
Illustrativ foto
Rossiya bosqinidan himoya qilish uchun Ukrainaga yuborilgan qurollar Finlandiya jinoiy guruhlari qo‘liga tushgan bo‘lishi mumkin. Bu haqda 30 oktabr, yakshanba kuni Finlandiya Markaziy jinoiy politsiyasi razvedka ma’lumotlariga tayanib ma’lum qildi. Gap, xususan, miltiqlar haqida ketayotgan bo‘lishi mumkin, dedi jinoyatlarni tergov qilishi bo‘yicha politsiya bo‘linmasi komissari Krister Ahlgren Yle davlat mediakompaniyasiga bergan intervyusida.
Unga ko‘ra, Ukrainaga mo‘ljallangan qurollar Shvetsiya, Daniya va Niderlandiyada ham topilgan. Yashirin qurol savdosi, shuningdek, uyushgan jinoyatchilikka aloqador xalqaro miqyosda faoliyat yurituvchi bayker klublari orqali ham amalga oshiriladi. Masalan, yirik global jinoyat sindikati hisoblangan Bandidos MC baykerlar klubining Ukraina har bir yirik shahrida filiallari bor, dedi Ahlgren. Uning qo‘shimcha qilishicha, qurollar Finlandiyaga dengiz orqali yetkazilgan bo‘lishi mumkin, chunki portlar aeroportlarga qaraganda kamroq nazorat qilinadi.
Ahlgren hozirgi vaziyatni 1990-yillardagi Yugoslaviya urushlaridan keyingi politsiya tajribasi bilan qiyosladi, o‘shanda kontrabanda qurollari ko‘plab Yevropa mamlakatlariga kirib bordi. «Ukraina katta miqdordagi qurol-yarog‘ oldi, bu yaxshi. Lekin biz ular bilan o‘nlab yillar davomida to‘qnash kelishimizga to‘g‘ri keladi. Bu biz to‘lashimiz kerak bo‘lgan narx», - dedi komissar.
Iyul oyida Yevropa Ittifoqi politsiya xizmati - Yevropol jinoiy guruhlar Ukrainadan Yevropa Ittifoqi mamlakatlariga «katta miqdordagi o‘qotar qurol va o‘q-dorilarni» kontrabanda yo‘li bilan olib kirishi mumkinligi haqida ogohlantirgan edi. Yevropol Ukrainani o‘qotar qurollar bilan tark etishga urinish holatlari haqida xabar berdi. Politsiya xizmati Ukrainaning Yevropa Ittifoqi bilan chegarasida kontrabanda uchun yashirin joylar tashkil etilganini ham taxmin qilmoqda.

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosingMavzuga oid yangiliklar