00:10 / 11.06.2023
189

Trampga qarshi jiddiy ayblovlar qo‘yildi, u saylovda ishtirok eta oladimi?

Trampga qarshi jiddiy ayblovlar qo‘yildi, u saylovda ishtirok eta oladimi?
Foto: Doug Mills/The New York Times
AQSH prokuraturasi sobiq prezident Donald Trampga qarshi ish bo‘yicha ayblov xulosasini e’lon qildi. Siyosatchiga 37 ta band bo‘yicha ayblov qo‘yilgan. Xususan, u yolg‘on ko‘rsatma berish, jinoiy til biriktirish, maxfiy materiallarni saqlash va yashirishda gumon qilinmoqda.
 
Ushbu bandlarning har biri bo‘yicha Tramp katta miqdorda jarima va qamoq jazosiga hukm qilinishi mumkin. Shunga qaramay, u prezidentlikka nomzodini qo‘ya oladi.
 
Maxfiy materiallar
 
Tergov ma’lumotlariga ko‘ra, Tramp Florida shtati, Mar-a-Lago shahridagi shaxsiy qarorgohida 31 ta maxfiy hujjatni saqlagan. Ular AQSH yadroviy qurol dasturi tafsilotlarini, AQSH va uning ittifoqchilarining ehtimoliy zaif tomonlarini hamda AQSH hujumga uchragan taqdirda javob harakatlari rejalarini aks ettirgan.
 
«Ushbu maxfiy hujjatlarni oshkor qilish Qo‘shma Shtatlar milliy xavfsizligiga, xalqaro munosabatlarga, Qo‘shma Shtatlar harbiy manbalari va agentlarining xavfsizligiga hamda razvedka ma’lumotlarini yig‘ishning nozik usullaridan foydalanishda davom etishiga tahdid solishi mumkin», deyiladi ish bo‘yicha tayinlangan maxsus prokuror Jek Smit xulosasida.
 
Ortiqcha gapirib qo‘ydi
 
Ayblov xulosasiga ko‘ra, Tramp tegishli huquqqa ega bo‘lmagan bir necha kishiga maxfiy hujjatlarni ko‘rsatishni rejalashtirgan. Xususan, 2021 yil 21 iyul kuni u yozuvchi, noshir va qo‘l ostidagi ikki xodimi bilan bu haqda telefonda gaplashgan. Suhbat davomida sobiq prezident ularga «AQSH tomonidan bir davlatga hujum qilish bo‘yicha maxfiy reja» haqida gapirib bergan. Xulosada bu davlatning nomi keltirilmagan, ammo ehtimol gap Eron haqida ketayotgan bo‘lishi mumkin.
 
Ikkinchi shunday hodisa 2021 yil avgust yoki sentyabr oyida sodir bo‘lgan. Shunda Tramp go‘yoki o‘z yordamchisiga ma’lum bir davlatning maxfiy xaritasini ko‘rsatib, u yerdagi harbiy amaliyot unchalik yaxshi ketmayotganini aytgan.
 
Hamkorlik qilmadi
 
Trampga qarshi ish epizodlarining bir qismi tergovga to‘sqinlik qilish, yolg‘on ko‘rsatma berish va tergovchilarni chalg‘itish bilan bog‘liq.
 
Prokuraturaning da’vo qilishicha, siyosatchi Oq uydan hujjatlarni uyiga olib ketish uchun shaxsan qutilarga solgan. Keyin federal hokimiyat ularni qaytarib olishga urinayotganda, qutilarning qayerdaligini nazorat qilib turgan.
 
Bundan tashqari, xulosada aytilishicha, Tramp advokatlarining xabarisiz qutilarni ombordan o‘z qarorgohiga ko‘chirgan. Aytilishicha, Tramp o‘z yordamchilariga so‘roq paytida yolg‘on gapirishni buyurgan.
 
Maxsus prokuror Jek Smit barcha amerikaliklarni Donald Tramp aynan nimada ayblanayotganini bilishi kerakligini ta’kidladi. Uning so‘zlariga ko‘ra, gap AQSH xavfsizligi uchun muhim bo‘lgan qonunlarni buzish haqida ketmoqda. Prokuror sud e’lon qilmaguncha Trampni aybdor deb topmaslik kerak degan fikrni aytdi, biroq jarayon tez yakunlanishiga umid qildi.
 
AQSH sobiq prezidenti o‘ziga tegishli bo‘lgan Truth ijtimoiy tarmog‘ida barcha ayblovlarni rad qildi. U amaldagi davlat rahbari Jo Bayden ham maxfiy hujjatlarni bir joydan ikkinchi joyga ko‘chirganini da’vo qildi. Tramp, shuningdek, sud tomonidan taqdim qilingan fotosuratlarda qutilar ichida gazetalar va shaxsiy fotosuratlar ko‘rinib turganini ta’kidladi. Bundan tashqari, u amaldagi prezident Jo Baydenning bo‘lajak prezidentlik saylovlarida o‘ziga asosiy raqib ekanini eslatdi.
 
AQSH prezidenti saylovi 2024 yil 5 noyabrda bo‘lib o‘tadi. Donald Tramp Respublikachilar partiyasidan asosiy nomzod bo‘lyish uchun kurashmoqda. Jo Bayden Demokratlar partiyasidan nomzodini ilgari surdi.

arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Dunyo » Trampga qarshi jiddiy ayblovlar qo‘yildi, u saylovda ishtirok eta oladimi?
ePN