00:00 / 29.12.2022
1 545

Cherkovda tarbiyalangan jurnalistning Islomni qabul qilishi

Cherkovda tarbiyalangan jurnalistning Islomni qabul qilishi
Ivonka (Maryam) Ridley — britaniyalik jurnalist, yozuvchi va siyosatchi bo‘lib 2001 yil 11 sentyabr voqealaridan keyin Afg‘onistonga jurnalist sifatida boradi va Tolibon qo‘liga asirga tushib qoladi. Uning asir tushishi butun dunyoda katta shov-shuvga sabab bo‘lgan. Ridley tutqunlikdan ozod bo‘lgach, ikki yildan keyin Islom dinini qabul qiladi va ismini Maryam deb o‘zgartirgan.

Tolibon qo‘lida tutqinlik

AQSHning Afg‘onistonga bostirib kirishi boshlanishidan bir necha kun oldin, kirish vizasi rad etilganidan so‘ng, u VVC muxbiri Jon Simpsondan o‘rnak olib, chegarani yashirin ravishda burqada kesib o‘tishga qaror qiladi.

26 sentyabr kuni Afg‘onistonga kirgach, ikki kun yashirinib yuradi. Yo‘lboshchilari bilan safar chog‘ida u o‘tirgan ulov sapchib ketadi va Tolibon askari uning kamerasi borligini payqab qoladi. Ridley josuslikda ayblanib, o‘limga hukm qilinadi, lekin, keyinchalik Afg‘onistonga noqonuniy kirgani uchun qamoq jazosi beriladi.

“Express News“ gazetasi muharriri Richard Desmond Pokistonning Islomoboddagi Afg‘oniston elchixonasiga Tolibon rasmiylari bilan to‘g‘ridan-to‘g‘ri gaplashish uchun muzokarachilar guruhini yuboradi. Tez orada tolibonlar na pul, na yordam istashadi, balki Ridleyning vijdonli jurnalist ekanini isbotlashni xohlayotgani ma’lum bo‘ladi. Britaniyaning Pokistondagi oliy komissari Hilari Sinnot Islomobodda Afg‘oniston elchisi mulla Abdul Salam Zaif bilan uchrashib, uni ozod qilishni so‘raydi. 8 oktabrda ozodlikka chiqarilgan Ridleyni chegaragacha kuzatib qo‘yishadi va u yerda Pokiston rasmiylariga topshiriladi.

Ridleyning ma’lum qilishicha, asirlikda bo‘lgan vaqtida ochlik e’lon qilgan, ammo Tolibonlar tomonidan jismonan tazyiq ko‘rmagan.

Islomni qabul qilishi

U o‘zining “Tolibon qo‘lida“ kitobida asir bo‘lganida unga hurmat bilan munosabatda bo‘lishgani, keyinchalik ularning iltifotidan hayratda qolganini yozadi.

Ridley bilan muloqot qilgan tolibonchi erkaklarning unga tikilib qarashmagani uni lol qoldirgan. Ridley dastlab “meni o‘ldirishga qaror qilishgan va shu tufayli ko‘zlarimga qaray olishmayapti”, degan xayolga borgan. Biroq keyinchalik, u bu unga hurmat ifodasi ekanini angladi. U tutqunlik vaqtida, agar uni ozod qilishsa, Qur’on o‘qib, Islomni o‘rganishga o‘ziga-o‘zi va’da beradi.

Va’dasini bajarib, Islom dinini astoydil o‘rganishga kirishgan Ivonka Ridley Qur’onda ayollarning ma’naviyat, qadr-qimmat va ta’limda teng ekanliklarini o‘rganib, hayratda qoladi. “Hamma unutadigan narsa shuki, Islom mukammaldir; odamlar emas“, deydi u.

Ivonka Ridley 2003 yilning o‘rtalarida Islomni qabul qiladi va ismini Maryam deya o‘zgartiradi. O‘zining ta’kidlashicha, uning yangi e’tiqodi buzilgan turmushini unutishga va “dunyodagi eng katta va eng yaxshi oila”ga qo‘shilishga yordam bergan.

Iymon keltirgandan keyingi faoliyati

Yangi dinni qabul qilganidan so‘ng u AQSH, Avstraliya, Janubiy Afrika va Yaqin Sharqdagi universitetlarda Iroq, Isroil, Afg‘oniston, Checheniston, Kashmir, O‘zbekistonda Islomda ayollarning o‘rni, terrorga qarshi urush va jurnalistikaga oid masalalarda ma’ruzalar qildi.

