16:49 / 12.12.2022
1 962

Rossiyada fuqaro Zelenskiy haqidagi tushini aytib bergani uchun jarimaga tortildi

Rossiyada fuqaro Zelenskiy haqidagi tushini aytib bergani uchun jarimaga tortildi
Rossiyaning Baykalorti o‘lkasi, Chita shahri markaziy okrug sudi mahalliy fuqaro Ivan Losevni Rossiya armiyasini «obro‘sizlantirish» haqidagi ma’muriy modda bo‘yicha 30 ming rubl (5,4 million so‘m) miqdorida jarimaga tortdi. Bunga Losevning ijtimoiy tarmoqlardagi postlari asos bo‘lgan, ular orasida fuqaroning Ukraina prezidenti Vladimir Zelenskiy haqidagi tushini aytib bergan post ham bor.

Chitalik fuqaro tomonidan Instagramda aytib berilgan tush safarbarlik haqida edi. Losevning so‘zlariga ko‘ra, tushida uni tayyorlov lageriga olib borishgan, u yerga Ukraina prezidenti boshchiligidagi Ukraina Qurolli kuchlari bostirib kirgan. «Ular hammani bog‘lab qo‘yishdi, otib tashlamoqchi bo‘lishdi va shu payt yonimga Zelenskiy kelib, shunday dedi 'Oh, men Instagram'dagi stories'ingizni ko‘rganman, Ukrainaga shon-sharaflar!' Men unga javoban: 'Qahramonlarga shon-sharaflar!' dedim. Zelenskiy mamnunlik bilan yelkamni qoqib: 'Xo‘sh, uni qo‘yib yuboring, qolganlarni otib tashlang‘ dedi», — deb yozgan Losev.

U ijtimoiy tarmoqda yozgan boshqa «keskinroq narsalari» ma’muriy ishga asos qilinmaganidan ajablanganini aytdi. «Ish qo‘zg‘atish uchun oltita asos qayd etildi. Men buni aqlimga sig‘dirolmayman: 40 yoshli FXX xodimi o‘tiribdi va jiddiy qiyofada Zelenskiy to‘g‘risida qanday tush ko‘rganim haqidagi stories'imni pechat qilyapti?! Bu ahmoqlik. O‘zimizni sharmanda qilmaslik uchun hech bo‘lmaganda Zelenskiy bilan bog‘liq tushni ishdan olib tashlasa bo‘lardi», — dedi Losev «Sibir.Realii» nashriga bergan intervyusida.

Losevning taxminicha, iyul oyidan boshlab uning ortiga tushishgan. Ish materiallariga ko‘ra, sentyabr oyi oxirida Baykalortidan FXXning kichik tergovchisi Danilov Losev ustidan qoralovchi ma’lumot yozib, unga fuqaro postlarining bosma nusxalarini ilova qilgan. 7 dekabr kuni ish materiallari sudga taqdim etilgan, ertasi kuni esa sudya jarima to‘g‘risida qaror chiqargan. Shu bilan birga, Losevning o‘zi sud majlisiga kelmagan, chunki u majlisning aniq vaqti haqida ogohlantirilmagan, sud saytida esa o‘sha kuni texnik nosozliklar kuzatilgan, deb yozadi «Sibir.Realii».

Losev nashrga ma’muriy ish ochilganiga qaramay, ijtimoiy tarmoqlarda yozishda davom etishini aytdi. «Men qochishim kerak yoki qochib ketishga ulgurmasam, qamoqqa tashlashadi, degan potensial fikrlarni allaqachon bostirganman. Menimcha, urush tugash arafasida va Rossiya foydasiga tugamaydi. Ishonchim komilki, Ukraina g‘alaba qozonadi. Ukraina g‘alaba qozonishi bilanoq, hozir «feyk» xabarlar uchun qamoqda o‘tirgan odamlarning barchasi ozod qilinadi yoki qandaydir tarzda dekriminallashtiriladi», — dedi Losev.

Ukrainada urush boshlanganidan bir necha kun o‘tgach, Rossiyada armiyaning «obro‘sizlanishi» haqidagi modda paydo bo‘ldi. Bu modda bo‘yicha allaqachon bir necha ming protokollar tuzilgan.

Armiyani takroran «obro‘sizlantirish» jinoiy javobgarlikka sabab bo‘ladi. Hozircha bu borada faqat bitta jinoiy ish ma’lum, uning ayblanuvchisi siyosatchi Yevgeniy Royzman. Ish yuzasidan tergov harakatlari olib borilmoqda, Royzmanga profilaktika chorasi sifatida jamoat joylariga borish va internetdan foydalanish taqiqlangan.

arenda kvartira tashkent
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Dunyo