15:04 / 09.06.2023
312

Vagnerchilar asir olgan podpolkovnik ularni askarlarni o‘g‘irlash va qiynog‘ga solishda aybladi

Foto: «Gruz 400» telegram-kanali videosidan skrinshot / Mediazona
5 iyun kuni «Vagner» xususiy harbiy kompaniyasi asoschisi Yevgeniy Prigojinning matbuot xizmati yollanma jangchilar Rossiya armiyasi podpolkovnigi Roman Venevitinni «tergov o‘tkazish uchun hibsga olgani»ni ma’lum qilgandi. Prigojinning ta’kidlashicha, Venevitinning qo‘l ostidagi askarlar «Vagner» chekinadigan hududlarni minalagan va yollanma jangchilar buni to‘xtatishni talab qilganda, ularga qarata o‘t ochgan.
 
Prigojinning matbuot xizmati shuningdek, «asir» Venevitin haqiqatan ham yo‘llarni minalashni buyurgani va buni «shaxsiy adovat» bilan izohlaganini aytgan videoni ham tarmog‘ga joylashtirdi.
 
Venevitin bu ayblovlarga javob berdi. 8 iyun kuni ertalab podpolkovnik o‘zining 11 daqiqalik videomurojaatini e’lon qildi. Unda u yollanma jangchilarning Rossiya armiyasi askarlarini doimiy ravishda o‘g‘irlab ketishi, ularni o‘lim bilan qo‘rqitishi, shuningdek, o‘zini ham asirlikka olingandan keyin qiynog‘ga solganini gapirib bergan.
 
Podpolkovnikning murojaati «Gruz 400» telegram-kanalida e’lon qilindi. «Mediazona» nashri rus armiyasi harbiysining «Vagner» bilan dushmanlik haqidagi birinchi ommaviy izohi stenogrammasini taqdim etdi.
 
«Xayrli kun. Mening ismim Roman Gennadevich Venevitin, men Rossiya Federatsiyasi qurolli kuchlarining podpolkovnigi, 72-brigadaning sobiq komandiriman. Ushbu murojaatda men «Vagner» bilan munosabatlarim haqidagi shov-shuvli video bo‘yicha o‘z nuqtayi nazarimni bildirmoqchiman.
 
Menda «Vagner»ga nisbatan haqiqatan ham shaxsiy adovat borligi haqidagi savolga shunday javob beraman... Men va mening brigadamning vagnerchilar bilan dushmanligi Artemovsk (Baxmut) yo‘nalishiga tashlanishimizning dastlabki kunlaridan boshlangan. Bu nafaqat, vagnerchilarning askarlarimizga o‘zlarining qo‘pol xatti-harakatlarini ko‘rsatishi va doimiy ravishda qiynash, o‘ldirish bilan tahdid qilishi, balki aniq harakatlar bilan mojaroga tortishga urinishi bilan bog‘liq edi.
 
Masalan, «Vagner» jangchilari bizning ikkita T-80 tankimiz, to‘rtta artilleriya quroli, KAMAZ va ​​piyoda jangovar mashinamizni o‘g‘irlab ketdi. Va hozirgacha bu mashinalar mudofaa vazirligiga qaytarilmagan. «Vagner» ularni harbi o‘lja deb hisoblaydi.
 
Masalan, vagnerchilar radioelektron kurash rotasining askarlariga nisbatan jismoniy tahdid qilgan holat ham bo‘lgandi. O‘shanda ular askarlarni o‘rab olgan va faqatgina vagnerchilar xohlagan tarzda ishlamagani uchun askarlarni yo‘q qilishni va’da qilgan. Shuningdek, askarlarimizni o‘g‘irlash, ularga nisbatan jismoniy qiynoq, sha’ni va qadr-qimmatini kamsituvchi usullarni qo‘llash holatlari ham sodir bo‘ldi. Misol uchun, bizning batalonlarimizdan birining starshinasini o‘g‘irlab ketishdi. Uni shafqatsiz qiynog‘ga solishgan, yerto‘lada sovuq polda saqlashgan, ko‘ziga kislota va har xil kimyoviy moddalarni sepishgan, shundan so‘ng u vaqtincha ko‘rish qobiliyatini yo‘qotgan. Hatto unga benzin sepib, zajigalka olib kelib, yoqib yubormoqchi bo‘lishgan.
 
Bundan tashqari, ular gaubitsa diviziyasi shtab boshlig‘ini ham o‘g‘irlab ketgan. Men kaltaklangan, mashinaga ortilib, jangovar harakatlar ketayotgan aholi punktlaridan biriga qo‘llari bog‘langan holda tashlab ketilgan bu odamning ismini aytmayman. Bu holatlarning barchasi bo‘yicha askarlar va guvohlarning ko‘rsatmalari bor, ularning ba’zilarini keyinroq o‘z bayonotim bilan birga e’lon qilaman.
 
2023 yil aprel-may oylarida men javobgar bo‘lgan uchastkadagi bo‘linmalar qo‘shni bo‘linmalardan birining askari vagnerchilar tomonidan kaltaklangani va tahqirlangani, shundan so‘ng u umidsizlikdan o‘z joniga qasd qilgani haqidagi dahshatli voqeani muhokama qildi.
 