U "Tolibon qo‘lida" va "Jannatga taklifnoma" kabi bir qancha kitoblar yozadi. 2016 yilda Military Press Studies tomonidan “Qiynoq: foyda beradimi?” deb nomlangan navbatdagi kitobi chop etiladi. 2019 yili Maryam Ridleyning "Muhammad alayhissalomning yuksalishi: Payg‘ambarni o‘ldirmang!" kitobi chop etiladi.

Ridley 2014 yil dekabrigacha Buyuk Britaniyada joylashgan “Cageprisoners” guruhlarining homiysi, Xalqaro musulmon ayollar ittifoqining Yevropa prezidenti, Milan va Jenevada joylashgan Yevropa musulmon ligasi vitse-prezidenti bo‘ldi. “Urushni to‘xtating” koalitsiyasining a’zosi sifatida bir qator konferensiyalarda ma’ruza qildi.

Jurnalistlik faoliyati

2001 yil dekabr oyida Ridleyning "Tolibon qo‘lida" nomli xotiralar kitobi nashr etildi. Kitobda uning asirlikdagi 10 kuni aks etgan. Keyinroq Maryam “Express News” gazetasidan ketadi va Afg‘onistonga qaytib, yangi kitobi ustida ishlashini e’lon qiladi. U BBC radiosi uchun “Qaytish“ deb nomlangan dasturni tayyorlagan bo‘lsa-da, 2002 yilda to‘liq qaytib kelmagan edi. Kelasi yili qizi bilan hamkorlikda bu tadqiqotlarini davom ettirdi.

Maryam Ridley 2003 yil Qatarda joylashgan Al-Jazira media tashkilotida ishlagan va u yerda katta muharrir sifatida ingliz tilidagi veb-saytini ochishga yordam bergan.

Shu yili dekabr oyida uning 11 sentyabr voqealari tasvirlangan "Jannatga taklifnoma" romani chop etildi.

Maryam 2005 yil oktabr oyida siyosat va dolzarb masalalarga bag‘ishlangan “Ridley bilan kun tartibi“ ko‘rsatuvini boshladi.

Ridley mustaqil jurnalist va boshlovchi bo‘lib, bir necha yil davomida muntazam ravishda Eronning ingliz tilidagi 24 soatlik yangiliklar kanali Press TV da ishlagan. U "Kun tartibi" deb nomlangan haftalik dolzarb voqealar va siyosiy shousini olib boradi.

Maryam, shuningdek, “Daily Muslims” onlayn gazetasi uchun maqola yozgan. Aynan shu gazetada u chechen jangarisi Shamil Basayevni “shahid” deb atagan.

2008 yil may oyida u Press TV buyurtmasi asosida rejissyor Devid Miller bilan hamkorlikda Guantanamo qamoqxonasi haqida hujjatli film suratga oldi. Ularning “Guantanamo: panjara ortida” filmi 2009 yili Italiyada bo‘lib o‘tgan “Roma” festivalida va 2010 yili Qatarda bo‘lib o‘tgan “Al-jazeera” xalqaro hujjatli filmlar festivalida asosiy mukofotga nomzod bo‘lgan. Ridley 2010 yilgi “Al-jazeera” festivalida 2009 yili suratga olingan “650-mahbusni qidirishda" filmi bilan ishtirok etadi. Rejissyor Hasan G‘ani tomonidan suratga olingan mazkur film Aafiya Siddiqiy AQSH tomonidan yashirin ravishda hibsda saqlangani haqida hikoya qiladi.

Ridley 2008 yili avgust oyida Isroil-Misr blokadasiga qarshi chiqish uchun G‘azoga yo‘l olgani uchun Kiprdagi Erkin G‘azo Harakatiga qo‘shiladi. 2009 yil boshida Ridley Shimoliy Afrika bo‘ylab Rafah chegarasi orqali G‘azoga yordam olib ketayotgan 100 ga yaqin avtomashinadan iborat Viva Palestina karvonini tashkil etishga yordam beradi.

Mashhur chiqishlari

Ridley urushga qarshi nutqlarida Falastin, Iroq, Afg‘oniston, Kashmir, Checheniston, Shinjon va O‘zbekistondagi musulmonlarni qo‘llab-quvvatlagan.

