date
views 277

«Gazprom»ga aloqador xususiy harbiy kompaniyalar haqida nimalar ma’lum?

«Gazprom»ga aloqador xususiy harbiy kompaniyalar haqida nimalar ma’lum?
Foto: Serhii Nuzhnenko / Radio Liberty / Scanpix / LETA
Rossiyaning eng yirik kompaniyasiga aloqador «Potok» («Oqim»), «Fakel» («Mash’al») va «Plamya» («Alanga») nomli harbiy bo‘linmalar mavjudligi haqida ilk marta «Vagner» asoschisi Yevgeniy Prigojin aprel oyida aytgandi. Bundan tashqari, jurnalistlar hukumat yil boshida «Gazprom»ga o‘z qo‘riqlash tashkilotini tuzishga ruxsat berganiga e’tibor qaratgan. BBC «Gazprom»ga tegishli bu xususiy harbiy kompaniyalar va ularning Ukrainaga bosqini haqida ba’zi ma’lumotlarni aniqladi.
 
21 aprel kuni «Vagner» rahbari Yevgeniy Prigojin RIA FAN nashri jurnalisti Aleksandr Simonovga intervyu bergan, o‘sha suhbatda Ukrainadagi urush uchun tuzilgan boshqa xususiy harbiy kompaniyalar faoliyatidan noligandi. «Puli bor o‘sha odamlar xususiy harbiy kompaniya ochish ajoyib ish deb o‘ylashadi. «Gazprom»da «Oqim» bor, [milliarder Andrey] Bokaryovning xususiy harbiy kompaniyasi, «Redut» degani ham bor. Hamma hayvon o‘z jufti bilan», degandi o‘sha intervyuda Prigojin nolib.
 
Putinning sobiq oshpazi boshqa xususiy harbiy kompaniyalar «Vagner» hujum qilayotgan qanotga yuborilayotgani, ammo ular urushishni bilmagani uchun o‘z pozitsiyalaridan chekinayotganini aytgandi: «Ular o‘z xususiy harbiy kompaniyasini tuzadigan darajada *** ekani haqida Kremlda hisob berishi kerak. Axir bu qanday XHK bo‘ldiki, unda na aviatsiya bor, na artilleriya bor. Ularda radioelektron kurash vositalari ham, radioelektron razvedka ham, uchuvchisiz qurilma ham, jangovar komplekt ham, oddiy shifokorlar ham yo‘q. Bu ham hech nima emas, asosiy muammo shundaki, ularning boshqaruv tizimi yo‘q. Jang qilish uchun taktikani tushunadigan komandirlar bo‘lishi kerak», degandi Prigojin. Uning so‘zlariga ko‘ra «Gazprom»ga tegishli «Oqim» XHK yollanma harbiylari juda katta maosh olgan.
 
Jurnalist Simonov Prigojinning noma’lum yollanma askar bilan bo‘lgan suhbatini ham e’lon qilgandi. Videoda askar uning guruhi Baxmutdagi pozitsiyasidan chekingani, oqibatda «Vagner»ning ko‘plab jangchilari halok bo‘lganini aytgan. Uning so‘zlariga ko‘ra, guruhda aloqa va o‘q-dorilar bilan bog‘liq muammo bo‘lgan. Shuningdek, boshqaruvda xaos hukm surgan.
 
Prigojin «Vagner»dan boshqa xususiy harbiy kompaniyalar borligi haqida birinchi bo‘lib rasman ma’lum qildi. Ammo jurnalistlar Rossiya bosh vaziri Mixail Mishustin o‘z buyrug‘i bilan «Gazpromneft»ga xususiy qo‘riqlash tashkiloti tuzishga ruxsat berganiga e’tibor qaratgan.
 
Bu buyruqqa asosan Omskda «Gazpromneft qo‘riqlash korxonasi» tuziladi. Unga Arxangelsk oblasti ichki ishlar boshqarmasi rahbari vazifasini bajaruvchi Stanislav Bauman rahbarlik qiladi. Tuzilma ta’sischisi sifatida Omskda ro‘yxatga olingan «Staf-sentr» xususiy qo‘riqlash korxonasi ko‘rsatilgan. Bu XQK Peterburgdagi qo‘riqlash tuzilmalariga tegishli. Bu tashkilotni esa urush boshidan buyon Federal xavfsizlik xizmati (FSB) Omsk bo‘yicha boshqarmasi rahbarining o‘rinbosari Sergey Tochilin boshqargan.
 
