00:20 / 12.11.2022
2 026

«Xerson — Ukraina!» Mahalliy aholi ukrain armiyasi qaytishini qanday bayram qilmoqda?

«Xerson — Ukraina!» Mahalliy aholi ukrain armiyasi qaytishini qanday bayram qilmoqda?
Xerson oblasti ma'muriyati binosi. Foto: Zerkalo.io
Rossiya qoʻshinlari chekinishidan keyin Ukraina armiyasi Xerson shahriga kirib kelishni boshladi. Ukraina harbiy razvedkasi shaharda qolgan rossiyalik harbiy xizmatchilarni asir tushishga chaqirgan.

Ukraina mudofaa vaziri maslahatchisi Yuriy Sak ayni vaqtda Xerson qariyb toʻligʻicha Ukraina qurolli kuchlari nazoratiga oʻtganini ma'lum qildi.

Juma kuni kunduzi ijtimoiy tarmoqlarda Xerson aholisi Ukraina armiyasi jangchilarini qarshi olish uchun koʻchalarga chiqqani aks etgan videolar birin-ketin tarqaldi.

E'lon qilingan kadrlarda shahar markaziga Ukraina bayroqlarini koʻtargan yuzlab kishilar toʻplanganini va ukrain harbiylarini koʻtar-koʻtar qilib, «Xerson - bu Ukraina!» shiorlarini hayqirayotganini koʻrish mumkin.

Xerson oblasti ma'muriyati binosi qarshisidagi postamentda (bu erdagi Lenin haykali 2014 yildayoq olib tashlangandi) ham sariq-koʻk bayroq paydo boʻldi. Ukraina bayrogʻi yonida, ikkinchi flagshtokda Evroittifoqning yulduzli bayrogʻi hilpiraydi.

Ukraina armiyasi Xersonga kirganini mamlakat mudofaa vazirligi va harbiy razvedka xizmati ham tasdiqladi.

«Xerson Ukraina nazoratiga qaytdi, shaharga Ukraina qurolli kuchlari qismlari kirmoqda. Rossiyalik bosqinchilarning chekinish yoʻllari Ukraina armiyasi zarbalari ostida. Ukraina qurolli kuchlariga qarshilik koʻrsatishga qaratilgan har qanday harakat toʻxtatiladi», deyiladi Ukraina harbiy razvedkasi bosh boshqarmasining rossiyalik harbiylarga murojaatida.

«Qarshilik koʻrsatadigan har bir rossiyalik harbiy xizmatchi yoʻq qilinadi. Sizda halokatdan qochish uchun yagona imkon bor - zudlik bilan taslim boʻlish», deya ogohlantiradi murojaat mualliflari.

Agar askarlar vataniga qaytishdan qoʻrqsa, ularga Ukrainadagi maxsus jihozlangan harbiy lagerda qolish, tibbiy yordam berish, qarindoshlari bilan muloqot qilish uchun telefon aloqasi va internet bilan ta'minlash, qurollarni maxsus omborlarda saqlash, harbiy texnikani avtoturargohlarga qoʻyish taklif etilmoqda.

Reuters agentligi Ukraina qurolli kuchlarining «Janub» guruhi matbuot xizmati Natalya Gumenyukka tayanib xabar berishicha, shaharni egallash bosqichma-bosqich, ortiqcha shoshilishsiz amalga oshiriladi - Ukraina qurolli kuchlari qoʻmondonligi diversiya uyushtirilishi ehtimolini istisno etmayapti.

Uning soʻzlariga koʻra, rossiyalik harbiy xizmatchilar soʻnggi ikki hafta davomida fuqarolik kiyimlarini kiyib olishgan, shunday ekan, nazariy jihatdan ularning bir qismi hamon qoldirilgan shaharda boʻlishi mumkin.

«Shu tufayli biz boshqa shaharlarda, boshqa yoʻnalishlardagi muvaffaqiyatlar haqida e'lon qilishga shoshmayapmiz», deya izoh bergan Natalya Gumenyuk. Shuningdek, u koʻplab rossiyalik harbiylar Dnepr daryosini kechib oʻtish chogʻida choʻkib ketganini aytgan, lekin bunga dalil keltirmagan.

Biroz oʻtib «Janub» guruhi operativ qoʻmondonligi soʻnggi haftalarda ozod etilgan aholi yashash manzillariga, jumladan Xersonga kirish «barqarorlashtirish choralari» oʻtkazib boʻlinguniga qadar vaqtincha cheklangani haqida e'lon qildi - bu jurnalistlarga ham taalluqli boʻlib, qoidabuzarlik uchun akkreditatsiyadan mahrum qilishlari mumkin.

