12:15 / 05.11.2022
1 326

Ukraina Germaniyadan Leopard 2 tanklari to‘g‘ridan to‘g‘ri yetkazib berilishini kutyapti

Ukraina Germaniyadan Leopard 2 tanklari to‘g‘ridan to‘g‘ri yetkazib berilishini kutyapti
Foto: reddit
Ukraina va Germaniya nemislarning Leopard 2 tanklarini Kiyevga to‘g‘ridan to‘g‘ri yetkazib berish bo‘yicha kelishuvga erishishga yaqin, dedi Ukrainaning Berlindagi elchisi Oleksiy Makeyev 5 noyabr, shanba kuni Funke mediaguruhiga bergan intervyusida. «Leopard 2’ni Germaniyadan to‘g‘ridan to‘g‘ri Ukrainaga yetkazib berish bo‘yicha qarorga umid qilish uchun asosimiz bor», — dedi Makeyev.

«Bizga bu tanklar kerak», - deya ta’kidladi ukrainalik diplomat va «Rossiyani provokatsiya qilmaslik haqida»gi gaplarni to‘xtatishga chaqirdi. «Yana nima bo‘lishi kerak? Qancha Bucha, Mariupol yoki Izyum hodisalarini, zo‘rlash joylari va ommaviy qabrlarni kutish kerak?» — dedi u.

Ukrainaning Germaniyadagi elchisi Andriy Melnik o‘rniga tayinlangan Oleksiy Makeyev Germaniyaga kelganidan so‘ng Rossiya prezidenti Vladimir Putin e’lon qilgan safarbarlik munosabati bilan o‘z mamlakatini tark etgan Rossiya fuqarolariga boshpana berish bo‘yicha nemis siyosatchilari e’lon qilgan tashabbusni tanqid qildi. Makeyevning so‘zlariga ko‘ra, «Rossiyadan hech narsadan afsuslanmaydigan, ammo baribir harbiy xizmatdan qochishni istaganlar qochyapti va avtokolonnalar Germaniya shaharlarini aylanib, Rossiya bayroqlarini ko‘tarib yuribdi».

Bunday odamlar, boshqa narsalar qatori, nafaqat Germaniya uchun, balki «bolali barcha ukrainalik yosh ayollar uchun ham xavfli, ular oxir-oqibat qochqinlar yotoqxonalarida bu erkaklarning yonida bo‘lishga majbur bo‘lishi mumkin», dedi Ukrainaning yangi elchisi.

Ayni paytda, nemis siyosatchilarining rossiyaliklarni qo‘llab-quvvatlash haqidagi bayonotlariga qaramay, noyabr oyining boshiga kelib, Germaniya ularga tizimli ravishda boshpana berishni boshlagani haqida hech qanday rasmiy tasdiq bo‘lmadi va huquq himoyachilari ushbu tartibni tashkil etishdagi qiyinchiliklarni ta’kidladi. Germaniya rasmiylari rossiyaliklarga vizalar berish tartibida o‘zgarishlar yo‘qligini Rossiya ushbu vaziyatdan foydalanib, YEIdagi muhim infratuzilmada qo‘poruvchilik uyushtirishi mumkinligiga oid xavotir bilan izohladi.

Nemislarning Leopard 2 tanklarini Kiyevga yetkazib berish muhokamasi bir necha oydan beri davom etmoqda va Germaniya hukumatining bu masalada sustligi bir necha bor tanqidga sabab bo‘ldi. Sentyabr oyi boshida Germaniya kansleri Olaf Shols Ukraina bosh vaziri Denis Shmigalning Kiyevga harbiy yordam, jumladan, tanklar yetkazib berishni kengaytirish haqidagi iltimosini yana bir bor rad etdi. Shols rad etishning sabablaridan biri sifatida Berlinning qurol-yarog‘ ta’minoti masalasida «yakka o‘zi harakat qilishni» istamasligini keltirdi.

Rossiyaning Ukrainaga keng miqyosli harbiy hujumi boshlanganidan keyingi dastlabki oylarda Germaniya Kiyevga yordamning boshqa modelini ko‘rib chiqdi - Germaniyaning NATOdagi hamkorlari Ukrainaga sovet ittifoqida ishlab chiqarilgan og‘ir texnikani jo‘natish uchun aylanma yetkazib berishdan foydalanishi va buning evaziga Germaniyadan zamonaviy tanklarni olishi ko‘zda tutilgandi.

Biroq, bu Ukrainaga 200 dan ortiq sovet tipidagi tanklarni yetkazib bergan, ammo Germaniyadan va’da qilingan texnikani ololmagan Polshaning noroziligiga olib keldi. Varshava Berlinni kelishuvlarni buzganlikda aybladi.

arenda kvartira tashkent
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Dunyo