
Foto: Reuters
RF prezidenti Vladimir Putin Ukrainadagi urush haqidagi ma’lumotlarni buzib ko‘rsatilgan holatda va ba’zida bir necha kunlik kechikish bilan oladi. Bu haqda The Wall Street Journal o‘z manbalariga asoslanib xabar tarqatdi.
Vaziyatdan xabardor bo‘lgan suhbatdoshlarning tasdiqlashicha, frontdagi komandirlar ma’lumotni FXXga yuboradi, bu yerda esa ma’lumot tahrir qilinadi hamda «Xavfsizlik kengashi ekspertlari»ga o‘tkaziladi. Ular tayyorlagan ma’lumot kengash rahbari Nikolay Patrushevga tushadi va u orqali RF prezidentiga taqdim etiladi. «Natijada hisobotlar «ko‘p hollarda» kechikkan ma’lumotlardan iborat bo‘ladi», deya qayd etadi gazeta.
Maqolada aytilishicha, Putin har kuni ertalab urushdagi vaziyat bo‘yicha brifinglarni kuzatadi. Orasida rossiyalik sobiq razvedkachi va qator sobiq hamda hozirda amalda bo‘lgan rossiyalik mulozimlarning aytishicha, bu brifinglardagi ma’lumotlarda muvaffaqiyatga urg‘u qaratilib, muvaffaqiyatsizliklar kamaytirib ko‘rsatilgan bo‘ladi.
Putinning matbuot kotibi Dmitriy Peskov esa gazetaga «u kechikkan ma’lumotlar olishi haqidagi xabarlar asosga ega emasligi»ni aytgan.
WSJ ma’lumotiga ko‘ra, Putinda urushning borishi haqida aniq tasavvur yo‘qligi haqidagi fikr u bilan kamida ikki tadbir — iyul oyidagi harbiy-sanoat kompleksi vakillari bilan uchrashuv va sentyabr oyida «harbiy muxbirlar» bilan uchrashuv ishtirokchilari tomonidan shakllantirilgan.
Sentyabr oyi oxirida Putin go‘yoki Limandagi rossiyalik harbiylarga shaxsan qo‘ng‘iroq qilib, chekinmaslikka buyruq bergani haqida xabarlar tarqalgandi. 1 oktabr kuni Ukraina qo‘shini Limanga kirgani, rossiyalik harbiylar esa yo‘qotishlar bilan chekingani ma’lum bo‘ldi.

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosingMavzuga oid yangiliklar