19:25 / 12.06.2023
717

Qozog‘istonliklar dabdabali to‘y ortidan qanday qarzga botadi?

Qozog‘istonliklar dabdabali to‘y ortidan qanday qarzga botadi?
Qozog‘istonda hech kimga sir emaski, to‘y uchun kredit olish allaqachon odatiy holga aylangan. Har yili mazkur zavq mos ravishda qimmatlashadi va banklar oldidagi qarz majburiyatlari kattalashadi. “Daryo” muxbiri odamlarning bu borada boshidan o‘tkazgan hikoyalarini to‘pladi.
 
Asxat va Zarina turmush qurganiga bir yildan oshdi, ammo hamon to‘y uchun olingan kreditni to‘laydi. Qolaversa, kuyovning ota-onasi, aka-uka va opasi ham qarzdor. Ularning har biri ma’lum miqdorda to‘yni o‘tkazish uchun qarz olgan.
 
Asxatning oilasi 5 nafar farzanddan iborat. U katta akasi o‘zining to‘yini o‘tkazishni istamaganini, kelinoyisi ham bunga rozi bo‘lganini aytadi. Biroq ota-onalar butunlay boshqacha fikrda bo‘lgan.
 
“Oilamiz tantanalarni biz hashamatli yoki juda boy bo‘lganimiz uchun emas, balki 'uyat bo‘ladi' sababli uyushtirgan. Ularning fikriga qarshi chiqib bo‘lmaydi va ziyofat qilishga to‘g‘ri keldi. Akam bilan men to‘y qilishni xohlamadik, chunki bu qimmatga tushishini bilardik.
To‘yni tashkil qilish qiyin emas, uning ortidan keluvchi qarzni kelajakda to‘lash qiyin. Bizning oilamiz allaqachon 3 marta millionlab kreditlar olgan. Tez orada kichik uka-singillarim ham katta bo‘ladi. Singlim allaqachon bu yil 19 yoshda. Balki yana kredit olishga to‘g‘ri keladi”, — deydi Asxat.
 
Uning o‘zi to‘y uchun 3 million tenge (6700 dollar) olgan. Aka-uka va opa-singillar har biri 400 000 tenge (900 dollar)dan ajratgan. Umumiy miqdorga ota-ona ham qo‘shilgan. Bu taxminan 6 million tengeni (13 500 dollar) tashkil qiladi. Asxat bu pulga eski mashina sotib olish yoki ko‘chmas mulkka sarmoya kiritish mumkinligini aytadi.
 
“Hozirda boshlang‘ich to‘lov bilan foydali ipoteka kreditlari mavjud. Siz kvartirani kreditga sotib olishingiz mumkin. Afsuski, to‘yni o‘tkazish muhimroqdir. Chunki ota-onalar, albatta, barcha qarindoshlar, do‘stlar, qo‘shnilarni chaqirishi kerak.
Kuyov ham qalin puli to‘lashi kerak, unga ham ko‘p pul ketadi. Katta akam 1,5 million (3300 dollar) berdi, men esa taxminan 2 million tenge (4500 dollar) berdim”, — deydi Asxat.
 
Gap o‘rnida, Qozog‘istonda kelinlar ham bayramlar o‘tkazadi. Ota-onalar “qudalik” uyushtiradi. Ko‘lami bo‘yicha bu tadbir kuyov tomonidan o‘tkaziladigan to‘ydan kam emas. Ma’lum bo‘lishicha, har ikki tomon ham moliyaviy tomondan qiynaladi.
 
Galim yana bir voqeani aytib berdi. Katta opasi turmushga chiqqan. Kelin tomon shunday tadbir o‘tkazishi kerak edi. Bunda ham restoranni ijaraga olish, stolga esa lazzatli taomlar tortilishi kerak. Bu katta summaga aylanadi. Galimning ota-onasi boy emas, bolalari o‘rtacha daromad bilan yashaydi.
 
“Opam qariyb 4 million tenge (8 ming dollar) kredit oldi. Men va ota-onam ham ozgina yordam berdik. Darhaqiqat, xarajatlarning katta qismini opam o‘z zimmasiga olgan. Men unga qo‘limdan kelganicha yordam berdim.
Mening televideniye va radioda ko‘plab do‘stlarim bor. Musiqachilar, fotograf, videograflar topdim. Mendan pul olishmadi, lekin sen mendan qarzdorsan deyishdi”, — deydi Galim.
 
Ammo Narimon va Jibek to‘y marosimi o‘tkazmoqchi emas. Ular 7 yildan ortiq birga. Ular to‘y o‘tkazish foyda keltirmaydi, deb hisoblaydi.
 
“To‘g‘risini aytsam, to‘y qilishni xohlardim, lekin kreditga emas. Bir necha millionga tushadigan bayramni o‘tkazish arzimaydi. Bularning barchasi, aslida, faqat mehmonlar kelishi, ovqatlanishi va ketishi uchun. Men va oilam qarzdor bo‘lib qolamiz. Bu nega kerak?”, — ta’kidlaydi Jibek.
 
Darhaqiqat, Qozog‘istonda to‘ylar yo kreditga, yoki daromadi yuqori odamlar tomonidan o‘tkaziladi. Narimon bayramga ketadigan pulni foydali narsaga sarflagan ma’qul, deb hisoblaydi. Nikohni restoranlar va limuzinlarsiz ham o‘tkazsa bo‘ladi.
 
“Shunchaki imzo chekish mumkin! Keyin yashash, oila qurishni davom ettirish. To‘y ham, qudalik ham eng yaqin, oila davrasida o‘tkazsa bo‘ladi, deb o‘ylayman. Tejalgan pulga esa sayohatga chiqish, mashina, kvartira sotib olish yoki, masalan, biznesga sarmoya kiritish mumkin”, — deydi Narimon.
 
(Barcha qahramonlarning ismlari o‘zgartirilgan)
Talgat Satibaldi, Ostona

arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Dunyo » Qozog‘istonliklar dabdabali to‘y ortidan qanday qarzga botadi?
ePN