12:30 / 28.12.2022
1 357

AQSH va Kanadada kuchli qor bo‘ronlari. Qurbonlar soni ortmoqda

AQSH va Kanadada kuchli qor bo‘ronlari. Qurbonlar soni ortmoqda
Foto: EPA
O‘zi bilan qattiq sovuq va kuchli yog‘ingarchilik olib kelgan dahshatli qish bo‘roni AQSHning 250 millionga yaqin inson (mamlakat aholisining deyarli uchdan ikki qismi) istiqomat qiladigan katta qismini qamrab oldi.

AQSHning 12 shtatida ekstremal ob-havo haqida ogohlantirishlar amal qilmoqda.

AQSH Milliy ob-havo xizmatining ta’kidlashicha, bunday keng ko‘lamli sovuq oqim kuzatuvlar tarixida birinchi marta yuz bermoqda: deyarli butun mamlakat hududi qishki bo‘ron ostida qolgan.

Qor bo‘roni shimolda Kanadadan janubda Rio Grande daryosiga qadar bo‘lgan hududni qamrab olgan. AQSH va Kanadadagi anomal ob-havo sharoiti oqibatida kamida 62 nafar inson halok bo‘ldi.

Bo‘ron bir necha kun davom etgan tartibsizliklarga sabab bo‘ldi, ammo hozirda elektr energiyasi ta’minoti asta-sekin tiklanmoqda.

Associated Press nashri xabariga berishicha, 18 dekabr kuni tushdan keyin 200 mingdan kamroq iste’molchi elektrsiz qolgan, bu son bo‘ron avjiga chiqqan paytda 1,7 milliondan ko‘proqni tashkil qilgan.

Sinoptiklarning so‘zlariga ko‘ra, qor bo‘roni («siklon bombasi» yoki portlovchi siklon deb ham ataladi) yaqin kunlarda susayishi kutilmoqda. Biroq bo‘ron ostida qolgan hududlar aholisiga, agar zarurat bo‘lmasa, safarlarga chiqmaslik tavsiya etilgan.

Eng tragedik vaziyat Nyu-York shtati, xususan, Buffalo shahrida kuzatilgan. Ko‘plab qor bo‘roni qurbonlari aynan shu shahardan.

Shtat gubernatori Keti Xokulning so‘zlariga ko‘ra, Buffalo shahri jangovar harakatlar zonasiga o‘xshab qolgan.

Buffaloda ob-havo bilan bog‘liq 28-o‘lim qayd etildi. Bu AQSHdagi iqlim bilan bog‘liq o‘limlarning teng yarmi. Shahardagi 4 ming aholi elektr energiyasiz qolgan. Hozircha nega aynan bu shahar siklonga kam tayyorgarlik ko‘rgani noma’lum.

«Bu ona tabiat bilan urush va u bor qurollari bilan bizga hujum qilmoqda», deydi shtat gubernatori.

Halok bo‘lganlarning ko‘pchiligi yo‘l-transport hodisasi qurbonlari. Keskin ob-havo sharoiti tufayli yo‘llardagi vaziyat ancha murakkablashgan.

Keti Xokulning ta’kidlashicha, Buffalo aholisi hayot uchun xavfli vaziyatga duch kelgan, chunki ko‘plab tez yordam mashinalari eng ko‘p ariza tushgan hududlarga yetib bora olmagan yoki o‘zlari qor ostida qolib ketgan.

AQSH prezidenti Jo Bayden 26 dekabr kuni Nyu-York shtatiga federal yordam ko‘rsatishga ruxsat beruvchi favqulodda holatni tasdiqladi.

«Mening yuragim ushbu dam olish kunlarida yaqinlarini yo‘qotganlar bilan», deb yozgan AQSH prezidenti o‘z Twitter sahifasiga.

Dam olish kunlari garchi keyinchalik muntazam ta’minot tiklangan bo‘lsa-da, 250 mingga yaqin uy va korxonalar elektr ta’minotida uzilishlar kuzatilgan.