U Britaniyaning tashqi siyosatini qattiq tanqid qilgan. Britaniyalik musulmon estrada yulduzi Sami Yusufning vatanparvarlik tuyg‘ulari va musulmon muxlislarining unga bo‘lgan ishtiyoqini tanqid qiladi:

Qanday qilib odam britaniyalik ekani bilan faxrlanishi mumkin? Britaniya dunyodagi islomdan eng ko‘p nafratlanadigan uchinchi davlatdir. Bu davlat Iroq, Afg‘oniston va Falastin bo‘ylab birodarlarimiz va opa-singillarimizning qoniga botgan. Tariximiz mustamlakachilik qoniga singib ketgan, ildizi qullik, vahshiylik, qiynoq va zulmga botgan”.

2006 yil fevral oyida London Imperial kollejida bo‘lib o‘tgan uchrashuvda Ridley Isroilni “Yaqin Sharqda yuksalayotgan Amerikaning kichkina vorisi“ deb ta’riflaydi. Ridley Isroil hukumatini natsistlarga qiyoslaydi va Isroil parlamenti "Adolf Gitler siyosatini qayta tiklash yo‘lida" ekani va isroillik siyosatchilar “G‘azo uchun Qiyomatni tayyorlayotgani”ni ta’kidlaydi.

2005 yil sentyabr oyida Kopengagenda bo‘lib o‘tgan konferensiyada Maryam Ridleydan jangari musulmonlar iroqlik isyonchilardan garovga olinganlarni o‘ldirgani aks etgan videolarga munosabatini so‘rashadi. Maryam ushbu videolar G‘arb ommaviy axborot vositalari tomonidan uyushtiriluvchi yolg‘on targ‘ibotning bir ko‘rinishi ekanini aytadi.

U 2006 yil may oyida Kopengagenda islomofobiya bo‘yicha konferensiyada musulmonlarni “dushmanlar oldida tiz cho‘kmaslik“ va “ularga shapaloq urgan qo‘lni o‘pmaslik”ka chaqirganidan so‘ng, olqishlarga sazovor bo‘ldi.

2003 yilda IslamExro ko‘rgazmasida so‘zlagan nutqida u “Islom ayollarga zulm qiladi”, degan fikr ayollarning Islomni qabul qilishlariga eng katta to‘siqdir, dedi u. Hijob masalasida u shunday degan: “Men o‘tgan yili Eronda bo‘lganman. Bilamanki, hijob ular uchun azob, lekin men ularga achinmayman. Shunisi aniqki, hijob tanlov emas, balki majburiyatdir”.

ISHID haqidagi fikrlari

Maryam Ridley Tolibon va ISHID mafkuralari o‘rtasida katta farq borligini aytgan. Tolibon Afg‘oniston ichida islomiy davlat tuzishni maqsad qilgan, ISHID esa boshqa xalqlarning suverenitetini mensimagan holda chegarasiz islom davlatini yaratish ustida ishlamoqda, degan. Uning ta’kidlashicha, ISHID va’da qilingan moliyaviy yordam va kuch orqali yollangan, Tolibon esa asosan afg‘on xalqi tomonidan boshqariladi va qo‘llab-quvvatlanadi. U o‘zining “Muhammad payg‘ambarning yuksalishi: Payg‘ambarni o‘ldirmang!” nomli kitobida ISHIDning qilmishlarini qoralovchi bob yozgan.

Mukofotlari

2014 yil yanvar oyida Ridley Britaniya musulmonlari marosimida “Yil musulmon ayoli” mukofotiga nomzod bo‘ldi. 2019 yil oktabr oyida u janubiy afrikalik advokatlar guruhiga yordam bergani, shuningdek, Suriyada Asad rejimi tomonidan ushlab turilganida qiynoqlar va zo‘ravonlik qurboni bo‘lgan suriyalik mahkuma ayollar bilan ishlagani uchun Tinchlik bo‘yicha Nobel mukofotiga nomzod bo‘lgan.

2020 yil mart oyida jurnalistika sohasidagi insonparvarlik faoliyati e’tirof etilgan holda, unga Shveysariyaning Bern shahridagi Xalqaro Diplomatik harakatlar akademiyasining faxriy doktori unvoni berildi.

Maryam Ridley mashhur hujjatli va badiiy filmlarda ham esga olindai. Jumladan “Rasmiy sirlar” filmida Xetti Moraxan tomonidan Maryam Ridley obrazi tasvirlangan.

Abdulaziz Muborak tayyorladi

Manba: Azon.uz

arenda kvartira tashkent
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Dunyo