09:38 / 07.10.2022
1 085

AQSH «Vagner»ni Afrika resurslaridan foydalanishda aybladi

AQSH «Vagner»ni Afrika resurslaridan foydalanishda aybladi
Foto: Viktor Antonyuk
Qo‘shma Shtatlar «Vagner» xususiy harbiy kompaniyasi (XHK)ni Markaziy Afrika Respublikasi, Mali, Sudan va boshqa hududlarning tabiiy resurslaridan Rossiya harbiy operatsiyalarini moliyalashtirish uchun foydalanganlikda aybladi. Bu borada 6 oktabr, payshanba kuni AQSHning BMTdagi elchisi Linda Tomas-Grinfild bayonot berdi.

Uning so‘zlariga ko‘ra, «noqonuniy daromadlar Moskvaning Afrika, Yaqin Sharq va Ukrainadagi harbiy mashinasini moliyalashtirishga sarflanmoqda». Tomas-Grinfild BMT Xavfsizlik kengashining Afrikadagi noqonuniy savdo orqali qurolli guruhlar va terrorchilarni moliyalashtirishga qarshi qaratilgan yig‘ilishida: «Xato qilmang: Afrika bo‘ylab odamlar Vagner guruhining ekspluatatsion amaliyotlari va inson huquqlarini poymol qilishlari uchun katta narx to‘lamoqdalar», dedi.

Rossiyaning BMT Xavfsizlik kengashidagi doimiy vakili Vasiliy Nebenzya bunga javoban AQSH vakili «Rossiyaning afrikalik hamkorlarni qo‘llab-quvvatlashi» masalasini ko‘targanidan afsusda ekanini aytdi. «Bu ularning haqiqiy rejalari va maqsadlarini ochib beradi - ular Afrika davlatlaridan haqiqatan ham nimagadir muhtoj», - deya Nebenzya so‘zlarini keltirgan Reuters.

«Vagner» xususiy harbiy kompaniyasi jangarilari Suriya, Liviya, Ukraina va Markaziy Afrikada kuzatilgan. XHKning yollanma askarlari ko‘p yillar davomida Kreml tomonidagi turli qurolli to‘qnashuvlarda yashirin ishtirok etganlikda gumon qilingan.

Moskva har doim xususiy harbiylashtirilgan guruhlar bilan aloqalarini rad etib keladi. Shu bilan birga, Rossiya prezidenti Vladimir Putin bilan yaqin aloqador hisoblangan rossiyalik tadbirkor Yevgeniy Prigojin sentyabr oxirida «Vagner» XHK asoschisi ekanligini tan oldi. Uning so‘zlariga ko‘ra, 2014 yilning may oyida Donbass ayirmachilarini qo‘llab-quvvatlash uchun harbiylashtirilgan tuzilmani yaratgan.

arenda kvartira tashkent
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Dunyo