Bu xususiy qo‘riqlash korxonasini tuzishdan maqsad sifatida «Gazprom» obyektlarini qo‘riqlash ekani keltirilgan. Ammo Ukraina razvedkasi bu bo‘linma tuzilgan vaqtdayoq u «Vagner» kabi urush uchun tuzilgan navbatdagi xususiy armiya ekanini ma’lum qilgandi.
 
Ushbu qo‘riqlash kompaniyasi Baxmutda jang qilayotgan «Oqim» XHK bilan aloqadorligi aniq emas. Ammo OAVdagi xabarlar va Prigojinning bayonotidan keyin «Gazprom»ga aloqador xususiy harbiy kompaniyalar borligi haqiqatga yaqin ekani ko‘rinmoqda.
 
«Oqim» jangchilari Putinga murojaat qilgandi
 
23 aprel kuni harbiy muxbir Yevgeniy Lininning Telegram-kanalida «Oqim» jangchilarining Putinga murojaati paydo bo‘ladi. Videodagi yollanma askarlarning yuzi yopiq edi. Kadrda gapirganlardan biri ular «Gazprom» tomonidan tuzilgan «Oqim» bataloni askarlari ekani, odamlar qo‘riqlash xizmatidagilardan saralab olinganini aytgan. Murojaatchining so‘zlariga ko‘ra, «Oqim» jangchilari Baxmutga aprel oyida tashlangan. Ular qanotda «Vagner»dan pozitsiyalarni qabul qilib olgan.
 
Videodagi erkak Putinga murojaatida ta’minot bilan bog‘liq vaziyatdan noligan. Shuningdek, «Oqim» bataloni rahbariyatini mas’uliyatsizlikda ayblab, aynan ular sabab 17 aprel kuni guruh o‘z pozitsiyasini tark etishga majbur bo‘lganini aytgan. Uning so‘zlariga ko‘ra, «Vagner» rahbariyati guruh pozitsiyasidan chekinadigan bo‘lsa, jangchilar otib o‘ldirilishini ma’lum qilgan. Shu tariqa, yollanma jangchilar xavfsiz hududga o‘ta olmayotganini aytgan.
«Potok» XHK jangchilari Putinga murojaat vaqtida
Foto: TELEGRAM/VOYENKOR YEVGЕNIY LININ
Shuningdek, jangchilar «Gazprom» ularga urushga Rossiya mudofaa vazirligi bilan tuzilgan shartnoma asosida yuborilishini va’da qilgani, Ukarainaga esa «Redut» XHK bilan tuzilgan shartnoma asosida borishganini aytgan.
 
«Redut» nomli XHK borligi haqida Prigojin ham aytgandi. Shuningdek, aprel oyida tarmoqda tarqalgan rus asirining so‘rog‘ga tutilish jarayonida «Redut» haqida so‘z borgan. O‘sha so‘roq videosida yuzida jarohat izlari bo‘lgan shaxs o‘zini orenburglik Aleksandr Tkachenko deb tanishtirgan. U frontga «Redut» tarkibiga kiruvchi «Oqim» guruhi safida borganini aytgan. U «Gazprom»ga qarashli «Mash’al» va «Alanga» nomli xususiy harbiy kompaniyalar ham borligini, ularni mudofaa vazirligi nazorat qilishini aytgan. Uning so‘zlariga ko‘ra, «Gazprom» urush boshidayoq butun Rossiyadagi qo‘riqchilardan jangovar guruh tuzgan.
 
Tkachenkoning yaqinlari BBC'ning so‘roviga javob bermagan.
Aleksey Tkachenko. Foto - uning ijtimoiy tarmoqlaridan olingan
BBC rus xizmatining yozishicha, «Redut» va «Oqim» yollanma jangchilar guruhi ancha yillardan buyon mavjud bo‘lib, ular xususan milliarder Gennadiy Timchenkoga tegishli «Stroytransgaz»ning Suriyadagi obyektlarini qo‘riqlagan. Bu guruh «Vagner»dan farqli o‘laroq Suriyada hujum qilishda ishtirok etmagan va faqat qo‘riqlash bilan shug‘ullangan.
 
