
Foto: president.gov.ua
Ukraina prezidenti Vladimir Zelenskiy «Ommaviy axborot vositalari to‘g‘risida»gi qonunni imzoladi, u Ukrainadagi media-resurslar faoliyatining huquqiy asoslarini, shuningdek, ushbu sohada davlat boshqaruvi, tartibga solish va nazorat qilish asoslarini belgilaydi.
Hujjat Ukraina ommaviy axborot vositalari faoliyatini yagona tartibga soluvchi organga aylanadigan Televideniye va radioeshittirish milliy kengashining vakolatlarini kengaytiradi.
Qonunning bir qator normalari axborotni cheklashga qaratilgan. Masalan, Rossiya tashviqotini, ukrain tilini obro‘sizlantiradigan, Ukrainadagi 1917-1991 yillardagi kommunistik totalitar tuzumning «jinoyat xarakterini» inkor etuvchi yoki oqlaydigan, giyohvandlik va psixotrop moddalarni targ‘ib qiluvchi ma’lumotlarni tarqatish taqiqlanadi.
«Ommaviy axborot vositalari to‘g‘risida»gi qonun 2020 yilda Ukraina parlamentiga kiritilgan edi. Ammo birinchi o‘qishda u faqat 2022 yil avgustida ma’qullangan va 13 dekabrda mazkur hujjat ikkinchi o‘qishda qo‘llab-quvvatlandi.
Ukraina Ommaviy axborot instituti (OAI) qonunni tanqid qilib, Milliy kengash hokimiyatga juda bog‘liqligini ta’kidladi. Regulyator a’zolarining yarmini prezident, qolganini Oliy Rada tayinlaydi.
RBK-Ukraina yozganidek, qonun Ukrainaning Yevropa Ittifoqiga nomzodi bilan bog‘liq majburiyatlarni bajarishdagi uchinchi va oxirgi qadam bo‘ldi. Avvalroq parlament ozchiliklar to‘g‘risidagi qonunni qabul qilib, Konstitutsiyaviy sud sudyalarini tanlov asosida tanlashni ma’qullagan edi.
Hujjat amaldagi qonunchilikka muvofiq alohida maqomga ega bo‘lmagan onlayn ommaviy axborot vositalarini tartibga soladi. Shunday qilib, qonunchilikda o‘z veb-saytlarida muntazam ravishda ma’lumot tarqatadigan onlayn-resurslar ommaviy axborot vositalari hisoblanadi, degan ta’rif paydo bo‘ldi. Ammo bu qoida audiovizual deb tasniflangan ommaviy axborot vositalariga tatbiq etilmaydi. Birinchi nashrlarda deputatlar ijtimoiy tarmoqlarda sahifasi bo‘lgan har bir kishini onlayn OAV deb atashni taklif qilishgan edi.

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosingMavzuga oid yangiliklar