10:18 / 24.03.2023
142

Fransiyada 170 dan ortiq namoyishchi qo‘lga olindi

Fransiyada 170 dan ortiq namoyishchi qo‘lga olindi
Foto: AFP
Fransiyada pensiya islohotiga qarshi namoyishlar chog‘ida 170 dan ortiq kishi, jumladan, 72 nafari Parijda qo‘lga olindi. 23 mart, payshanba kuni namoyishchilar va huquq-tartibot kuchlari o‘rtasidagi to‘qnashuvda 150 ga yaqin politsiyachi jarohat oldi.
 
Mamlakatning bir qator shaharlarida norozilik namoyishlari bo‘lib o‘tdi. Fransiya poytaxtida namoyishchilar shaharning tarixiy markazida to‘planib qolgan chiqindi uyumlariga o‘t qo‘ydi. Bundan tashqari, AFP xabariga ko‘ra, bir necha yuzlab qora libos kiygan radikal namoyishchilar banklar, do‘konlar va umumiy ovqatlanish shoxobchalarining oynalarini sindirgan, shuningdek, ko‘cha mebellarini vayron qilgan. Politsiyaga shishalar, petardalar va toshlar otilgan. Huquq-tartibot xodimlari namoyishchilarga qarshi ko‘zdan yosh oqizuvchi gaz ishlatgan va tayoqlar bilan olomonga hujum qilgan.
 
Fransiya ichki ishlar vaziri Jerald Darmaninga ko‘ra, birgina Parijda 140 ga yaqin o‘t qo‘yish sodir bo‘lgan. U zo‘ravonliklarda «politsiya va jamoat binolariga hujum qilish uchun» poytaxtga kelgan «bezorilar»ni aybladi. Namoyishchilar tomonidan boshqa shaharlarda ham yong‘inlar uyushtirildi. Bordoda namoyishchilar shahar meriyasi eshigiga o‘t qo‘yishdi.
 
Fransiya Ichki ishlar vazirligi ma’lumotlariga ko‘ra, payshanba kuni butun mamlakat bo‘ylab o‘tkazilgan namoyishlarda 1,089 millionga yaqin kishi ishtirok etgan. Parijda 119 mingga yaqin namoyishchi ko‘chalarga chiqdi. Kasaba uyushmalari vakillari Fransiya bo‘ylab 3,5 million, poytaxtda esa 800 ming namoyishchilar haqida ma’lum qildi. Ular tinch namoyishlarni davom ettirishga chaqirdi.
 
Fransiyada ommaviy noroziliklarga sabab bo‘lgan Emmanuel Makron va’da qilgan pensiya islohoti 2030 yilgacha pensiya yoshini bosqichma-bosqich 62 yoshdan 64 yoshgacha oshirish, shuningdek, eng kam pensiya miqdorini 1200 yevroga yetkazishni nazarda tutadi. U hukumat tomonidan parlamentni chetlab o‘tgan holda qabul qilingan. Buning uchun u Fransiya konstitutsiyasining maxsus moddasiga murojaat qildi.

arenda kvartira tashkent
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Dunyo