Urushgacha «Oqim» Prigojinning «Vagner»iga qaraganda ancha kichik tuzilma ekani aytilardi. Bir necha oydan buyon esa «Redut» ham odamlarni faol yollayotgani, uning jangchilari frontda ko‘rinish bergani haqida xabarlar paydo bo‘la boshladi. Telegram'da ham «Redut» degan kanal bo‘lib frontdan doimiy videolar qo‘yib boradi. Shuningdek, kanalda yollanma askarlar qabul qilinishi bo‘yicha e’lonlar ham bor. BBC o‘sha e’lonlarda ko‘rsatilgan raqamlar boshqa odamlarning telefon kitoblarida «Redut» yoki «Redut» XHK deb saqlanganini aniqlagan.
 
«Vajnie istorii» nashri Rossiyaning Ukrainaga bosqinida ishtirok etgan va frontdan qaytib jinoyat sodir etgan rossiyalikning sud ishi bilan tanishishga muvaffaq bo‘lgan. Belgorod sudidagi ishda «Redut» nomi tilga olingan. Sud ishida hukm rostovlik Kiril Topchyovga nisbatan chiqarilgan, o‘tgan yil bahorida «Redut» safida Ukrainada jang qilgan ayblanuvchi narkotik ishi bo‘yicha sudlangani keltirilgan.
 
Urushni yorituvchi blogerlar, masalan, «Ribar» Telegram-kanali «Redut» chindan Rossiya mudofaa vazirligiga aloqador ekanini yozadi. Bunday xususiy harbiy kompaniyalar borligi haqida RF mudofaa vazirligi ham, «Gazprom» ham rasman ma’lum qilmagan. Urushni faol yoritadigan blogerlar ham ular haqida ehtiyot bo‘lib gapiradi va ko‘pincha umuman gapirmaslikka harakat qiladi.
 
«Emishki «Gazprom» uchta xususiy harbiy kompaniya tuzgan: «Alanga», «Oqim» va «Mash’al». U yerda ko‘ngillilarni yig‘ib, mudofaa vazirligi boshqaruviga yuborishadi. Bu rost yoki yolg‘onligini bilmayman. Ularning kelajagidan ham xabarim yo‘q. Shunchaki XHK tuzib qo‘ygan bilan bo‘lmaydi, askarlarni qurollantirish, ekipirovka bilan ta’minlash kerak. Shuningdek, «Vagner»da bo‘lgani kabi ularga g‘oya singdirish kerak. Va eng asosiysi – tinimsiz mashg‘ulot o‘tkazish talab qilinadi. Shunchaki ko‘ngillilarni to‘plab, ularni XHK deb atab, teshiklarni yopish uchun yuborish yaramaydi. Bunaqasini safarbar qilinganlar ishtirokida bir marta ko‘rib bo‘ldik», degandi «Komsomolskaya pravda» harbiy muxbiri Aleksandr Kos aprel oyida bergan intervyusida.
 
«Gazprom» xususiy harbiy kompaniyalari va Prigojin o‘rtasidagi tortishuvlar tinmagan bir vaqtda «Vagner» asoschisi may oyi boshida o‘z jangchilarini Baxmutdan olib chiqib ketishi bilan tahdid qildi. Uning guruhi kichik shaharni yarim yildan bosib ololmayapti. Prigojin oxirgi vaqtlarda o‘q-dori yetishmayotganidan nolib, juda ko‘p video e’lon qildi. Ularning aksarida sobiq oshpaz Rossiya mudofaa vazirligi va «Gazprom»ga tegishli bo‘linmalar Baxmutdagi qanotlarda o‘z pozitsiyalarini tashlab qochganini aytgan.
 
Masalan, 9 may kuni e’lon qilgan videosida Prigojin «Fakel» guruhining yarmi urushishni xohlamaganini aytgandi. «Nega davlat pulini sarflab odamlarni go‘shtga aylanishga yuboryapsiz? Ularning onalari borib sizga *** ko‘rsatadi. Maynavozchilikni bas qiling, bu urush», degandi o‘sha videoda Prigojin.
 
