12:00 / 13.02.2023
254

Turkiya va Suriyada zilzila qurbonlari soni 30 mingdan oshdi

Turkiya va Suriyada zilzila qurbonlari soni 30 mingdan oshdi
Foto: yenisafak
6 fevral kuni Turkiya va Suriyada epitsentri Gaziantep yaqinida bo‘lgan 7,8 magnitudali zilzila va undan keyingi aftershoklar qurbonlari soni 30 mingdan oshdi. Turkiyada 29 605 kishi qurbon bo‘ldi, deb xabar berdi Anadolu davlat agentligi 12 fevral, yakshanba kuni favqulodda vaziyatlardan himoya qilish agentligi AFAD'ga tayanib. Suriyada tasdiqlangan qurbonlar soni 3575 kishiga yetdi.

Ayni paytda, 11 fevral kuni Turkiyaning zilziladan eng ko‘p zarar ko‘rgan Qahramanmarash viloyatiga kelgan BMT bosh kotibining gumanitar masalalar bo‘yicha o‘rinbosari Martin Griffits qurbonlar soni «ikki baravar, hatto undan ham ko‘proq oshadi» degan fikrni bildirdi. Griffitsning fikricha, bu bosqichda qandaydir baho berish qiyin, chunki tabiiy ofat oqibatida hosil bo‘lgan vayronalarni tozalash kerak.

Turkiyaning İHA axborot agentligining 11 fevral kuni xabar berishicha, Turkiya janubidagi Hatay viloyatida tabiiy ofatdan 140 soat o‘tib yetti oylik bola vayronalar ostidan tirik holda olib chiqildi. Biroz oldin xuddi shu viloyatda ikki yoshli qizcha qutqarib olingandi.

Vaqt o‘tishi bilan vayronalar ostidan tirik odamni topish imkoniyati kamroq bo‘ladi. Turkiya hukumati avtoturargohlar, stadionlar va sport zallarida vaqtinchalik o‘likxonalar tashkil etdi.

Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti ma’lumotlariga ko‘ra, Turkiya va Suriyada 26 million kishi tabiiy ofat oqibatlarini boshdan kechirishi mumkin, jumladan, ilgari ijtimoiy himoyasiz deb hisoblangan besh millionga yaqin kishi zarar ko‘radi.

«Iqtisodiy yo‘qotishlarni taxmin qilish qiyin», chunki vaziyat o‘zgarib turibdi, biroq ular 2 milliard dollardan (1,8 milliard yevro) oshib, 4 milliard dollarga (3,7 milliard yevro) yetishi mumkin, deb ta’kidlagandi Fitch Ratings.

Agentlikning ta’kidlashicha, sug‘urta kompaniyalarining yo‘qotishlari mintaqada sug‘urta qoplamasining past taqsimlanishi tufayli 1 milliard dollar (930 million yevro) darajasida bo‘lishi mumkin.

Tahlilchilarga ko‘ra, dahshatli zilzila Rajab Toyyib Erdo‘g‘anning 14 may kuni Turkiya prezidenti etib qayta saylanish rejalarini barbod qilishi xavfi bor. Natijalar uning harakatlari tezligiga bog‘liq bo‘ladi.

«Favqulodda vaziyatga samarali javob berish davlat rahbari va uning Adolat va taraqqiyot partiyasi pozitsiyasini mustahkamlab, milliy birdamlik tuyg‘usiga hissa qo‘shishi mumkin», dedi Teneo xalqaro konsalting kompaniyasi eksperti Volfango Pikkoli. «Agar zilzilaga javob choralari muvaffaqiyatli bo‘lmasa, Erdo‘g‘an may oyida bo‘lib o‘tadigan saylovlarda mag‘lub bo‘lishi mumkin», deb bashorat qilgan Britaniya Foreign Policy Centre markazidan Emre Kaliskan.

AQSH Geologiya xizmati (USGS) ma’lumotlariga ko‘ra, 6 fevral kuni mahalliy vaqt bilan soat 04:17 da Suriya bilan chegaraga yaqin muhim sanoat markazi Gaziantep shahri yaqinida 7,8 magnitudali zilzila sodir bo‘lgan. Yer silkinishlari Livan, Iroq, Misr, Gretsiya, Kipr va Isroilda ham sezilgan. Keyinchalik, 7,5 magnitudali ikkinchi zilzila va o‘nlab kuchsizroq aftershoklar sodir bo‘ldi, deb xabar qildi USGS. Yer silkinishlari poytaxt Anqara, Adana, Nevshehir, Gaziantep, Kayseri, Mersin, Hatay kabi turli hududlarda sezildi.

Turkiya ogohlantirishning eng yuqori darajasi – to‘rtinchi darajani e’lon qildi. Prezident Rajab Toyyib Erdo‘g‘an tabiiy ofat munosabati bilan favqulodda holat va bir haftalik motam haqida ma’lum qildi.

Turkiya hukumati xalqaro yordam so‘radi va mintaqaga o‘nlab mamlakatlardan qutqaruv guruhlari yuborildi. BMT jabrlanganlarga yordam berish uchun 25 million dollar ajratilishini e’lon qildi.

BMTning insonparvarlik yuklari ortilgan birinchi karvoni Suriyaga 9 fevral kuni kirdi, dedi Turkiya bilan chegaradagi Bab al-Hava punkti matbuot kotibi Mazen Allush.

Bundan tashqari, Armaniston va Turkiya o‘rtasida quruqlikdagi chegara 35 yil ichida birinchi marta ochildi. Turkiyaning Anadolu axborot agentligining 11 fevral kuni xabar berishicha, Armaniston besh yuk mashinasida insonparvarlik yordami yuborgan.

arenda kvartira tashkent
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Dunyo