23:55 / 02.05.2023
127

Ukrainadagi urush: AQSH Rossiyaning dekabrdan buyon yo‘qotishlarini 20 ming kishiga baholadi

Ukrainadagi urush: AQSH Rossiyaning dekabrdan buyon yo‘qotishlarini 20 ming kishiga baholadi
Foto: AFP VIA GETTY IMAGES
AQSH Milliy xavfsizlik kengashi rasmiysi Jon Kirbi Amerika razvedkasining maxfiylashtirilgan ma’lumotlariga tayanib, Ukrainadagi urushda so‘nggi besh oyda 20 mingdan ortiq rossiyalik harbiylar halok bo‘lib, yana 80 ming nafari yaralangani haqida xabar berdi.
Uning so‘zlariga ko‘ra, bu yo‘qotishlarning salmoqli qismi Baxmut uchun janglarda berilgan, 2022 yil dekabridan buyon halok bo‘lganlarning yarmi esa Donetsk oblastidagi mazkur shahar uchun janglarga tashlangan «Vagner» XHK yollanma jangchilari bo‘lgan.
 
Kirbining baholashicha, Rossiyaning Donbassdagi yurishlari muvaffaqiyatsiz yakunlangan. «Rossiyaning Donbassda, asosan Baxmut orqali hujum uyushtirishga urinishi muvaffaqiyatsizlikka uchradi», degan Oq uy vakili.
 
«Bu urinishlar narxi, ayniqsa Baxmutda shunchaki nihoyatda yuqori bo‘ldi», degan Kirbi. U bu yerda otishmalar va janglar dekabrgacha ham ancha vaqtdan buyon davom etgani va Rossiya «o‘z harbiy zaxiralari va qurolli kuchlarini tugatib bitirgani»ni qayd etgan.
 
«Bizning hisob-kitoblarimizga ko‘ra, dekabrdan buyon Rossiyaning yo‘qotishlari 100 mingdan ortiq kishini tashkil etgan, shundan 20 mingdan ortiq kishi halok bo‘lgan. [Qurbonlarning] qariyb yarmi - «vagnerchilar» bo‘lib, ularning aksari yetarli jangovar tajribaga va jangovar tayyorgarlikka ega bo‘lmagan, qandaydir tashkiliy va qo‘mondonlik tartibisiz Baxmutdagi janglarga tashlangan rossiyalik mahbuslar edi», degan AQSH Milliy xavfsizlik kengashi rasmiy vakili.
 
Kirbi bunday baho qanday ma’lumotlarga asoslangani va qanday metod bo‘yicha tuzilganiga batafsil to‘xtalmagan.
 
U Amerika Ukrainaning yo‘qotishlarini qanday baholashini ham ochiqlamagan. «Ular bu yerda qurbon, Rossiya esa - agressor», deya uning so‘zlarini keltirgan AFP. Mulozimning so‘zlariga ko‘ra, Oq uy Ukraina va uning armiyasining holatini murakkablashtiruvchi ma’lumotlarni oshkor etmaydi.
 
Aprel oyida matbuotga sizdirilgan Pentagon maxfiy hujjatlarida 1 mart holatiga ko‘ra Rossiyaning urush boshidan buyon bergan yo‘qotishlari  (halok bo‘lganlar) 35 mingdan 43,5 minggacha baholanishi, Ukrainaniki - 16-17 ming ekani aytilgandi. Bu hujjatlarning ishonchliligi oxirigacha tasdiqlanmagan.
 
AQSH Harbiy-dengiz kuchlarini tahlil qilish markazining Rossiya dasturi direktori Maykl Kofman o‘z tvitterida fikr bildirishicha, Rossiyaning yo‘qotishlari bo‘yicha Kirbi tomonidan keltirilgan raqam «baho spektrining yuqori chegarasi», uning quyi chegarasi, katta ehtimol bilan Oq uy ma’lumotidagi raqamlarning 80-85 foiziga teng bo‘ladi.
 
