date
views 71

Qodirov yana “Chechenistonda xizmat ko‘rsatgan huquq himoyachisi” medali bilan taqdirlandi

Qodirov yana “Chechenistonda xizmat ko‘rsatgan huquq himoyachisi” medali bilan taqdirlandi
Foto: Twitter
Chechenistonning Inson huquqlari bo‘yicha komissari Nurdi Nuxajiyev respublika rahbari Ramzan Qodirovni “Checheniston respublikasida xizmat ko‘rsatgan inson huquqlari himoyachisi” medali bilan taqdirladi, deb xabar bermoqda Meduza.
 
Fuqarolarning konstitutsiyaviy huquq va erkinliklarini himoya qilishdagi ulkan xizmatlari, chechen xalqining milliy manfaatlarini ta’minlash, an’anaviy qadriyatlarga va burchga sodiqlik masalalarida jasorat va halollik uchun taqdirlandi”, — deyiladi hujjatda.
 
“TASS” xabariga ko‘ra, xuddi shunday medallar bilan respublika rahbarining ota-onasi – Mintaqaviy jamoat fondi prezidenti Aymani Qodirova va Chechenistonning birinchi prezidenti Axmat-Xoji Qodirov (vafotidan keyin) ham taqdirlangan.
 
Qodirov 2007 yildan beri Chechenistonni boshqarib keladi. U bir necha bor respublikada va xorijda inson huquqlarini buzganlikda ayblangan.
 
2021 yil oxirida ham Checheniston rahbari va uning ota-onasi respublikada xizmat ko‘rsatgan huquq himoyachilari deb e’lon qilingan edi. O‘shanda Ombudsman Qodirovlarning “inson huquqlarini ta’minlash, davlatchilikni mustahkamlash, fuqarolarning ijtimoiy-iqtisodiy huquqlarini ro‘yobga chiqarish, har bir inson va jamiyat farovonligini oshirish uchun shart-sharoit yaratish, keng ko‘lamli gumanitar yordam ko‘rsatish va xayriyaga qo‘shgan ulkan hissasi”ni qayd etgan.
 
2023 yil fevralda Ramzan Qodirov Checheniston respublikasi Qahramoni unvonini oldi, bu unvonni uning o‘zi 2022 yil kuzida ta’sis etgan. Qodirov yangi unvonga sazovor bo‘lgan birinchi shaxsga aylandi.
 
Umuman olganda, Qodirov bir necha o‘nlab davlat va hududiy mukofotlar sohibi, jumladan,  respublika rahbariga “Chechenistonda xizmat ko‘rsatgan jismoniy tarbiya xodimi” va “Chechenistonda xizmat ko‘rsatgan quruvchi” faxriy unvonlari ham berilgan.
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Dunyo » Qodirov yana “Chechenistonda xizmat ko‘rsatgan huquq himoyachisi” medali bilan taqdirlandi