00:13 / 16.03.2023
601

Olimlar kovidning yangi nojo‘ya ta’sirini aniqladilar

Olimlar kovidning yangi nojo‘ya ta’sirini aniqladilar

Foto: iStock via Getty Images

AQSH Dartmut kolleji olimlarining yangi tadqiqoti shuni ko‘rsatdiki, uzoq muddat davom etadigan COVID-19 kasalligining yana bir nojo‘ya ta’siri «yuz tanimaslik» deb ataladigan prozopagnoziya bo‘lishi mumkin. Bu odamlarni tanib olish qobiliyatini yo‘qotishdir.

Olimlarga koronavirusning ko‘plab nojo‘ya ta’sirlari, jumladan, diqqat, xotira va nutqning buzilishi, shuningdek, hid va ta’mni yo‘qotish ma’lum edi. Ammo prozopagnoziya ilgari uchramagan.

Yangi tadqiqotda olimlar 28 yoshli Enni bilan bog‘liq holatni tasvirlab berishdi. Qiz portret rassomi bo‘lib ishlagan, ammo COVID-19 kasalligidan keyin u odamlar yuzini, shu jumladan qarindoshlarini tanimay qolgan.  U kasal bo‘lganidan keyin ota-onasi bilan birinchi marta uchrashganida, ularni tanimasdan o‘tib ketgan. Faqat ovoz bilan chaqirishganida tanigan. Shuningdek, qiz navigatsiya qobiliyatining yomonlashuvidan shikoyat qilgan.

Tadqiqot mualliflarining fikriga ko‘ra, bunday anormalliklar odatda miya jarohatlari yoki rivojlanish buzilishlaridan keyin kuzatiladi. Ammo Enni hech qachon bunday narsalarni boshdan kechirmagan edi.

Bemorda haqiqatan ham prozopagnoziya borligiga ishonch hosil qilish uchun olimlar bir qator testlarni o‘tkazdi: unga taniqli va notanish odamlarning fotosuratlari ko‘rsatildi. Darhaqiqat, qiz qarindoshlarini tanib olishda qiynalgan.

Olimlarning fikricha, bu uzoq muddatli koronavirus bilan bog‘liq. Shuning uchun ular 12 hafta yoki undan ko‘proq vaqt davomida COVID-19 alomatlari bo‘lgan yana 54 kishining ma’lumotlarini o‘rganib chiqishdi. Ularning aksariyati kognitiv muammolarni, jumladan, oila a’zolarini tanib olishda qiyinchiliklarga uchragan.

Shunday qilib, garchi tadqiqot miqyosi kichik bo‘lsada, olimlar «yuz tanimaslik» kasallikning keng tarqalgan oqibati bo‘lishi mumkin degan xulosaga kelishdi.


arenda kvartira tashkent
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Dunyo