18:00 / 14.11.2022
2 000

AQSH general Millining Ukraina bo‘yicha pozitsiyasini qo‘llab-quvvatlamadi

AQSH general Millining Ukraina bo‘yicha pozitsiyasini qo‘llab-quvvatlamadi
Mark Milli / Foto: Getty Images
Hozirda Ukrainadagi urushdan chiqish bo‘yicha diplomatik yo‘l izlash tarafdori bo‘lgan Mark Millining pozitsiyasi Blinken va Sallivan tomonidan keng qo‘llab-quvvatlanmayapti, deb xabar berdi CNN.

So‘nggi haftalarda Ukrainadagi urushni diplomatik yo‘l bilan hal qilishning qat’iy tarafdori bo‘lgan AQSH Qurolli kuchlari shtab boshliqlari birlashgan qo‘mitasi (SHBQ) raisi general Mark Millining pozitsiyasi prezident Jo Baydenning xavfsizlik bo‘yicha guruhi, shu jumladan davlat kotibi Entoni Blinken va milliy xavfsizlikka oid yordamchisi Jeyk Sallivan tomonidan qo‘llab-quvvatlanmayapti. Blinken va Sallivan Ukraina bo‘yicha muzokaralar vaqti kelganiga ishonmayapti, deb xabar qildi CNN AQSH ma’muriyatining ikki vakiliga tayanib.

9 noyabr kuni Nyu-York Iqtisodiy klubida so‘zga chiqqan Milli Xersonni ozod qilishdagi so‘nggi muvaffaqiyatlar fonida Ukraina Qurolli kuchlarini yuqori baholadi, biroq ayni paytda Rossiya ustidan to‘liq harbiy g‘alabaga erishib bo‘lmas ekaniga ishonch bildirdi. «Muzokaralar olib borish imkoniyati mavjud bo‘lganda, tinchlikka erishish mumkin bo‘lgan vaziyatda, hozirgi paytdan foydalanish lozim», deb maslahat berdi Milli.

«Qaror - ukrainaliklarning ixtiyorida. Ukraina haqida hech narsa - Ukrainasiz hech narsa», - dedi Bayden, o‘z navbatida, 9 noyabr kuni bo‘lib o‘tgan matbuot anjumanida undan muzokaralar o‘tkazish imkoniyati haqida so‘ralganda.

CNN ma’lumotlariga ko‘ra, AQSH Davlat departamenti Mark Millining qarashlaridan tubdan farq qiladigan pozitsiyani egallaydi. Telekanal ta’kidlashicha, aslida Amerika Qo‘shma Shtatlaridagi harbiy rahbariyat amerikalik diplomatlarning o‘zidan ko‘ra faolroq diplomatiyani talab qilayotganiga oid vaziyat yuzaga kelgan.

AQSH tashqi siyosat idorasi matbuot kotibi Ned Prays 10 noyabr kuni Davlat departamenti Millining pozitsiyasiga rozimi yoki yo‘qligini aytmadi. Buning o‘rniga Prays so‘nggi oylarda tez-tez paydo bo‘layotgan nuqtayi nazarni bildirdi: Qo‘shma Shtatlar Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiyni qo‘llab-quvvatlaydi. «Ukrainaliklar urushning tugashi oxir-oqibat muzokaralar stoliga o‘tirish orqali ro‘y berishini ochiq bildirgan. Ruslar ham vaqti-vaqti bilan shunday fikr bildirishgan», - dedi Prays.

«Moskva nafaqat so‘zda, balki amalda ham muzokaralarga tayyorligini, ukrainalik hamkorlarimizdan dunyo aniq eshitgan narsani - ular muzokaralar stoliga o‘tirishga tayyor ekanligini ko‘rsatishga va vijdonan hamkorlikni olib borishga mas’uldir», - deya qo‘shimcha qildi Davlat departamenti vakili.

AQSH prezidentining milliy xavfsizlik masalalari bo‘yicha yordamchisi Jeyk Sallivan 4 noyabr kuni e’lon qilinmagan tashrif bilan Ukraina poytaxtiga keldi. Sallivan prezident Zelenskiy, uning idora rahbari Andrey Yermak va mudofaa vaziri Aleksey Reznikov bilan uchrashib, Vashingtonning Kiyevni so‘zsiz qo‘llab-quvvatlashiga ishontirdi.

Keyinroq Jeyk Sallivan Rossiya Xavfsizlik kengashi kotibi Nikolay Patrushev va Rossiya prezidenti yordamchisi Yuriy Ushakov bilan shaxsiy muloqotlar chog‘ida Rossiyaning Ukrainaga qarshi urushi fonida yadro qurolidan foydalanish xavfini kamaytirish masalasini muhokama qilganini aytdi.

«Biz Rossiya bilan yadro qurolidan foydalanish xavfini kamaytirish, shuningdek, undan ehtimoliy foydalanish oqibatlarini Moskvaga yetkazishga qaratilgan yuqori darajadagi aloqalarni o‘rnatish imkoniga ega bo‘ldik. Biz ushbu aloqalar qaysi kanallar orqali amalga oshirilganini oshkor qilmadik, bu ularni himoya qilish uchun kerak», deb ta’kidladi Sallivan.

arenda kvartira tashkent
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Dunyo