![](https://storage.kun.uz/source/9/E4rQ1bMFUCFY4DsEXj7_u2ZDKIRSuANd.jpg)
Prigojin Baxmut «yuridik jihatdan egallangani» haqida aytdi. Bu amalda nimani anglatadi? Shahar chindan ham quladimi?
«Vagner» XHK Baxmut shahri markaziga kirib kelgan. Kompaniya rahbari Yevgeniy Prigojin Rossiya va XHK bayroqlarini shahar Radasi xarobalari ustiga o‘rnatgan. Bu bino katta ehtimol bilan Ukraina qurolli kuchlari chekinayotgan vaqtda portlatilgan. Endi Rossiya kuchlari shahar hududining taxminan 70 foizini nazorat qilmoqda. Ammo Ukraina qurolli kuchlari hamon shaharning g‘arbiy qismini o‘z nazoratida saqlab turibdi — bu ta’minot yo‘liga tutashgan hududdir. Agar ukrain armiyasi yaqin haftalarda Baxmut atrofida qarshi hujumga o‘tmasa, shahar butkul boy berilishi mumkin.
Shahar markaziga bayroqlar o‘rnatilgan
«Vagner» XHK mart oyi o‘rtalarida shahar janubida mudofaa chizig‘ini yorib o‘tgan. Yollanma jangchilar ikki hafta davomida ko‘cha janglari orqali Baxmutka daryosiga parallel harakatlanib, shahar markaziga yetib kelgan (daryoning ikkinchi tomonida ularning artilleriya qismlari joylashgan).
Shahar Radasi binosi xarobalari (shuningdek, rayon ma’muriy binosi) aynan qachon egallangani ma’lum emas.
2 aprel kuni «Vagner» XHK rahbari Yevgeniy Prigojinning matbuot xizmati yollanma jangchilar Baxmutni egallagani haqida videoyozuv e’lon qildi, videoda Rossiya va XHK bayroqlari ko‘tarilishi aks etgan.
«Yuridik jihatdan u bizniki», dedi Prigojin kamera qarshisida va endilikda dushman faqat «g‘arbdagi kvartallarda qolgani»ni aytdi.
Videoda otishmalar ovozlari eshitilmaydi, bu shuni anglatadiki, endilikda Ukraina qurolli kuchlari pozitsiyalari ma’muriyat binolari joylashgan kvartaldan uzoqqa ketgan.
Ukraina rad etdi, ISW tasdiqladi
Ukraina qo‘mondonligi so‘nggi yetti oy mobaynida Baxmutni shturm qilayotgan Rossiya qo‘shini va «Vagner»ning yollanma guruhlari hali shahar ustidan nazorat o‘rnatishdan juda uzoqdaligini ma’lum qildi.
![](https://storage.kun.uz/source/9/RNGhp8ywcWeXkQY1ZIWWn1fqz922Pn6b.jpg)
Ukraina qurolli kuchlari Sharqiy qo‘shinlar guruhi rasmiysi Sergey Cherevatiyning so‘zlariga ko‘ra, Prigojinning bu safargi bayonoti ham haqiqatga to‘g‘ri kelmaydi va Baxmut uchun janglar davom etmoqda.
«Ular qandaydir hojatxona ustida bayroq ko‘tarishdi. Noma’lum joyga lattani ilishdi va shaharni egalladik deyishmoqda. Mayli, ular shunday deb o‘ylay qolsin», deya Cherevatiyning so‘zlarini keltirgan Reuters agentligi.
«[Baxmut] shahar kengashi atrofida janglar ketmoqda, yuridik ma’noda hali hech qayer egallanmagan. Baxmut - Ukrainaniki, ular hech narsani qo‘lga kiritmagan, yumshoq qilib aytganda, ular bundan hali ancha yiroqda», deya ishontiradi Cherevatiy.
Ukraina prezidenti ofisi rahbari Andrey Yermak ham Prigojinning yakshanba kungi bayonoti haqiqatga mos kelmasligini aytgan va «aslida mavjud bo‘lmagan "g‘alaba"ni o‘ylab topayotganlarning feyk xabarlariga xotirjamlik bilan munosabatda bo‘lish»ga chaqirgan.
Ukraina mudofaa vaziri o‘rinbosari Anna Malyar ham shu ruhda gapirgan va Baxmut egallangani haqidagi xabarlarni «kulgili soxtalik» deb atadi.
«DXR» vakillari ham bu videoyozuvga ishonchsizlik bilan munosabatda bo‘lgan.
Donetsk oblastining bosib olingan qismiga Rossiya tomonidan tayinlangan Denis Pushilinga ko‘ra, Ukraina qurolli kuchlari Baxmutdan (Rossiya tomoni bu shaharni eski nomi bilan Artemovsk deb ataydi) olib chiqilgani kuzatilmagan.
«Hozirgacha dushman tegishli buyruqni olmagan, shunga ko‘ra, Ukraina rejimi qo‘shini chekinishi yoki tartibli olib chiqilishi kuzatilayotgani yo‘q», degan Pushilin «Rossiya-24» telekanali efirida.
Avvalroq Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiy bir necha bor Ukraina qurolli kuchlari Baxmutni tashlab chiqmasligi va shahar uchun oxiriga qadar kurash olib borishini aytgandi.
3 aprel kuni kechqurun esa Amerikadagi Urushlarni o‘rganish instituti (ISW) frontdagi vaziyat bo‘yicha navbatdagi kunlik hisobotida «Vagner» kuchlari 2 aprelga o‘tar kechasi Baxmutdagi ma’muriy binolarni egallagani haqidagi xabarni tasdiqladi.