Rossiya armiyasi Ukraina qoʻshini bosimi ostida Xerson oblastining Dneprning oʻng sohilidagi qismini yoppasiga tark eta boshlagach, Kiev Xerson atrofidagi oʻnlab aholi yashash manzillari ozod etilgani haqida ma'lum qilgandi.

Juma kuni tongida oblast ma'muriyati binosida ukrainlar bayrogʻi paydo boʻldi, soʻnggi oylarda tinimsiz zarbalarga uchrab kelgan, shunga qaramay soʻnggi vaqtlargacha piyoda holda oʻtish mumkin boʻlgan Antonov koʻprigi butunlay safdan chiqdi: u erda yoʻl qulab tushgan.

Kreml matbuot kotibi Dmitriy Peskov esa Rossiya qoʻshini Xersondan Dneprning chap sohiliga chekinishi (Kreml ta'siridagi nashrlar buni qayta guruhlanish deb atamoqda) hozircha hech qanaqasiga sentyabr oyi oxirida oʻtkazilgan va dunyoning hech bir davlati tomonidan tan olinmagan «referendum» orqali Rossiya tarkibiga qoʻshilgan Xerson oblasti maqomini oʻzgartira olmasligini aytdi.

«Bu Rossiya Federatsiyasi sub'ekti, bu maqom qonunchilik bilan mustahkamlab qoʻyilgan. Bu erda hech qanday oʻzgarish boʻlishi mumkin emas», dedi Peskov jurnalistlarga.

U BBC muxbirining rossiyaliklar Ukrainada egallab turilgan yagona oblast markazi boʻlgan Xersondan chekinish Kremlda sharmandalik sifatida baholanadimi, deya berilgan savoliga bunday emasligini aytib javob qaytargan.

Avvalroq ukrainalik va Gʻarbdagi harbiylar Dneprning oʻng sohilidagi Rossiya qoʻshinlarini olib ketish bir hafta boʻlmasa, kamida bir necha kun talab etishini aytishgandi. Rossiya mudofaa vazirligi esa juma kuni ertalabgacha Xersondan barcha harbiy xizmatchilar va texnikalar (30 minglik qoʻshin va 5 ming texnika) olib ketilganini ma'lum qildi.

Ukraina qurolli kuchlari qanday qarshi olinmoqda?

Kechga borib Xerson oblasti kengashi deputati Sergey Xlan Ukraina qurolli kuchlari Xersonni Rossiya qoʻshinlari qoldiqlaridan tozalash ishlari olib borayotganini aytdi va mahalliy aholini oʻz uylarini tark etmaslikka chaqirdi.

Shunga qaramay, mahalliy telegram-kanallar ukrainalik harbiylar koʻchalarda aholi tomonidan olqishlar bilan qarshi olayotgani aks etgan videolarga toʻlib ketdi.

Videolardan birida ukrain harbiylari Xerson oblasti politsiya boshqarmasi binosiga koʻk-sariq rangli bayroqni oʻrnatayotgani aks etgan.

VIKTORIYa PAVLOVA
Boshqa videoda esa - harbiylarning ilgʻor guruhi shahar bosh maydonida yigʻilgan yuzlab kishilar olqishlari ostida qarshi olinayotgani aks etgan.

Shuningdek asir tushgan rossiyalik harbiylar suratlari ham paydo boʻldi. Ukraina mudofaa vazirligi ham shaharda qolgan rossiyaliklarni taslim boʻlishga chaqirgan.

«Rossiya Federatsiyasi harbiy xizmatchilari! Agar siz Rossiya bosqinchi armiyasining bir qismi boʻlishga qaror qilsangiz, sizda faqat ikkita yoʻl bor: taslim boʻlish yoki oʻlim.

Agar taslim boʻlsangiz, xalqaro konventsiyalarda koʻrsatilgan harbiy asirlik huquqingiz ta'minlanadi, tibbiy yordam koʻrsatiladi, qarindoshlaringiz va doʻstlaringizni xabardor qilish imkoniyati taqdim etiladi. Oxir-oqibat mojarodan keyin yoki asirlar almashtirish natijasida vatanga qaytish kafolatlanadi. Aks holda sizni muqarrar oʻlim kutmoqda
», deyiladi xabarda.
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Dunyo