
Foto: Reuters
Rossiya prezidenti Vladimir Putinga Ukraina hukumatini ag‘darish va butun Ukrainani egallab olishdek maksimalistik maqsadlarini amalga oshirishga qo‘shinlar qodir emasligi sababli o‘ta mafkuraviy, urush tarafdori bo‘lgan elektoratning bir qismini tinchlantirishi tobora qiyinlashmoqda. Bu haqda Urushni o‘rganish instituti (ISW) Twitter'da ma’lum qildi.
Qayd etilishicha, Rossiyaning Xersondan chiqib ketishi urush tarafdorlari va Putin o‘rtasida mafkuraviy kelishmovchilikni kuchaytirmoqda, prezidentning Ukrainaga qarshi urushda o‘z va’dalarini bajarish istagi va qobiliyatiga ishonchni susaytirmoqda.
ISW ma’lumotlariga ko‘ra, rossiyalik o‘ta millatchilar orasida Putinning rus mafkurasiga sodiqligiga shubha kuchaygani Putinning millatchilar uchun qiziqishini pasaytiradi, shu bilan birga safarbarlik va ko‘p qurbonlar Rossiya jamiyatida norozilikni keltirib chiqarishda davom etishi mumkin.
ISW hisobotida qayd etilishicha, Xerson yo‘qotilganidan so‘ng, "Vagner" xususiy harbiy kompaniyasi bilan bog‘liq ijtimoiy tarmoqdagi kanallar ham Kremlga qarshi chiqdi, bu esa harbiy blogerlar orasida rus qo‘shinlarini olib chiqish qarori qo‘llab-quvvatlanmayotgani hamda Rossiya xavfsizlik kuchlari vakillari orasida keskinlikning yanada kuchayishi kuzatilishi mumkinligidan dalolat berishi aytiladi.
Bundan oldin Rossiya prezidenti Vladimir Putin «Safarbarlik to‘g‘risida»gi qonunga o‘zgartirishlar kiritib, ba’zi o‘ta og‘ir jinoyat uchun sudlanganligi olib tashlanmagan yoki jazosi o‘talmagan fuqarolarni harbiy xizmatga chaqirishga qo‘yilgan taqiqni bekor qilgandi.
Shuningdek, endi qotillik, talonchilik, bosqinchilik yoki giyohvand moddalar savdosi uchun jazo muddatini o‘taganlarni ham urushga jo‘natish mumkin bo‘ladi. Shu bilan birga, voyaga yetmaganlarning jinsiy daxlsizligiga qarshi jinoyat sodir etganlikda ayblangan, «terrorchilik» va «ekstremistik» moddalar bilan sudlangan shaxslarni safarbarlikka chaqirish taqiqlanadi.
Rossiya Federatsiyasi Jinoyat kodeksining og‘ir jinoyatlari toifasiga besh yildan ortiq qamoq jazosi berilishi mumkin bo‘lgan jinoyatlar kiradi. «Safarbarlik tayyorgarligi va safarbarlik to‘g‘risida»gi qonunning yangi tahririda og‘ir jinoyatlar sanab o‘tilmagan, balki Jinoyat kodeksining safarbar qilish mumkin bo‘lmagan moddalari ko‘rsatilgan.
«Vagner» xususiy harbiy kompaniyasi asoschisi Yevgeniy Prigojin uzoq vaqtdan beri mahbuslarni Ukrainaga urushga borishga undab kelmoqda. Putin imzolagan tuzatishlar ular haqida emas, balki avval og‘ir jinoyat uchun sudlangan, ammo jazoni o‘tab, hozirda ozodlikka chiqqanlar haqida. “Zamin” yangiliklarini “Telegram”da kuzatib boring

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosingMavzuga oid yangiliklar