Foto: Picture Alliance
Rossiyaning Ukrainaga keng ko‘lamli bostirib kirishi boshlanganidan beri birinchi marta Isroil Ukrainaga qurol-yarog‘ yetkazib berish bo‘yicha eksport litsenziyalarini tasdiqladi– bular uchuvchisiz uchoqlarga qarshi mudofaa tizimlari bo‘lishi mumkin, deb yozadi 15 mart, chorshanba kuni Amerikaning Axios axborot portali Isroil va Ukraina rasmiylariga tayanib.
Nashrning yozishicha, Isroilning uchuvchisiz uchoqlarga qarshi mudofaa tizimlarini ishlab chiqaruvchi ikki kompaniyasi Elbit va Rafael shunday litsenziyalarni olgan. Ular 40 kilometr radiusda UUAni urib tushirish imkonini beruvchi radioelektron texnologiyalardan foydalanadi. Isroil tashqi ishlar vaziri Eli Koen fevral oyi o‘rtalarida Kiyevga tashrifi chog‘ida Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiyga litsenziyalar berilganini ma’lum qildi, deb yozadi gazeta.
Bundan tashqari, Ukraina Mudofaa vazirligi delegatsiyasi taklif etilayotgan tizimlar bilan tanishish uchun Isroilga tashrif buyurgani, biroq hozircha yetkazib berish bo‘yicha kelishuvlar imzolanmagani xabar qilingan.
Avvalroq, 28 yanvar kuni Isroilning Germaniyadagi elchisi Ron Prosor Isroil Ukrainaga yordam berayotganini, «lekin bu oshkora emasligi va ma’lum bo‘lganidan ko‘ra ko‘proq ekanini» aytib, ushbu masalada o‘z mamlakati egallab turgan pozitsiyasini tushunishga chaqirgan edi. Diplomat buni «Suriyada ruslar» borligi, shuningdek, Rossiyada katta yahudiy jamiyati mavjudligi bilan izohladi.
Yaqin vaqtgacha Isroil Ukrainaga qurol yetkazib berishni qat’iyan rad etgan, ammo Isroil rasmiylari Rossiya agressiyasini bir necha bor aniq qoralagan. 19 yanvar kuni yangi tashqi ishlar vaziri Eli Koen Kiyevni humanitar yordam ko‘rsatish davom ettirilishiga ishontirdi.
Bundan oldin, 2022 yil oktyabr oyida Ukraina rasmiylari Isroilga Eron uchuvchisiz uchoqlaridan himoya uchun havo hujumidan mudofaa tizimini yetkazib berish bo‘yicha so‘rov yuborgani xabar qilingan edi. DW'ning Ukrainaga havo hujumidan mudofaa tizimi elementlarini yetkazib berish imkoniyati haqidagi savoliga Isroil TIV rasmiy vakili Isroil «bunday mavzularni muhokama qilmasligini» aytdi.
Isroilda navbatdan tashqari saylovlar bo‘lib o‘tib, bosh vazir Benyamin Netanyaxu hokimiyatga qaytganidan so‘ng, u fevral oyi boshida CNN telekanaliga bergan intervyusida o‘z mamlakati Ukrainani «Temir gumbaz» havo mudofaa tizimi bilan ta’minlash imkoniyatini istisno qilmasligini bildirdi.
Bir qator g‘arb davlatlari, shuningdek, Kiyev ma’lumotlariga ko‘ra, Eron Rossiyaga jangovar uchuvchisiz uchoqlarni yetkazib bermoqda va ulardan Ukrainaga hujum qilish uchun foydalaniladi. Biroq Moskva va Tehron bunday hamkorlikni rad etib keladi.
“Zamin” yangiliklarini “Telegram”da kuzatib boring![arenda kvartira tashkent](/uploads/d5fb3f5cdf_bisyor_banner_1000x100.webp)