15:33 / 18.02.2023
876

Xitoy Rossiyani Ukrainada urushni to‘xtatishga chaqirdi

Xitoy Rossiyani Ukrainada urushni to‘xtatishga chaqirdi
Xitoy Ukrainadagi mojaroni tezroq tugatishga chaqirdi. Mamlakatning BMTdagi doimiy vakili Chjan Jun Xavfsizlik kengashi yig‘ilishida so‘zga chiqib, Rossiya o‘t ochishni to‘xtatib, “imkon qadar tezroq” Ukraina bilan muzokara stoliga o‘tirishi kerakligini aytdi.

Xitoy G‘arb davlatlari kelishuv jarayoniga qo‘shilishi kerak, deb hisoblaydi. “AQSH, Yevropa Ittifoqi va NATO ham xavfsizlikning bo‘linmasligi tamoyillariga asoslangan keng qamrovli va chuqur muloqot uchun Rossiya bilan muzokaralar stoliga o‘tirishi kerak”, dedi Jun.

Uning so‘zlariga ko‘ra, tomonlar “muvozanatli va barqaror xavfsizlik arxitekturasini” qanday qurishni muhokama qilishi lozim. "Agar Minsk kelishuvlarining barcha talablari samarali bajarilganida, Ukraina inqirozi bugungi darajaga yetmasligi kerak edi", deya qo‘shimcha qildi doimiy vakil.

Jun Xitoyning Ukrainada sodir bo‘layotgan voqealarga nisbatan pozitsiyasini izchil va aniq ekanligini aytib: "Pekin barcha mamlakatlar suvereniteti va hududiy yaxlitligini hurmat qilish tarafdori, ammo xavfsizlik sohasidagi barcha davlatlarning qonuniy manfaatlari ham hisobga olinishi kerak", deya ta’kidladi.

Pekin Rossiya Ukrainaga bostirib kirishidan keyingi oylarda Moskvani qoralashdan tiyilib, Ukraina muammosi “murakkab va o‘ziga xos tarixiy kontekst”ga egaligini ta’kidlab, hozircha bosqinni urush, deb atashdan bosh tortdi. Biroq mojaro cho‘zilganidan keyin, Pekin Moskvani harbiy harakatlarni to‘xtatishga chaqira boshladi.

22 sentyabr kuni Xitoy tashqi ishlar vaziri Van I BMT Xavfsizlik kengashi yig‘ilishida Rossiya va Ukraina o‘rtasidagi muzokaralarni osonlashtirish zarurligini ma’lum qildi.

Xitoy rahbari Si Szinpin noyabr oyida G20 sammitida Fransiya prezidenti Emmanuyel Makron bilan muloqot chog‘ida Rossiya va Ukrainani o‘t ochishni to‘xtatishga chaqirgan edi. U, shuningdek, Germaniya kansleri Olaf Sholsga Yevropada yadroviy kuch qo‘llanilishiga qarshi ekanini aytib, Pekin urush avj olishiga yo‘l qo‘ymaslik istagida ekanini ta’kidladi.

Dekabr oyi oxirida Xitoy rahbari Rossiya Federatsiyasi Xavfsizlik kengashi raisi o‘rinbosari Dmitriy Medvedevga Pekin Ukraina bo‘yicha muzokaralar olib borilishini istashini ma’lum qilgan edi. Si Szinpinning aytishicha, uning ma’muriyati "tinchlik va muzokara tarafdori".

Xitoy tomonlar oqilona va vazminlikni saqlab, keng qamrovli muzokaralar olib borishi va o‘zaro xavfsizlik masalalarini siyosiy yo‘llar bilan hal qilishiga umid qiladi”, dedi u.

Yanvar oyida prezident Vladimir Putin Si Szinpinni Ukrainaga hujum qilmoqchi ekani haqida ogohlantirmagani va bosqindan bir necha kun oldin Xitoyga tashrifi chog‘ida u Kiyev Rossiya hududiga hujum qilsa va gumanitar falokatga sababchi bo‘lsagina "chora ko‘rishi" mumkinligini aytgani ma’lum bo‘ldi. Financial Times gazetasining Xitoy rasmiylariga tayanib yozishicha, aynan shu sababli rasmiy Pekinning Putinga ishonchi yo‘qolgan.

Shu bilan birga Xitoy G‘arb bilan keskinlikni kamaytirishga va Yevropadagi o‘z pozitsiyasini mustahkamlashga qaror qildi. Shu munosabat bilan u o‘zini nafaqat ehtimoliy tinchlikparvar sifatida taklif qilmoqda, balki Ukrainani urushdan keyin tiklash jarayonida ishtirok etishga ham tayyor, deb ta’kidladi FT manbalari.

arenda kvartira tashkent
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Dunyo