18:45 / 11.02.2023
567

General Xodjes: Ukraina qiruvchi samolyotlar olsa, bu yil g‘alaba qozonadi

General Xodjes: Ukraina qiruvchi samolyotlar olsa, bu yil g‘alaba qozonadi
Foto: AP
Agar G‘arb davlatlari so‘ralgan qiruvchi samolyotlarni zudlik bilan Kiyevga topshirishga qaror qilsa, Ukraina bu yil Rossiya bilan urushda to‘liq g‘alaba qozonishi mumkin. Bunday fikrni AQSHning Yevropadagi qo‘shinlari sobiq qo‘mondoni, iste’fodagi general-leytenant Ben Xodjes bildirdi.

«Agar biz ushbu darajadagi qo‘llab-quvvatlashni saqlab qolishda davom etsak, Ukraina albatta g‘alaba qozonadi, bunga hech qanday shubha yo‘q. Lekin bu besh yilgacha vaqt olishi mumkin, bu vaqt ichida ko‘plab begunoh odamlar halok bo‘ladi. Qanchalik tezroq ularga hal qiluvchi natijaga erishish imkoniyati berilsa, hamma narsa shuncha tezroq tugaydi. Bu urush shu yil yakunlanishi mumkinligiga ishonaman. Ukraina Rossiyani mag‘lub etib, Qrim va Donbassni tark etishga majbur qilishi mumkin. Bu qachongacha davom etishi bizga bog‘liq», dedi Xodjes 10 fevral, juma kuni DW nashriga bergan intervyusida.

Uning so‘zlariga ko‘ra, ukrainalik uchuvchilarni G‘arb qiruvchilarini boshqarishga o‘rgatish bilan bog‘liq qiyinchiliklar Kiyevni samolyotlar bilan ta’minlashning iloji yo‘qligini anglatmaydi. «Ukraina, albatta, eng yaxshi uchuvchilarni tanlab, ularni yangi qiruvchilarga o‘tkazadi. Ular universitetlarga noldan o‘qishga yuboriladi degani emas», - deya tushuntirdi general va bu jarayonni tezroq boshlashga chaqirdi.

Ben Xodjesning so‘zlariga ko‘ra, qiruvchi samolyotlarni yetkazib berish aslida HIMARS tizimlari yoki Panzerhaubitze 2000 gaubitsalarini Kiyevga topshirishdan farq qilmaydi. Bularning barchasi Qurolli kuchlarga Rossiya bazalari, logistika va harbiy texnikasiga hujum qilish imkoniyatini beradigan uzoq masofali aniq qurollardir, dedi u.

Xodjesning aytishicha, harbiy yordam bo‘yicha AQSH va uning ittifoqchilari kesib o‘tmaydigan yagona «qizil chiziq» bu harbiy xizmatchilarni jang maydonidagi urushda bevosita ishtirok etish uchun yuborishdir. «Ammo ukrainaliklar buni so‘ramaydilar, ularga kerak emas», - dedi amerikalik general.

Qrim ustidan nazorat Ukrainaga qaytarilmasdan turib, to‘liq g‘alaba haqida gapirishning iloji yo‘q, dedi Ben Xodjes. «Ularning suveren hududlarini to‘liq tiklash. Rossiya Qrimda qolar ekan, u hujumni qayta boshlash uchun biz ketishimizni kutib turadi», - deya ogohlantirdi u.

Rossiya hujumi go‘yoki tayyorlanayotgani haqida gapirar ekan, Xodjes rus qo‘shinlari «katta» hujumni boshlash qobiliyatiga ega ekanligiga shubha qildi. «Ularning zirhli texnikasi yo‘q, yorib o‘tish qobiliyati ham yo‘q», dedi general va kichik bir olg‘a siljish Ukrainadagi «umumiy operatsion muhit»ni o‘zgartirmasligini qo‘shimcha qildi. Kiyev, uning fikricha, Rossiya muvaffaqiyatini cheklash uchun yetarli resurslarga ega, ammo bu yo‘qotishlar nuqtayi nazaridan qimmatga tushadi.

arenda kvartira tashkent
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Dunyo