Ushbu kuchli bo‘ron bilan bog‘liq o‘limlar Vermont, Ohayo, Missuri, Viskonsin, Kanzas va Kolorado shtatlarida ham qayd etilgan. Janubiy Floridada havo harorati shunchalik pasayib ketganki, iguanalar muzlab qolib, daraxtlardan qulab tushgan.

Eng quyi havo harorati AQSHning g‘arbiy qismidagi Montana shtatida qayd etilgan, bu yerda harorat -45 darajagacha tushib ketgan.

Kanadaning Ontario va Kvebek provinsiyalari qahraton ob-havodan ko‘proq zarar ko‘rgan. Bu yerdagi qattiq sovuq yuz minglab odamlar yashaydigan uylarda elektr ta’minoti uzilishiga olib kelgan.

Kanadaning katta qismida — Britaniya Kolumbiyasidan Nyufaundlendgacha bo‘lgan hududlarda qattiq sovuq hukm surmoqda. Aholi ob-havo yanada yomonlashishidan ogohlantirilyapti.

CBS nashri muxbiri Vankuver shahridagi vaziyatni shunday tasvirlaydi: «Bizda qor yog‘di, muz parchali yomg‘ir yog‘di, butun region bo‘ylab do‘l yog‘di. Aholi harakatlanishi juda qiyin, ko‘plab avtobus yo‘nalishlari xizmat ko‘rsatishni to‘xtatdi, ko‘priklar yopiq, metro ham endi sekinroq ishlayapti. Ko‘plab avtomobil egalarida qishki shinalar yo‘q».

Uning so‘zlariga ko‘ra, uzoq va mo‘l yog‘ingarchilik sababli iliq havo kelishi bilan suv toshqini yuz berishi xavfi mavjud.

Pensilvaniya shtatida ham kuchli qor yog‘ishi kutilmoqda.

Sietl va Portlendda aholi shahar ko‘chalarini qoplagan muz ustida konki uchyapti.

Ayni paytda, qirg‘oqbo‘yi hududlari — Nyu-England, Nyu-York va Nyu-Jersi shtatlarida qirg‘oq chizig‘ini suv bosishi kuzatilmoqda.

Hatto uzoq janubiy shtatlar: Luiziana, Alabama, Florida va Jorjiya aholisi ham harorat sezilarli darajada pasayishi haqida ogohlantirish olgan.

Janubiy Dakotadagi tubjoy Amerika qabilalari (hindular) yoqilg‘i tugagach, isinish uchun kiyimlarini yoqishga majbur bo‘lgan.

Ohayo shtatida birvarakayiga ellikta mashina to‘qnashib ketgan va to‘rt mototsiklchi ushbu yirik avtohalokat qurboni bo‘lgan.

FlightAware ma’lumotlariga ko‘ra, 23 dekabr kuni AQSHda 6 mingga yaqin reys bekor qilingan. Shuningdek, 24 dekabr kungi 1200 reys ham qoldirilgan.

Bu hafta boshida esa jami 8 mingga yaqin reys bekor qilingan.

23 dekabr kuni sovuq ob-havo mamlakatning shimoli-g‘arbiy qismiga kirib keldi va keyinroq sharqqa ko‘chdi. Sinoptiklar ogohlantirganidek, 16 dekabr kuni qor bo‘roni portlovchi siklonga aylandi. Portlovchi siklon — bu o‘rta kenglikda kuzatiluvchi tabiiy hodisa bo‘lib, kun davomida siklon keskin kuchayganda, atmosfera bosimi tezda pasayadi.

«Agar ehtiyot choralari ko‘rilmasa, bunday kuchli sovuq shamol (bunday haroratda) besh daqiqadan kamroq vaqt ichida muzlatib qo‘yishi mumkin, uzoq vaqt ta’sir qilish bilan esa gipotermiya va o‘limga ham sabab bo‘ladi», — deyiladi meteorologlar ogohlantirishida.

Meteorologlarning ta’kidlashicha, bunday ob-havo AQSHda bir necha o‘n yilda bir marta kuzatiladi, ammo hozirgi siklon kuchliligi sabab misli ko‘rilmagan deb atalmoqda.

arenda kvartira tashkent
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Dunyo