ISW ma’lumotlariga ko‘ra, 3 aprel kuni Rossiya kuchlari shahar markazi tomon harakatlanishda davom etgan. Bunga dalil sifatida ekspertlar Baxmut ma’muriy binolari xarobalari ustida «vagnerchilar» va Rossiya bayroqlari aks etgani ko‘ringan kadrlarga havola qilgan. Bundan tashqari, internetda «Vagner» XHK yollanma jangchilaridan biri ma’muriyat binosi atrofida bino vayron qilinishidan oldin tushgan fotosurati tarqalgan.
Amerikalik ekspertlar yozishicha, Ukraina qurolli kuchlari vakillari ISW’ning Baxmutda «vagnerchilar» bilan birga Rossiya muntazam qo‘shinlari, jumladan havo-desant kuchlari faol harakatlanayotgani haqidagi xulosalarini tasdiqlamoqda.
Shaharni saqlab qolish mumkinmi?
![](https://storage.kun.uz/source/9/aZpCOmSxyI3Gnip7eKgczCW3GrwlEFDq.jpg)
Shahar markazi shturmi Ukraina qurolli kuchlarining ta’minot muammolari oqibati bo‘ldi. Mart oyida Ukraina qo‘mondonligi zaxiralarni Baxmutni «katta yer» bilan bog‘laydigan tor yo‘lak orqali yubora boshladi. Natijada Ukraina qurolli kuchlari shahar to‘liq qurshovga olinishining oldini olishga muvaffaq bo‘ldi: shimolda Xromovo (Artemovskoye) va janubda Ivanovskoye (Krasnoye) atrofidagi pozitsiyalar saqlab qolindi.
Ammo ukrainlarning qo‘shimcha kuchlari «Vagner» XHK yollanma jangchilarini Baxmutni 10 km g‘arbdagi Chasiv Yar bilan bog‘lovchi yo‘l atrofidan butunlay surib tashlay olmadi. Yo‘l o‘qqa tutilmoqda, yo‘l bo‘ylab zarbaga uchragan o‘nlab mashinalar yotibdi va ularning soni kundan kunga oshib bormoqda.
Ukraina qo‘shimcha kuchlar tashlaganidan keyin «Vagner» XHK asosiy zarba yo‘nalishini o‘zgartirdi: agar avval ular shaharni shimol va janubdan aylanib o‘tib, qurshov halqasini shahardan g‘arbdagi tepaliklarda yopishga harakat qilgan bo‘lsa, endi ukrainlar qo‘shimcha kuchlar va zaxiralarni shaharga yetkazishda katta qiyinchilikka uchrayotganidan foydalangan holda to‘g‘ridan to‘g‘ri shahar ichkarisidagi binolarga hujum qilmoqda.
Natijada yollanma kuchlar shahar markaziga nafaqat janub va sharqdan, balki shimoldan ham kirib kelishdi. Katta ehtimol bilan bu Ukraina qo‘shinini markazni tashlab chekinishga majbur qilgan.
«Vagner» bo‘linmalari shaharning shimoli-g‘arbiy va janubi-g‘arbiy chekkalarida ham yurishni davom ettirib, qurshovni shaharning g‘arbiy chegaralarida emas, shahar ichkarisidagi kvartallarda yopishga urinmoqda. Janubi-g‘arbda ular Korsunskiy ko‘chasida to‘xtatilgan, shimoli-g‘arbda esa ular so‘nggi kunlarda «Severniy stavok» hovuzi atrofidagi Poselok rayonidagi bir qancha kvartallarni egallashgan.
Faqat ukrainlarning yirik qarshi hujumi shahar bosib olinishining oldini olishi mumkin. Hozircha esa Ukraina qurolli kuchlari faqat lokal qarshi hujumlar uyushtirish bilan cheklanmoqda — va bu harakatlarning barchasi ham muvaffaqiyatli chiqayotgani yo‘q. Masalan, Ukraina qurolli kuchlari guruhining (katta ehtimol bilan, 30-mexanizatsiyalashgan brigada) Kramatorsk — Baxmut trassasi bo‘ylab Minkovka atrofida rejalashtirgan yurishi barbod bo‘ldi: Rossiya kuchlari artilleriyasi bu hujumni boshlanish bosqichidayoq to‘xtatdi, Ukraina armiyasi shaxsiy tarkib va texnikalaridan ayrildi («Vagner» bu hujum qaytarilishining dron orqali olingan videolarini namoyish etgan).
Boshqa yo‘nalishlardagi vaziyat
Boshqa deyarli barcha yo‘nalishlarda Rossiya yurishi to‘xtab qolgan. Kichik o‘zgarishlar faqat Liman yo‘nalishida va Avdiyivkada bor (ammo bu yerda ham so‘nggi kunlarda rossiyaliklar hujum qilmayapti, aksincha ukrainlar qarshi hujumga o‘ta boshlagan).
Katta ehtimol bilan Ukraina qurolli kuchlari qo‘mondonligi bahorgi yurishini rejalashtirayotganida aynan Rossiya qo‘shinlari holdan toyishini ko‘zlagan. Shundan kelib chiqib aytish mumkinki, qarshi hujum yaqin vaqtlar ichida boshlanadi. Shu kunlarda prezident Volodimir Zelenskiy ham «keyingi hafta g‘alaba yo‘lidagi muhim davr bo‘lishi»ni aytdi.
“Zamin” yangiliklarini “Telegram”da kuzatib boring![arenda kvartira tashkent](/uploads/d5fb3f5cdf_bisyor_banner_1000x100.webp)