09:19 / 20.10.2022
1 223

Ukraina rasmiy ravishda Isroildan havo hujumidan mudofaa tizimlarini so‘radi

Ukraina rasmiy ravishda Isroildan havo hujumidan mudofaa tizimlarini so‘radi
Foto: Wikimedia
Ukraina rasmiy ravishda Isroildan Rossiya tomonidan ishlatilayotgan Eron hujumchi uchuvchisiz uchoqlari va kelajakda ballistik raketalariga qarshi turishga imkon beradigan havo hujumidan mudofaa tizimlarini so‘radi. Bu haqda Amerikaning Axios yangiliklar internet portali Ukrainaning Isroildagi elchixonasining ushbu mamlakat hukumatiga yo‘llagan tegishli xati nusxasini e’lon qilgan holda xabar berdi.

Hujjatda Kiyev so‘ragan qurollar orasida Iron Beam, Barak-8, Patriot, Iron Dome, David's Sling va Arrow Interceptor tizimlari nomi keltirilgan.

Maktubda Rossiyaning Eronda ishlab chiqarilgan uchuvchisiz uchoqlar yordamida Ukrainadagi shaharlar va fuqarolik infratuzilmalariga qarshi yangi hujum usulini qo‘llagani ta’kidlangan hamda OAVda Erondan Moskvaga Fateh va Zolfagar raketalari yetkazib berilgani haqida xabarlar keltirilgani aytilgan.

«Shu nuqtayi nazardan va tinch aholi himoyasini ta’minlash maqsadida Ukraina Isroilga havo va raketalarga qarshi mudofaa sohasida hamkorlikni boshlash to‘g‘risida rasmiy so‘rov yuboryapti», deyiladi xabarda.

Avvalroq Isroil mudofaa vaziri Beni Gans uning mamlakati Kiyevga qurol-yarog‘ yetkazib berishni hamon rad qilayotganini aytgandi. Gans Isroil Ukrainaga faqat tibbiy va gumanitar yordam ko‘rsatayotganini va kelajakda ham shunday qilishini ta’kidladi.

Bundan oldin Ukraina tashqi ishlar vaziri Dmitriy Kuleba Isroildan havo hujumidan mudofaa tizimlarini yetkazib berishni so‘rash niyatida ekanligini ma’lum qilgan edi. «Eron Isroil uchun qizil chiziqdir va Eron Ukrainaga qarshi tajovuz jinoyatiga bevosita sherik bo‘lganidan so‘ng, menimcha, Isroilda Ukrainaga yordam berish yoki yordam bermaslik borasida shubhasi bo‘lgan hech kim qolmaydi. Bu shubhalarni yo‘qqa chiqarish kerak», dedi u brifingda.

Ukraina rasmiylari Rossiyani so‘nggi haftalarda Eronda ishlab chiqarilgan Shahed-136 dronlaridan foydalangan holda Ukraina energetika infratuzilmasini o‘qqa tutishda ayblamoqda. Kiyevga ko‘ra, so‘nggi bir necha kun ichida Rossiya hujumlari oqibatida 70 dan ortiq odam halok bo‘lgan. Eron Rossiyaga o‘zining dronlari yetkazib berilayotganini rad etdi, Rossiya esa bu ma’lumotga izoh bermayapti.

Shu bilan birga, Ukraina hukumati Eron uchuvchisiz uchoqlarini yetkazib berish kengaytirilganini e’lon qildi: ularning birinchi partiyasi 300 dona, ikkinchi partiyasiga 2400 ta dron kiradi, dedi Ukraina prezidenti devoni rahbari maslahatchisi Aleksey Arestovich. Unga ko‘ra, Rossiya 2-3 oy davomida dronlardan foydalangan holda Ukrainaga hozirgi sur’atda hujum qilishi mumkin.

arenda kvartira tashkent
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Dunyo