
Foto: Global Look Press
Ukraina prezidenti Vladimir Zelenskiy o‘zi uchun Rossiya bilan yarashuv muzokaralari imkoniyatini istisno qilmayapti. Bu haqda u CNN nashriga bergan intervyusida aytib o‘tdi.
«Men muzokaralar uchun eshiklarni yopib qo‘yganim yo‘q. Men aytdimki, biz Rossiya bilan gaplashishga tayyormiz, lekin u boshqacha Rossiya bo‘lishi kerak. Ya’ni haqiqatda tinchlik o‘rnatishga tayyor Rossiya bo‘lishi kerak», — dedi Zelenskiy.
U 8 noyabr kuni Rossiya bilan muloqot boshlash uchun Ukrainaning shartlarini ma’lum qilgandi. Ular esa Rossiyaga qo‘shib olingan hududlar qaytarilgan holda Ukraina hududiy yaxlitligining qayta tiklanishi, BMTga hurmat, barcha zararlarning qoplanishi, har bitta harbiy jinoyatchining jazolanishi va bu boshqa hech qachon takrorlanmasligining kafolatlanishidan iborat edi.
CNN’ga bergan intervyusida u «hozircha Rossiya Federatsiyasidan — na Putindan va na boshqa biron kimdan bu shartlarga tayyorligi haqida bayonotlar eshitmagani»ni aytdi.
Zelenskiyning so‘zlariga ko‘ra, u Rossiya tomonidan ultimatumlardan boshqa hech qanday gaplar eshitmagan.
Avvalroq Ukraina prezidenti Vladimir Zelenskiyning Rossiya bilan muzokaralar uchun shartlari haqidagi bayonoti AQSHning «yengilgina turtkisi» bilan bog‘liq bo‘lgani haqida xabar berilgandi.
30 sentyabr kuni Kremlda Donetsk va Lugansk xalq respublikalari hamda Ukrainaning Xerson va Zaporoje viloyatlari bosib olingan qismlarining «Rossiya tarkibiga kirishi» haqida shartnomalar imzolandi. O‘sha kuniyoq Ukraina hukumati NATOga qo‘shilish uchun ariza berdi. Zelenskiy o‘shanda Rossiya bilan muloqotga tayyorligini aytgan, lekin «boshqa prezident bilan» degan edi.
4 oktabr kuni esa Ukraina rasman Putin bilan har qanday muzokaralardan bosh tortdi.

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosingMavzuga oid yangiliklar