«Vagner» rahbari «Fakel» borishdan bosh tortganini aytgan hudud katta ehtimol bilan Orenburg oblastida tuzilgan 72-o‘qchi brigada nazorat qilishi kerak bo‘gan platsdarmdir. Videolardan birida Prigojin brigada bu hududdan deyarli chekinganini aytgandi. Bu ma’lumotni keyinroq har ikki davlat mudofaa vazirliklari tasdiqladi. Rus qo‘shinlarining Baxmutdagi bu chekinishidan keyin Ukraina qo‘mondonligi Baxmut – Chasiv Yar trassasidan yana foydalanish imkoniga ega bo‘ldi.
 
«Vatanning haqiqiy himoyachisi edi»
 
«Gazprom»ga tegishli xususiy harbiy kompaniyalar safida jang qilganlar o‘limi bilan bog‘liq xabarlar ko‘p emas.
 
O‘limi rasman tan olingan «Oqim»ning yagona jangchisi Qabordin-Bolqoriyada yashovchi Erast Yakovenko hisoblanadi. 29 aprel kuni u tug‘ilgan Proxladniy shahri ta’lim boshqarmasi sahifasida «Zamonamiz qahramonlari» sarlavhali post paydo bo‘ladi. Unda 53 yoshli Yakovenko 24 aprel kuni Baxmut yaqinida halok bo‘lgani, ungacha urushda «Oqim» safida jang qilgani aytiladi.
 
Ochiq ma’lumotlarga ko‘ra, 2023 yil aprel oyi boshida frontga ketgan Yakovenko yaxshigina harbiy tajribaga ega. Xususan, 80-yillarda Polshada artilleriya razvedkachisi sifatida xizmat o‘tagan. Keyinchalik transport militsiyasida ishlagan. 90-yillarda chechen urushida qatnashib, leytenant unvonini olgan. Iste’foga chiqqach «yoshlarni vatanparvarlik ruhida tarbiyalash» bilan shug‘ullangan. Tersk kazak jangchilari safiga qo‘shilgan.
Erast Yakovenko. Foto: VK/UOPROHLADNY
«Erast Yurevich butun umr vatanning sodiq farzandi bo‘lgan», deyiladi u haqdagi postda. 2016 yilda Yakovenko LDPR safidan mahalliy boshqaruv organiga saylanmoqchi bo‘ladi, ammo unga omad kulib boqmaydi. Ovoz berish portalida esa uning nomzodiga tegishli sahifa hamon mavjud. Unda Yakovenko saylov vaqtida «Gazprom»ga tegishli «Janubiy mintaqalararo qo‘riqlash boshqarmasida» katta qo‘riqchi bo‘lib ishlagani aytiladi. Bu esa rossiyalik asir Tkachenkoning «Gazprom» «butun Rossiyadagi qo‘riqchilardan harbiy bo‘linma tuzgani» haqida gapini tasdiqlaydi.
 
Rossiyadagi eng mashhur «Vagner» xususiy harbiy kompaniyasi jangchilarni qamoqxonalardan terib olayotgandi. «Gazprom» esa aftidan odamlarni qamoqxonalardan saralab olmayapti. BBC bilan suhbatda Boshqirdistondagi qamoqxona mahbuslaridan biri «Gazprom»ga tegishli XHKlar qamoqxonadan odam yollayotgani haqida hech nima eshitmaganini aytgan. Vaholanki Boshqirdistondagi qamoqxonalardan yuzlab mahbuslar urushga ketgani ma’lum.
 
BBC «Gazprom»dagi qo‘riqchi lavozimida bo‘lmagan odamlar ham frontga jalb qilinmayotganini aniqlagan. Markaziy federal okrug bo‘linmalaridan biridagi suhbatdosh bunday XHKlar haqida hatto mish-mish ko‘rinishida ham gap yo‘qligini aytgan.
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Dunyo » «Gazprom»ga aloqador xususiy harbiy kompaniyalar haqida nimalar ma’lum?