
Foto: PA Images
Britaniya parlamenti roziligisiz Shotlandiya ikkinchi marta mustaqillik referendumini o‘tkaza olmaydi. Bu haqda Buyuk Britaniya Oliy sudi qaror chiqardi.
Oliy sud bunday referendum nafaqat Shotlandiya, balki butun Birlashgan Qirollik uchun muhim ahamiyatga ega degan xulosaga keldi.
«Shotlandiya parlamenti Shotlandiya mustaqilligi bo‘yicha referendum o‘tkazish uchun qonun qabul qilish huquqiga ega emas», — deb xulosa qildi sud raisi Robert Rid.
Sud hukmi Shotlandiya yarim avtonom hukumatining 2023 yil oktabr oyida Buyuk Britaniya tarkibidan chiqish bo‘yicha referendum o‘tkazish istagini yo‘qqa chiqarmoqda.
Shotlandiya bosh vaziri Nikola Styorjen ijtimoiy tarmoqda sud qaroridan hafsalasi pir bo‘lgani haqida yozdi.
«Buyuk Britaniya parlamenti roziligisiz Shotlandiyaga o‘z kelajagini tanlash imkoni berilmadi. Bu Buyuk Britaniya bilan ixtiyoriy sheriklik haqidagi har qanday g‘oyani afsonaga aylantiradi».
Styorjen Oliy suddagi mag‘lubiyatdan so‘ng, o‘zi rahbarlik qilayotgan Shotlandiya milliy partiyasi (SHMP) Buyuk Britaniyada 2024 yilga mo‘ljallangan navbatdagi saylovni «de-fakto» mustaqillik referendumiga aylantirishni va’da qildi.
Shotlandiya mustaqilligi tarafdorlari Edinburgdagi parlament binosi oldida va boshqa joylarda miting o‘tkazishni rejalashtirmoqda.
Angliya, Shotlandiya, Uels va Shimoliy Irlandiyani o‘z ichiga olgan Birlashgan Qirollikning 68 millionlik umumiy aholisidan taxminan 5,5 millionini shotlandlar tashkil qiladi. Mamlakat 1999 yildan boshlab o‘z parlamenti va hukumatiga ega.
Shotlandiya mustaqilligi bo‘yicha birinchi referendum 2014 yilda o‘tkazildi. Unda mintaqada yashovchi fuqarolardan «Mamlakat mustaqil bo‘lishi kerakmi?» degan savolga javob berish so‘ralgan edi. Yakuniy natijalarga ko‘ra, ovoz berganlarning 55,3 foizi ajralib chiqishga qarshi bo‘ldi, 44,7 foizi esa mustaqillikni yoqladi.

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosingMavzuga oid yangiliklar