15:00 / 22.12.2022
1 066

Rossiya hukumatining sobiq vitse-premeri Dmitriy Rogozin Donetskda yaralandi

Rossiya hukumatining sobiq vitse-premeri Dmitriy Rogozin Donetskda yaralandi
Foto: AFP
Rossiya hukumatining sobiq vitse-premeri, «Roskosmos»ning sobiq rahbari Dmitriy Rogozin hamda «DXR» hukumati raisi Vitaliy Xotsenko chorshanba kuni kechqurun Donetsk o‘qqa tutilishi vaqtida jarohat olishgan.

Rogozin va Xotsenkoning atrofidagilarning ma’lumotiga ko‘ra, ularning hayotiga jiddiy xavf yo‘q. Rogozinning o‘zi Rossiyaning RT telekanaliga snaryad parchasi bel qismiga jarohat yetkazganini aytgan.

«Belimdan yaralandim. Lekin yashayman. Oskolka umurtqa pog‘onasidan bir santimetr nariroqdan kirgan», - degan Rogozin. Rasmiy xabarlarga ko‘ra, u Donbassda «Shoh bo‘rilari» («Sarskiye volki») harbiy maslahatchilar guruhini boshqaradi.

Baza nashri manbasi xabar qilishicha, Donetskda Rogozin tug‘ilgan kunini nishonlayotgan (u 21 dekabr kuni 59 yoshga to‘ldi) restoran o‘qqa tutilgan. Rogozinning boshining yumshoq to‘qimalariga, dumba qismiga va chap son qismiga oskolka parchalari kirgan.

Restoranga o‘q yog‘dirilishi oqibatida ikki kishi halok bo‘lgani va yana bir necha kishi yaralangani aytilmoqda.

Dmitriy Rogozinning yordamchisi «Interfaks» muxbiriga u shifoxonaga yotqizilganini tasdiqladi. Rogozin va yordamchisi restoran emas, ular yashab kelgan mehmonxona o‘qqa tutilgani haqida aytishgan.

«Donetsk atrofidagi mehmonxona o‘qqa tutildi, bu yerda so‘nggi oylarda harbiy maslahatchilar guruhi, jumladan Dmitriy Rogozin yashab kelayotgandi. Zarbalar yuqori aniqlikdagi o‘q-dorilar bilan berildi, kelib tushgan snayardlar 155-millimetr kalibrli Caesar o‘ziyurar artilleriya qurilmasidan otilgani taxmin qilinmoqda», - deya Rogozinning yordamchisidan iqtibos keltiradi «Interfaks».

Vitaliy Xotsenkoning matbuot kotibi jurnalistlar bilan suhbatda uning xo‘jayini hayotiga tahdid yo‘qligini aytgan.

Baza manbasi Rogozin Donetskdagi mehmonxonada emas, aynan «Shish-Besh» restoranida tug‘ilgan kunini nishonlash chog‘ida yaralanganini aytgan. Ma’lum qilinishicha, qurbonlardan biri Vitaliy Xotsenkoning tansoqchisi bo‘lgan.

«Shish-Besh» restoranidan kadrlar. Foto: ZVEZDANEWS
Rossiya kanallari e’lon qilgan foto va videolarda derazalari sinib ketgan restoran zalini ko‘rish mumkin. Snaryadlar kelib tushishi oqibatida asosan bino hovlisi va ikkinchi qavati jiddiy shikastlangan. Bu kadrlarni «Shish-Besh» restoranining reklama suratlari bilan taqqoslash orqali voqea aynan shu restoranda ro‘y bergani anglashiladi.

«Shish-Besh» restoran-mehmonxona majmuasi Donetskning janubiy chekkasida, front chizig‘idan taxminan 20 km masofada joylashgan.

Dmitriy Rogozin 2022 yil iyulida, to‘rt yillik faoliyatidan keyin «Roskosmos» rahbari lavozimidan ozod etilgandi. Uning o‘rnini bungacha Rossiya bosh vaziri o‘rinbosari vakolatlarini bajarib kelgan Yuriy Borisov egalladi.

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Dunyo » Rossiya hukumatining sobiq vitse-premeri Dmitriy Rogozin Donetskda yaralandi