Shols: Putin o‘z maqsadiga erisha olmasligini tan olsa, urushni tezroq tugatish imkoni shunchalik ko‘p bo‘ladi
Foto: EPA
Germaniya qat’iy ravishda Ukraina tomonida. Bu haqda Germaniya kansleri Olaf Shols urush boshlanganining bir yilligi munosabati bilan qilgan murojaatida aytib o‘tdi.
«Mana bir yildirki, Rossiya Ukrainaga qarshi shafqatsiz bosqinchilik urushi olib bormoqda. Germaniya Ukraina tomonida qat’iy turibdi va kelajakda ham shunday bo‘ladi», - dedi Shols.
Rossiya prezidenti Vladimir Putin «o‘z imperialistik maqsadiga erisha olmasligini tan olsa, urushni tezroq tugatish imkoniyati shunchalik ko‘p bo‘ladi», deya qo‘shimcha qildi Germaniya vazirlar mahkamasi rahbari.
Germaniya kansleri Olaf Sholsning fikricha, Rossiyaning Ukrainaga qarshi urushini to‘xtatish bo‘yicha muzokaralar vaqti hali kelmagan. «Tinchlik istiqbolini ochadigan payt hali oldinda», dedi u 23 fevral, payshanba kuni Germaniyaning ZDF telekanaliga bergan intervyusida.
«Muzokaralarni hozir boshlash kerak, deyish hech narsaga olib kelmaydi. Shuni tushunish kerakki, Rossiya prezidenti hozirda muzokaralarning faqat bitta shakliga ruxsat beradi, ya’ni kimdir so‘zsiz taslim bo‘ladi va u o‘zining barcha maqsadlariga erishadi», - deb tushuntirdi Shols.
“Zamin” yangiliklarini “Telegram”da kuzatib boring