Askarlar o‘g‘irlab ketilgan va ularni tankka qarshi boshqariladigan raketa hamda o‘q-dorilarga almashtirishga urinish holatlari ham bo‘lgan. Asirlikka olingan askarlar «ikki yuzinchi» (o‘liklar) va «uch yuzinchi»larni (yaradorlar) saqlash bilan shug‘ullanishga majbur qilingan — ya’ni ular xuddi qullar kabi ishlatilgan.
 
Mening askarlarimni olib ketib, «Vagner» bilan shartnoma imzolashga majburlashgan va shu bilan Baxmut qanotlari va mening mudofaa liniyamni zaiflashtirish holatlari ham bo‘ldi. Bunday holatlar bo‘lgan va ular hujjatlashtirilgan.
 
Siz nima deb o‘ylaysiz, menda «Vagner»ga nisbatan shaxsiy adovat hissi bo‘lishi mumkinmi? Baxmut qanotlari mudofaasini o‘zingiz zaiflashtirib, bu bilan bir vaqtda ommaviy axborot vositalarida mudofaa vazirligi ularni ushlab tura olmasligini e’lon qilganingizda nimaga erishdingiz? Yuqorida sanab o‘tilgan harakatlarni qanday tavsiflash mumkin?
 
O‘zaro munosabatlarimizda bizning tibbiy va artilleriya bo‘linmalarimiz birgalikda yaxshi ishlagan, yaradorlar va artilleriyachilarni olib chiqib, sizga ham, bizga ham yordam bergan yorqin nuqtalar ham bo‘ldi.
 
Mening asirga olinishim qanday sodir bo‘ldi? Men brigada komandiri sifatida, o‘z bo‘linmalarim, oldingi chiziqni tekshirish uchun chiqdim. «Vagner» xodimlari mening yo‘limni to‘sdi. Buning uchun hech qanday huquqiy va boshqa asoslar yo‘q edi. Men jangovar ofitser sifatida bunga toqat qilolmasdim. Mening xususiy harbiy kompaniyalar bilan hech qanday aloqam yo‘q va men ularga bo‘ysunmayman. Men o‘z komandirim — uchinchi armiya korpusi komandiri va qo‘shin qo‘mondoniga bo‘ysunaman.
 
Natijada, «Vagner» xodimlari qurolsizlantirildi va hammaga ma’lum joyga yuborildi ... Xullas, ular N***Yga jo‘natildi. Boshqacha bo‘lishini kutish g‘alati bo‘lar edi, chunki biz «Vagner» emas, balki mening brigadam va mening javobgarlik zonamda edik.
 
Keyinchalik ular meni asirga olishdi, yerto‘lada saqlashdi va har qanday g‘azablangan rus askari Ukraina qurolli kuchlarining asirga olingan askarini bunchalik masxara qilmaydigan darajada masxara qilishdi. Meni kaltaklashdi, uxlashga qo‘yishmadi, kechasi uch marta yerto‘ladan sudrab chiqib, otib tashlashga harakat qilishdi. Va siz shundan keyin men tergov harakatlari uchun hibsga olinganimni e’lon qilasizmi?
 
Mening so‘roq jarayonim aks etgan video — bu faqat bosim natijasidir. Bu yerda quyidagilarga e’tibor qaratish lozim: birinchidan, «Vagner»ning menga nisbatan qilgan harakatlari qonun doirasidan butunlay tashqarida. Kompaniyaga hurmat saqlagan holda shuni aytish kerakki, ularda hech qanday vakolat yo‘q. Ikkinchidan, menga nisbatan noqonuniy xatti-harakatlar sodir etilgani sabab menda kontuziya bor edi, nutqimdagi uzilishlar va hokazolar shuning oqibati, buni tibbiy hujjatlar tasdiqlaydi. Uchinchidan, siz va men bilamizki, sizda men qiynog‘ga solinganim va tahqirlanganimni tasdiqlovchi video bor.
 
72-brigada «Vagner»ning orqa tomonini minalagani haqidagi masalaga kelsak. Birinchidan, bu hudud «Vagner»ning orqa qismi emas, 72-brigadaning javobgarlik zonasi. Ushbu bayonot «Vagner» piar-xizmatining shikastlangan ongi mahsuli hamda Ukraina qurolli kuchlarining keng ko‘lamli hujumi boshlangan kuni mudofaa vazirligi rahbariyatiga arzon va bema’ni axborot hujumi uyushtirishga urinishidir. Aytish mumkinki, bu bayonot bilan siz nafaqat Bosh shtabga mag‘zava ag‘dardingiz, balki dushman bilan ochiqchasiga hamkorlik qildingiz.
 
Yana bir bor qaytaraman: «Vagner»ning orqa tomonini minalash – bo‘lmagan gap, chunki «Vagner»ning orqa rayonlari yo‘q. Balki 72-brigadaning ichkari hududlari bor.
 
