Foto: EPA
Dunyoning ba’zi mamlakatlarida dominant versiyaga aylanib ulgurgan koronavirus «Omikron» shtammining VA 2.75 subvarianti, ya’ni «kentavr» nafaqat nafas olish tizimi, balki ko‘rish organlari faoliyatiga ham salbiy ta’sir etishi mumkin. Bu haqda SSV xabar berdi.
Jumladan, hindistonlik olimlar bir muncha vaqt ilgari uning genomida 16 ta mutatsiya mavjudligini aniqladi. Bu esa koronavirusning mazkur turi tana himoya mexanizmlariga oson «chap berish» xususiyatiga ega ekanini anglatadi.
Shuningdek, shifokorlar «kentavr» yangi alomatlar bilan namoyon bo‘layotgani, unga ko‘ra, ba’zi bemorlar yorug‘ muhitda ko‘zini ochishga qiynalayotgani va ko‘z gavharida og‘riqlar his qilayotganini ma’lum qilgan.
— Koronavirus asosan o‘pka to‘qimalarining zararlanishi bilan kechgan bo‘lsa-da, uning asorati butun organizmga o‘z ta’sirini ko‘rsatadi, — dedi Respublika ko‘z kasalliklari klinik shifoxonasi bosh shifokori Otabek Ikromov. — Avval ushbu infeksiyaga chalinib, tuzalgan bemorlarda ko‘proq qon quyuqlashishi, yurak-qon tomir tizimida jiddiy muammolar uchragan bo‘lsa, endi ular qatoriga ko‘z kasalliklari ham qo‘shilmoqda.
Xususan, so‘nggi paytlarda COVID-19 bilan og‘rigan ayrim bemorlarda ko‘rish qobiliyatining yomonlashishi kuzatilyapti. Jumladan, virusga chalinib, sog‘ayganlarda optik asabning shishi, ko‘z mushaklarining spazmlari va to‘r pardaning yallig‘lanishi kabi asoratlar uchramoqda.
Qolaversa, dunyo olimlari ham «omikron»ning VA 2.75 subvarianti organizmda tizimli yallig‘lanish reaksiyasi va qon ivish tizimining faollashishiga sabab bo‘layotgani, bu esa ko‘zlar uchun jiddiy oqibatlarga olib kelishini ta’kidlayapti.
Shifokor so‘zlariga ko‘ra, kasallikning oldini olish uchun virusga qarshi to‘liq bosqichda hamda buster dozada emlanish lozim.
Avvalroq, JSST bosh direktori Tedros Gebreyesus pasayish tendensiyasini inobatga olib, joriy yilda COVID-19 pandemiyasi bekor qilinishi mumkinligini ma’lum qilgan edi.
“Zamin” yangiliklarini “Telegram”da kuzatib boring Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosingMavzuga oid yangiliklar