date
views 438

Yaralangan «Vagner» jangchilari Putinning qiziga tegishli klinikada davolanmoqda

Yaralangan «Vagner» jangchilari Putinning qiziga tegishli klinikada davolanmoqda
Foto: «Korrespondent.net»
Ukrainada yaralangan «Vagner» guruhi yollanma jangchilari Sankt-Peterburgdagi «Moy meditsinskiy sentr» xususiy klinikasida davolanmoqda, deb xabar beradi Radio Svoboda.

Aniqlik kiritilishicha, rebrendingga qadar klinika «Sogaz Meditsina» deb nomlangan — u Vladimir Putinning do‘sti Yuriy Kovalchuk va prezidentning qizi Mariya Voronsova bilan bog‘liqdir.

Bu klinikada avvalroq Putinning do‘stlari, Federal qo‘riqlov xizmati rahbarlari, Federatsiya kengashi spikeri Valentina Matviyenko va hukmron elitaning boshqa vakillari davolanib chiqqan.

Avvalroq internetda «Vagner» asoschisi Yevgeniy Prigojin «Peterburg klinikalaridan birida reabilitatsiyadan o‘tayotgan og‘ir yarador jangchilarni ziyorat qilayotgani» aks etgan video paydo bo‘lgandi.

2022 yil avgustida «SOGAZ» sug‘urta guruhiga sherik kompaniya «Nomeko» AJ ushbu klinikalar tarmog‘ining yangi egasiga aylangan. Klinika rahbari lavozimida Vladislav Baranov qolgan: sentyabrda «Moy meditsinskiy sentr» MCHJ ishtirokchilari uni direktorlar kengashi rahbari etib sayladi.

Vladislav Baranov va «Nomeko» orqali klinika Vladimir Putinning qizi Mariya Voronsovaga aloqador hisoblanadi: Baranov «Nomeko» egalaridan biridir, bu kompaniya esa Leningrad viloyatidagi «yuqori texnologik ko‘p funksional tibbiy majmua» qurilishi ortida turibdi. Rasmiy hujjatlarga ko‘ra, Mariya Voronsova «Nomeko» aksiyadori hisoblanadi.

«SOGAZ»ga Vladimir Putinning jiyani Mixail Shelomov ham aloqadordir.

Mariya Voronsova — bolalar endokrinologi. 2011 yilda u Moskva davlat universiteti fundamental tibbiyot fakultetini bitirgan. Avvalroq u Moskva davlat universiteti fundamental tibbiyot fakulteti dekani o‘rinbosarlaridan biri etib tayinlangani xabar berilgandi.

Vladimir Putinning ikkinchi qizi Katerina Tixonova ham Moskva davlat universiteti bilan chambarchas bog‘liq. U «Innopraktika» fondiga rahbarlik qiladi, MDU Murakkab tizimlar matematik tadqiqotlari instituti direktori o‘rinbosari va MDU Sun’iy intellekt va intellektual tizimlar muammolarini istiqbolli tadqiq qilish instituti rahbari bo‘lib ishlaydi.

Mariya Voronsova va Katerina Tixonova AQSH va Yevroittifoq sanksiyalariga uchragan.

Avvalroq OAVlarda Mariya Voronsova va Katerina Tixonova Vladimir Putin bilan qarindoshlik aloqalariga ega bo‘lishi mumkinligi haqida ko‘plab dalillar keltirilgan, ular «prezidentning ehtimoliy qizlari» deb atalgan edi. Sanksiyalar kiritilganidan keyin Kreml Voronsova va Tixonova Putinning oilasi a’zolari ekanini tan oldi, hisob.
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Dunyo » Yaralangan «Vagner» jangchilari Putinning qiziga tegishli klinikada davolanmoqda