
Foto: Anadolu Agency
Shvetsiya aksilislomiy xatti-harakatlari uchun Anqaradan NATOga a’zo bo‘lish hujjatini ratifikatsiya qilish bo‘yicha yordam olmaydi. Bu haqda Turkiya prezidenti Rajab Toyyib Erdo‘g‘an Vazirlar Mahkamasi yig‘ilishida aytdi, deb xabar berdi TASS.
«Shvetsiyadagi bu nopok harakatlar (...) musulmonlarni, shuningdek, barcha odamlarning huquq va erkinliklarini haqorat qilish hisoblanadi. Siz [KIP] terrorchilarini qo‘llab-quvvatlashda davom etyapsiz, shuningdek, NATOga qo‘shilish uchun yordamni kutyapsiz. Bunday bo‘lmaydi. Shvetsiya endi bizdan bu yordamni kutmasligi kerak», dedi Turkiya rahbari.
Avvalroq, Daniyaning ultrao‘ng «Keskin kurs» partiyasi yetakchisi Rasmus Paludan Turkiyaning Shvetsiyadagi elchixonasi oldida Qur’onni yoqib yubordi. U bunga mahalliy politsiyadan ruxsat olganini aytdi. O‘z navbatida, Shvetsiya politsiyasi bunga izoh berarkan, «norozilik namoyishini o‘tkazish qadriyati va so‘z erkinligi mamlakat konstitutsiyasi tomonidan himoya etilishini» ta’kidladi.
Bundan tashqari, Shvetsiya sudi Kurdiston ishchilar partiyasi (KIP, Turkiyada terrorchi tashkilot sifatida tan olingan) tarafdorlarining Turkiya prezidenti Rajab Toyyib Erdo‘g‘an qiyofasidagi qo‘g‘irchoqni yoqib yuborilishi bilan bog‘liq holatni tekshirishdan bosh tortdi.
Shuningdek, Shvetsiya va Finlyandiya hukumati Turkiya tomoni terrorchi deb hisoblagan 130 ga yaqin kurdni Anqaraga ekstraditsiya qilishdan bosh tortgan edi.

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosingMavzuga oid yangiliklar