Men frontdagi vaziyat haqida ham gapirmoqchiman. Yevgeniy Viktorovich, siz Rossiya Federatsiyasi qurolli kuchlarini faol ravishda obro‘sizlantiryapsiz, va bu orqali «Vagner»ni ushbu urushdagi yagona samarali tuzilma va harbiy korpus sifatida ko‘rsatishga harakat qilyapsiz. Ammo menda bir savol bor: agar keng frontda shartnoma asosidagi askarlar, ko‘ngillilar, «Bars», «axmatovchilar» va ichki qo‘shinlar jang qilmaganida siz Popasnaya, Soledar, va Baxmutni egallay olarmidingiz? O‘shanda sizda siyosiy piar uchun asos bo‘larmidi?
 
Shuningdek, muntazam armiyaning Baxmut qanotlaridan chekinishi haqidagi ko‘plab bayonotlar haqida ham gapirmoqchiman. Agar o‘z manyovrlari, frontning ba’zi qismlarini tark etishi haqida bir-biriga xabar berishni zarur deb hisoblamaydigan «Vagner» bo‘linmalari va muntazam armiya bo‘linmalari o‘rtasida ishchi aloqalar mavjud bo‘lganda, bu urushda qurbonlar kamroq, bosib olingan hududlar ko‘proq bo‘lardi.
 
Shunga qaramay, 72-brigada o‘z pozitsiyasini saqlab qoldi va hozir ham saqlab turibdi. Jumladan, Boshqirdiston bataloni hozir frontning 20 kilometrini ushlab turibdi va ularning qarshisida shiddatli, telbanamo «azovchilar» turibdi. Va butun brigada o‘z joyida qolmoqda.
 
Xulosa sifatida shuni aytmoqchimanki, bu videomurojaat hech kim tomonidan buyurilmagan. Men o‘z harakatlarim uchun to‘liq javob beraman. Men «Vagner»ning meni o‘ldirish yoki qamog‘ga tashlash haqidagi tahdidlaridan qo‘rqmayman. Bundan tashqari, men o‘zimning yuqori rahbariyatimdan hech qanday yordam kutmayman. Yevgeniy Prigojin ukrainaliklar uchun birinchi bo‘lib kulbadan iflos choyshabni olib chiqdi va frontdagi, haqiqiy erkaklar o‘rtasidagi o‘zaro qarama-qarshiliklardan siyosiy shou uyushtirdi, shuning uchun mening vaziyat bo‘yicha o‘z guvohligimni bildirishga to‘liq haqqim bor.
 
Men rus ofitseri, podpolkovnikman va endi allaqachon 72-alohida brigadaning sobiq komandiriman. Bolaligimdan beri butun hayotim harbiy ishlar bilan bog‘liq. Men ofitser oilasida tug‘ilganman, Qozondagi Suvorov harbiy maktabini, Qozon tank maktabini, Frunze nomidagi akademiyani tamomlaganman. Men Checheniston va Suriyadagi jangovar harakatlar ishtirokchisiman. Rossiya Federatsiyasi manfaatlari va mudofaasi uchun berilgan jangovar topshiriqlarni har doim bajarganman. Barcha rus ofitserlari singari, men ham maxsus harbiy operatsiyani o‘tkazishni qo‘llab-quvvatladim va o‘zim ishlovchi 72-motoo‘qchilar brigadasiga rahbarlik qilish buyrug‘ini oldim. Men askarlarim va ko‘ngillilarim bilan Xerson oblastida, «DXR» va «LXR»da jang qildim. Va bu vaqt davomida bizning brigada ter va qon bilan o‘z harbiy burchni munosib darajada bajardi. O‘zim ham davlatim va vatanimga xizmat qilishda davom etaman.
 
«Vagner» frontda uyushtirayotgan anarxizm prezidentimizni kuchaytirish o‘rniga uni zaiflashtirishga harakat qilayotgan siyosiy elita o‘yini natijasidir. Ishonchim komilki, bu vaqtinchalik holat. Davlatning mustahkamlanishi bilan maxnovshchina («Erkin hudud», 1918-1921 yillardagi Ukraina fuqarolik urushi davridagi hududiy erkin tuzilma) tezda yo‘q qilinadi va beqaror dala qo‘mondonlari yo‘qlikka mahkum bo‘ladi. Rossiya ushbu urushda Ukraina va NATO ustidan g‘alaba qozonadi. Bizda boshqa yo‘l bo‘lmaydi, lekin bu bitta xususiy, sehrli, zamonaviy, xususiy harbiy kompaniya sabab emas, balki Rossiya Federatsiyasi prezidenti va Rossiya Federatsiyasi qurolli kuchlari hamda butun jamiyat birdamligi tufayli sodir bo‘ladi.
 
Rossiya armiyasi minglab ko‘ngillilar va zamonaviy qurollar bilan to‘ldirilishda davom etmoqda. Biz hali G‘arb davlatlari koalitsiyasini o‘z qarorlaridan pushaymon bo‘lishga majbur qilamiz va bu shoqollarning qochishini tomosha qilamiz».
Rossiya va Ukraina urushi

arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Dunyo » Vagnerchilar asir olgan podpolkovnik ularni askarlarni o‘g‘irlash va qiynog‘ga solishda aybladi
ePN