11:48 / 02.05.2023
351

Ukraina bir sutka ichida Rossiyaning 41 ta hujumini bartaraf qildi

Ukraina bir sutka ichida Rossiyaning 41 ta hujumini bartaraf qildi
Ukraina armiyasi bir sutka (24 soat) ichida Rossiya armiyasining 41 ta hujumini qaytarishga muvaffaq bo‘ldi. Baxmut va Marinka frontning eng qaynoq nuqtalari bo‘lib qolmoqda.
 
Ukraina Qurolli kuchlari Bosh shtabi ma’lumotlariga ko‘ra, Seversk va Slobojanskiy yo‘nalishlarida Rossiya armiyasi Chernigov viloyati Lizunovka aholi punktiga masofadan boshqariladigan raketalar bilan havodan zarba bergan. Buning natijasida bir bola halok bo‘lgan.
 
Rossiya armiyasi Chernigov viloyatining Leonovka, Krasniy Xutor, Karpovichi, Gremyach va Novgorod-Severskiy aholi punktlarini o‘qqa tutgan.
 
Shuningdek, rus qo‘shinlari Kupyansk yo‘nalishida Xarkov viloyatining Figolovka, Liman 1-y, Kislovka, Kupyansk, Kraxmalnoye va Berestovoye aholi punktlarini artilleriya va minomyotlardan o‘qqa tutgan.
 
Ma’lumotlarga ko‘ra, rus armiyasi Limansk yo‘nalishida Novoselovskiy va Belogorovka hududlarida hujumga o‘tgan, Ammo hujum muvaffaqiyatsiz yakunlangan.
 
Bundan tashqari, Rossiya artilleriya yordamida Lugansk viloyatining Makeyevka, Dibrova, Belogorovka va Verxnekamenskoye, Donetsk hududlarini o‘qqa tutgan.
 
Ukraina tomonining qayd etishicha, Rossiya Baxmut yo‘nalishida hujumga o‘tish uchun tayyorgarlik ko‘rmoqda. U yerda hali janglar davom etmoqda. Rus armiyasi oldinga siljish uchun Baxmut va Belaya Gora hududlariga keng ko‘lamli havo hujumini boshlagan.
 
Avdeevskiy yo‘nalishida rus qo‘shinlari Severnoye va Pervomayskoye aholi punktlari hududlariga hujum boshlagan. Ammo ushbu hujum ham muvaffaqiyatsiz tugagan.
 
Hozirda Maryinskiy yo‘nalishida Rossiya Ukraina pozitsiyalariga hujum qilishda davom etmoqda. Shaxtyorsk yo‘nalishida ruslar Donetsk viloyatidagi Ugledar, Bogoyavlenka va Novoukrainka hududlarini o‘qqa tutgan.
 
Zaporoje va Xerson yo‘nalishlarida Rossiya armiyasi mudofaaga o‘tgan.
 
Ukraina tomonining ma’lumot berishicha, 1 may holatiga ko‘ra, Rossiya Federatsiyasining Ukrainadagi umumiy yo‘qotishlari 190 ming kishidan oshgan.
 
O‘z navbatida, Rossiya Mudofaa vazirligi 1 may kuni amalga oshirilgan hujumlar haqida ma’lumot berdi.
 
Rossiya Mudofaa vazirligining xabar berishicha, kecha tunda Ukraina harbiy obyektlariga havo va dengizdan uzoq masofali aniqlikdagi qurollar bilan raketa zarbasi bergan.
 
Rossiya armiyasi Donetsk yo‘nalishida hujumga o‘tib, 330 nafar ukrainalik askarni asirga olgan. 10 ga yaqin harbiy texnika va o‘q-dori omborlarini yo‘q qilgan.
 
Shuningdek, Zaporoje viloyatining Tokmak shahrini o‘qqa tutish vaqtida ikki nafar askar halok bo‘lgan. Mixaylovskiy hududidagi hujum vaqtida ham rus armiyasi ikki nafar askarini yo‘qotgan.

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Dunyo » Ukraina bir sutka ichida Rossiyaning 41 ta hujumini bartaraf qildi