Qurbonlar sonini baholash bo‘yicha nimalar ma’lum?
Olga Ivshina, BBC rus xizmati
 
Dushanba kuni Vashingtonda ma’lum qilingan tendensiyani biz fevral oyi boshidan buyon tasvirlab kelmoqdamiz. Aynan o‘shanda BBC «Mediazona» hamda ko‘ngillilar jamoasi bilan hamkorlikda ilk bor yo‘qotishlarning keskin ko‘tarilishini qayd etgandi. Tasdiqlangan kunlik o‘lim holatlari soni 2022 yilning o‘rtacha ko‘rsatkichidan uch, ba’zi kunlarda esa to‘rt barobar oshib ketgandi.
 
O‘shanda «Vagner» XHK tomonidan urushga yollangan mahbuslar orasidagi yo‘qotishlar soni keskin ko‘tarilishi kuzatilgandi. Fevral-mart oylarida butun Rossiya bo‘ylab halok bo‘lgan mahbuslar ommaviy ko‘milgan yangi qabristonlar paydo bo‘ldi. Hozirda yettita shunday qabriston aniqlangan, ularda 1200 dan ortiq kishi ko‘milgan. Shu bilan birga, qurbonlarning ko‘pchiligining qarindoshlari yaqinlarining o‘limi va dafni haqida xabardor qilinmagan.
 
Bizning ochiq ma’lumotlar asosida yig‘ilgan raqamlarimiz ko‘rsatmoqdaki, biz tomonimizdan ro‘yxatga olingan jami o‘lim holatlarining 9000 dan ortig‘i 2022 yil 1 dekabridan keyin ro‘y bergan. Ular orasida 1300 nafardan ortig‘i safarbar qilinganlar va 2300 dan ortig‘i qamoqdan olib ketilganlar.
 
Biz hamisha ta’kidlaymizki, bizning ro‘yxatimizdagi qurbonlar Rossiyada dafn etilgan rossiyalik harbiylarning haqiqiy sonidan kamida ikki barobar kam bo‘lishi mumkin. Biz so‘nggi 13 oy mobaynida Rossiyaning 65 dan ortiq aholi yashash manzillaridagi vaziyatni o‘rgangan holda shunday xulosaga kelganmiz.
 
Shunga ko‘ra, 2022 yil dekabridan buyon halok bo‘lgan rossiyalik harbiylar soni chindan ham 20 000 kishi atrofida bo‘lishi mumkin.
 
Vashington va Londonning baholaridan farqli o‘laroq, bizning ro‘yxatimiz ochiq manbalar asosida yuritiladi. Biz qayd etgan har bir qurbon haqida ko‘plab qo‘shimcha ma’lumotlarni bilamiz: masalan, u aynan qayerda xizmat qilgani, qaysi unvonda bo‘lgani, uning yoshi nechada bo‘lgani haqida. Shuning uchun tahlillarimizda AQSH bayonotlarida uchramaydigan yana bir qancha muhim tendensiyalarni qayd etganmiz.
 
Masalan, Ukrainaga bosqindan oldin «tinch aholi» bo‘lib yashagan va ishlagan odamlar hozirda Rossiya armiyasining jami yo‘qotishlarining uchdan bir qismini tashkil etmoqda. Shuningdek, urush Rossiya ofitserlar korpusi, armiya va Rosgvardiyaning eng saralangan bo‘linmalari tarkibini jiddiy darajada o‘zgartirgan.
 
Baxmut uchun uzoq jang
 
Urushga qadar 70 ming kishi yashagan Baxmut shahri uchun jang 2022 yil yozidan buyon davom etmoqda, so‘nggi oylarda Rossiya kuchlari shaharni yarim qurshov holatiga tushirdi va undagi kvartallarning katta qismini egallab oldi. Shaharda qonli ko‘cha janglari davom etmoqda, ko‘plab binolar vayron qilingan.
Baxmut katta qismi allaqachon vayron qilingan
Foto: AFP VIA GETTY IMAGES
Shu bilan birga, Rossiya tomoni Baxmutdagi ukrain garnizonini qurshovga tushira olmadi - mudofaachilar hamon g‘arbdagi yo‘llar orqali Ukrainaning asosiy yeri bilan aloqani saqlab qolmoqda va o‘q-dori hamda qo‘shimcha kuchlar yetkazib berilmoqda. Shu bilan birga, Baxmut ta’minoti amalga oshirilayotgan bu yo‘llar muntazam ravishda o‘qqa tutilmoqda.
 
