan Qodirovni g‘azablantirdi.
«Mening shaxsiy fikrimcha, chegara hududlarida harbiy holat e’lon qilinishi va kichik quvvatdagi yadro qurolidan foydalanishgacha keskinroq choralar ko‘rilishi kerak», deb yozgan Qodirov Zelenskiy nutqi oldidan Telegramda.
Vashington yadro qurolidan har qanday foydalanishga keskin javob berishini aytmoqda.
AQSH armiyasining iste’fodagi generali Ben Xodjesning aytishicha, Rossiyaning Limandagi mag‘lubiyati Putin uchun katta siyosiy va harbiy sharmandalik bo‘ldi.
«Bu uning harakatlari noqonuniy ekanligi va uni amalga oshirish mumkin emasligiga yorqin oydinlik kiritadi», degan u.
Germaniya yaqin kunlarda Ukrainaga uchuvchisiz apparatlar hujumlarni qaytarishda yordam berish uchun to‘rtta zamonaviy IRIS-T havo hujumidan mudofaa tizimidan birinchisini yetkazib berishini aytdi.

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosingMavzuga oid yangiliklar