
Foto: Reuters
Samarqandda bo‘lib o‘tgan sammitda Eron Shanxay hamkorlik tashkilotiga (SHHT) a’zo bo‘lish bo‘yicha memorandum imzolagan edi.
Eron Islom maslahat kengashi vakillari parlament yig‘ilishida Shanxay hamkorlik tashkilotiga (SHHT) qo‘shilish to‘g‘risidagi qonun loyihasini ma’qulladi.
Qonun loyihasini parlamentning 205 deputati ma’qullagan, 3 nafari qarshi ovoz bergan, 4 nafari betaraf qolgan.
Eron SHHTga a’zo bo‘lish uchun tashkilot tomonidan shu paytgacha qabul qilingan barcha hujjatlarni tasdiqlashi kerak, hozirgacha 49 ta hujjat imzolangan.
SHHT 2001 yilda Xitoy, Rossiya, Qozog‘iston, Tojikiston, O‘zbekiston va Qirg‘iziston rahbarlari tomonidan asos solingan. Uyushma hamkorlari Ozarboyjon, Armaniston, Kamboja, Nepal, Turkiya va Shri-Lanka hisoblanadi.
SHHT maqsadlari barqarorlik va xavfsizlikni mustahkamlash, terrorizmga qarshi kurashish, iqtisodiy hamkorlikni, energetika sohasidagi sheriklik va ilmiy-madaniy hamkorlikni rivojlantirishdan iborat.
Eron BMT Xavfsizlik Kengashi, AQSH va Yevropa Ittifoqi tomonidan kiritilgan sanksiyalar tufayli SHHTga a’zo bo‘lolmay kelayotgan va kuzatuvchi maqomiga ega edi. 2016 yildan keyin yadroviy dastur bo‘yicha bitim tuzilgach, cheklovlar asta-sekin olib tashlandi. Ushbu bitim shartlariga ko‘ra, Eron yadroviy qurol ishlab chiqarmaslikka va’da bergan.
2022 yil sentyabr oyida Tehron SHHTga a’zo bo‘lish to‘g‘risidagi memorandumni imzolagan edi.

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosingMavzuga oid yangiliklar