So‘nggi oylar mobaynida g‘arbdagi ayrim ekspertlar Ukraina rahbariyatining Baxmutni nima qilib bo‘lsa ham saqlab qolish qarori to‘g‘riligini shubha ostiga olishgandi. Ularning fikricha, Ukraina qurolli kuchlari bu hududda bo‘lajak qarshi hujumda foydalanish mumkin bo‘lgan o‘q-dorilar va shaxsiy tarkibni yo‘qotmoqda.
 
Ammo Ukraina hukumati Baxmutni ushlab turish muhimligi borasida sobitqadam, ularning pozitsiyasiga ko‘ra, Rossiya uchun bu shaharni egallash Donbassning boshqa shaharlari, jumladan Slovyansk va Kramatorsk tomon yurish qilishga yo‘l ochadi.
 
Shu bilan birga, Baxmutdagi janglar davom etishi Ukraina uchun foydali deb hisoblaydigan harbiy sharhlovchilar ham bor - bu RF armiyasi ushbu shahar uchun janglarda o‘zining eng jangovar bo‘linmalari va texnikalarini boy berayotgani, bu yo‘qotishlar ukrainlarnikidan ko‘proqligi bilan izohlanadi. Bundan tashqari, strategik nuqtayi nazardan muhimroq sanalgan boshqa yo‘nalishlarda himoyalanish yoki hujum qilishda foydalanish mumkin bo‘lgan katta kuchlar ham Baxmut atrofiga olib kelingan.
 
Kirbining baholariga ko‘ra, «alaloqibat, bir necha oylik janglar va benihoyat og‘ir yo‘qotishlardan keyin Rossiyaning [Baxmut hududida] oldinga siljishga urinishlari o‘ziga qarshi bo‘lib chiqdi».
 
Yana qanday baholar bor?
 
Rossiyaning Baxmut hududidagi yo‘qotishlari bo‘yicha mustaqil baho berish juda qiyin. Ammo Ukraina bosh shtabi va g‘arblik ekspertlar rossiyaliklarning mazkur uchastkadagi yo‘qotishlarini minglab qurbonlar bilan baholab kelmoqda.
 
«Vagner» xususiy harbiy kompaniyasi rahbari Yevgeniy Prigojin ham o‘z jangchilari orasidagi yirik yo‘qotishlarni yashirmaydi; Rossiyaning turli burchaklarida paydo bo‘lgan «Vagner» qabristonlarida yuzlab yollanma jangchilar ko‘milgan, lekin bunday qabristonlarga kompaniya qarindoshlarini topa olmagan a’zolarini ko‘madi.
 
Rasmiy statistikaga tayanish ham imkonsiz: Rossiya o‘z yo‘qotishlari to‘g‘risida oxirgi bor o‘tgan yilning sentyabrida ma’lumot bergandi. O‘shanda mudofaa vaziri Sergey Shoygu Ukrainada urush boshlanganidan buyon rossiyalik 5937 nafar harbiy halok bo‘lganini tasdiqlagandi. Lekin bu raqamlar o‘sha vaqtdayoq haqiqiy raqamlardan ancha pasaytirib ko‘rsatilgani ayon edi; shuningdek, uning bu ma’lumoti faqat mudofaa vazirligi harbiy xizmatchilariga taalluqli bo‘lishi mumkin, lekin urushda boshqa kuchishlatar tuzilmalar va norasmiy harbiy tuzilmalar ham ishtirok etmoqda.
 
BBC rus xizmati o‘z hamkorlari bilan o‘limi ochiq manbalarda tasdiqlangan rossiyalik harbiylar ro‘yxatini yuritib keladi. Nashr bu boradagi so‘nggi ma’lumotni 28 aprel kuni e’lon qilgan: o‘shanda ro‘yxatga 21 700 nom kiritilgandi. Shundan 2200 nafari ko‘ngillilar va 1312 nafari xususiy harbiy kompaniyaga yollanganlar bo‘lgan. Lekin bu raqamlar qurbonlarning haqiqiy sonini aks ettira olmaydi.
Rossiya va Ukraina urushi

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Dunyo » Ukrainadagi urush: AQSH Rossiyaning dekabrdan buyon yo‘qotishlarini 20 ming kishiga baholadi