267
AQSH uzra kuchli tornado shahar va qishloqlarga jiddiy zarar yetkazdi, odamlar o‘limiga sabab bo‘ldi
![AQSH uzra kuchli tornado shahar va qishloqlarga jiddiy zarar yetkazdi, odamlar o‘limiga sabab bo‘ldi](/uploads/posts/2023-04/arss7v3r0h54aocdxozog2ayvuvap3wu.jpg)
Foto: AP
1 aprel kuni AQSH bo‘ylab esgan kuchli bo‘ronlar janubiy va o‘rta g‘arbdagi shahar va qishloqlarga jiddiy zarar yetkazdi, kamida 18 kishining hayotiga zomin bo‘ldi. Bu haqda AP xabar berdi.
Kamida yettita shtatda tornadolar uylar va korxonalarni vayron qilgan, daraxtlarni ildizi bilan qo‘porib tashlagan va 85 millionga yaqin aholi istiqomat qiladigan hududlarda vayronagarchiliklarga sabab bo‘lgan.
Tennessi shtatining Makneyri okrugida yetti kishi, Arkanzas shtatidagi Uinn shahrida to‘rt kishi va Indiana shtatining Sallivan shahrida uch kishi halok bo‘lgani ma’lum.
Shuningdek, Alabama, Illinoys va Missisipi shtatlarida, Litl-Rok hududida ham qurbonlar qayd etilgan.
Tennessi shtatidagi 8 mingga yaqin aholidan iborat Uinn shahrida o‘rta maktab tomi qulab tushgan va derazalari uchib ketgan. Ulkan daraxtlar ildizi bilan qo‘porilgan. Uylar va korxonalarning devorlari qulagan, derazalari va tomlari singan.
Missisipi chegarasida joylashgan Makneyri okrugida yetti kishi halok bo‘lgan.
Indiana shtatining Sallivan okrugida, Indianapolisdan 150 kilometr janubi-g‘arbda, Illinoys shtati yaqinida uch kishi halok bo‘lgan.
Sallivan meri Klint Lamb matbuot anjumanida okrug markazidan janubdagi 4 mingga yaqin odam yashaydigan hudud «hozir deyarli tanib bo‘lmas» holatga tushganini, bir kechada bir necha kishi vayronalar ostidan qutqarilganini, 12 kishi jarohat olganini aytdi.
Litl-Rok hududida kamida bir kishi halok bo‘ldi va yigirmadan ortiq kishi jarohat oldi, ba’zilarining ahvoli og‘ir, deydi rasmiylar. Litl-Rok meri Frenk Skott so‘zlariga ko‘ra, 2100 ta uy va korxona tornado yo‘lida qolgan, biroq qanchasi zarar ko‘rgani haqida ma’lumot yo‘q.
Alabama shtati shimolidagi Medison okrugida tornado bir ayolni o‘ldirdi. Missisipi shimolidagi Pontotok okrugida rasmiylar bir kishi o‘lim va to‘rtta jarohatni tasdiqladi.
Tennessi g‘arbida, Tipton okrugi sherifi Shennon Bisli shanba kuni erta tongda Facebook sahifasida «ko‘plab vayronagarchiliklar» va «bir nechta jiddiy jarohatlar» bo‘lganini yozdi, ammo o‘lim haqida hozircha ma’lumot yo‘q. Uning so‘zlariga ko‘ra, ko‘plab oilalarning «uylari yer bilan yakson bo‘lgan».
O‘n minglab odamlar tornado tufayli elektr energiyasisiz qoldi. Arkanzasda elektr energiyasisiz iste’molchilar soni qariyb 52 mingga yetgan. Indianada 69 ming, Illinoysda 33 ming va Oklaxomada 1,3 ming kishi elektrsiz qolgan. Ayova, Missuri, Tennessi, Viskonsin va Texas shtatlarida ham elektr energiyasida uzilishlar qayd etilgan.
Davlat o‘rmon xizmati ma’lumotlariga ko‘ra, juma kuni Oklaxomada deyarli 100 ta yangi o‘rmon yong‘inlari haqida xabar berilgan va o‘t o‘chiruvchilar shanba kuni ularni bartaraf etishga urinishgan. Yong‘inlar bir hafta davomida xavfli bo‘lib qolishi kutilmoqda.
“Zamin” yangiliklarini “Telegram”da kuzatib boring ![arenda kvartira tashkent](/uploads/d5fb3f5cdf_bisyor_banner_1000x100.webp)
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosingMavzuga oid yangiliklar