Illustrativ foto: Polisiya.kz
Qozog‘iston qonunchiligida “inflyuenser” tushunchasi mustahkamlanadi. Ijtimoiy tarmoqlarida reklama qilgan fuqarolar esa soliq to‘lashlari shart bo‘ladi. Bu haqda “Kursiv media”ga tayanib Daryo xabar berdi.
Qozog‘iston parlamenti majlisida deputatlar onlayn platformalar bo‘yicha qonun loyihasini ishlab chiqishga kirishdi. Deputatlar blogerlarni soliqqa tortishni huquqiy tartibga solishga qaror qilgan. Xususan, qonunchilar “inflyuenserlar” tushunchasini kiritish niyatida.
Bu ijtimoiy tarmoqlariga joylashtirilgan reklama uchun “konvert”da pul oladigan blogerlarning soliq to‘lashi uchun amalga oshirilmoqda. Ijtimoiy tarmoqlarda katta auditoriyaga ega bo‘lgan alohida foydalanuvchilarning moliyaviy piramidalar tashkil etishi, soxta xayriya ishlarini amalga oshirishi fonida sohani tartibga solish zarurati paydo bo‘lgani ta’kidlandi.
“Qonunchilikka bu bilan bog‘liq ko‘plab yangi atamalar kiritilmoqda. Ikkinchi qism onlayn platformalar faoliyatiga tegishli. Bu yerda biz 'inflyuenser' tushunchasini kiritamiz”, — dedi deputat Aydor Sarim.
Sarim inflyuenserlar soliq to‘lashi kerakligini tushuntirdi. Bundan tashqari, blogerlar reklama qo‘yishlari oldidan unga buning uchun pul olganlari haqida belgi qo‘yishi kerak bo‘ladi.
Shu bilan birga, Aydos Sarimning ta’kidlashicha, bunday tartibga solish Qozog‘istonda “blogerlikni o‘ldirish”ga qaratilgan emas. Ijtimoiy tarmoqlarning faol foydalanuvchilari bloger sifatida ishlashda davom etishi mumkin, shu bilan birga ular soliqlarga amal qilishi kerak bo‘ladi.
Eslatib o‘tamiz, qozoq ommaviy axborot vositalariga nisbatan reklama materiallarini PR belgisi bilan belgilash talabi anchadan beri amal qilib kelgan.
May oyi boshida parlamentning yalpi majlisida deputat Anas Bakkojayev Qozog‘iston “o‘z so‘zi va qilmishi uchun javobgar bo‘lmagan blogerlar vatani”ga aylanganini aytdi. U Bosh prokuraturaga tegishli so‘rov yuborib, blogerlarni “Ommaviy axborot vositalari to‘g‘risida”gi qonunga muvofiq javobgarlikka tortishni talab qildi.
Bakkojayevning aytishicha, Qozog‘istonda o‘zini bloger deb ataydiganlar va ijtimoiy tarmoqlarda yolg‘on ma’lumotlarni e’lon qiladiganlar ko‘p.
“Zamin” yangiliklarini “Telegram”da kuzatib boring Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosingMavzuga oid yangiliklar