19:29 / 18.06.2023
502

U namunali gubernator bo‘lishni orzu qilgandi, ammo urush o‘rtasiga tushib qoldi

U namunali gubernator bo‘lishni orzu qilgandi, ammo urush o‘rtasiga tushib qoldi

Foto: vvgladkov / Telegram

Rossiya Ukrainaga bosqin boshlaganidan buyon xabarlar lentasida tez-tez Vyacheslav Gladkov nomini eshitish odatga aylandi. Oxirgi vaqtlarda Rossiyaning Ukraina bilan chegaradagi Belgorod oblasti gubernatorining ismi ayniqsa ko‘p tilga olinmoqda. Aynan u oblastga zarbalar va «ukrain diversantlari»ning Belgorodga reydlari haqida ma’lumot bermoqda.

Siyosatchining o‘zi bunday mashhurlikka erishishni xohlamagandi. Doim odamlar chindan yaxshi ko‘radigan gubernator bo‘lishni orzu qilgan Gladkov bugun orzularini chekkaga surib qo‘yib, urush o‘rtasiga tushib qoldi. U hozir oblastni obodonlashtirish haqida emas, «Vagner» rahbari Yevgeniy Prigojin bilan mojaroni hal qilish, shuningdek, Putinning unga nisbatan spetsifik munosabati haqida bosh qotirishga majbur.

«Meduza» maxsus muxbiri Andrey Persev Rossiyaning eng mashhur gubernatori Vyacheslav Gladkovning faoliyatiga nazar tashladi.

Chegaradagi qishloq

Novaya Tavoljanka – Ukraina chegarasiga eng yaqin joylashgan 5 ming kishi yashaydigan qishloq. U oxirgi vaqtlarda urushning eng qaynoq nuqtalaridan biriga aylandi. 5 iyun kuni mahalliy rahbariyat bir muddat qishloq ustidan nazorat qo‘ldan berilganini amalda tan oldi. Gladkov tushuntirish bermagan holda bu qishloqqa kira olishmayotganini aytdi.

O‘sha vaqtda Novaya Tavoljankani Ukraina tomonida turib jang qilayotgan «Rossiya ko‘ngillilar korpusi» jangchilari qo‘lga olgandi. Ular qishloqni egallashi bilan Gladkovni uchrashuvga chaqirib, agar qo‘rqmay boradigan bo‘lsa, unga asirlarni topshirishlarini aytishdi.

Gladkov bu chaqiruvga tezda javob qaytardi. «Go‘yoki asirlarni topshirish maqsadida men bilan uchrashishni so‘ragan pastkash, qotil va fashistlarning murojaatini ko‘rdim. Bizning yigitlar ularning qo‘lida va katta ehtimol ularni o‘ldirishgan. Ammo ular tirik bo‘lsa, [uchrashishni] taklif qilaman. Soat 17 dan 18 gacha «Shebekino» avtomobil o‘tkazish punktida. Xavfsizlikni kafolatlayman», dedi Belgorod gubernatori.

Shebekino shahri Novaya Tavoljankadan bir necha kilometr masofada bo‘lib, oxirgi vaqtlarda tez-tez o‘qqa tutilmoqda.

Shebekinoda zarbaga uchragan yotoqxona binosi. Foto: Bogdan Sobolev / TASS

Gladkov va «Rossiya ko‘ngillilar korpusi» vakillari o‘rtasida uchrashuv o‘tkazilmadi. Korpus vakillari asir olingan rossiyalik harbiylar almashuv ro‘yxatiga kiritilishi uchun Kiyevga yuborilishini aytdi. Belgorod rahbariyati esa 6 iyun kuni «hududda dushman yo‘q ekani» haqida xabar berib, aslida nima bo‘lganini oshkor qilmadi.

«Meduza»ning Kremlga yaqin manbasiga ko‘ra, Gladkov Ukraina tomonida turib urushayotgan rossiyaliklar bilan uchrashuvga borishga tayyor bo‘lgan, lekin bunga Rossiya prezidenti administratsiyasi vakillari rozilik bermagan. Ular go‘yoki ukrainparast kuchlar bilan uchrashish Rossiyaning obro‘siga to‘g‘ri kelmasligini aytishgan.

«U o‘zgacha bo‘lishni, uni yaxshi ko‘rishlarini xohlaydi. RKK bilan ham ko‘rishgan bo‘lardi, bunga ishonaman», degan Gladkovning uzoq yillik do‘sti bo‘lgan manba.

Bu jihatdan kelib chiqiladigan bo‘lsa, oxirgi vaqtlarda Gladkovda o‘zini ko‘rsatish uchun «yetarlicha imkon bo‘lmoqda», chunki oblast Ukraina tomondan ko‘p o‘qqa tutilmoqda, «Rossiya ko‘ngillilar korpusi» vakillari ham Belgorodda tez-tez ko‘rinish beryapti. May oyining o‘zida Belgorod rahbariyati 130 ta otishmani qayd etgan. Gladkov bu voqealarga tezda munosabat bildirib, jabrlanganlar bilan uchrashmoqda.

«Slava (Vladislav ismi ruslarga shunday qisqartiriladi - tarj.) juda charchagani ko‘rinmoqda, ammo aftidan, unda boshqa yo‘l qolmagan. Har qancha g‘alati eshitilmasin, u [urush sabab] yuzaga kelgan kareraviy o‘sish imkonini ham yodidan chiqarmayotgani aniq», degan Gladkov bilan gaplashgan va Kremlga yaqin boshqa bir suhbatdosh. Uning aytishicha, Gladkov iyun oyida oblastdagi vaziyat haqida Putinga shaxsan o‘zi telefon orqali hisobot bergan. Gubernator esa prezidentga to‘g‘ridan to‘g‘ri doklad qilganini yutuq deb hisoblagan. Axir hozirda urushga aloqador odamlar Putin uchun ayniqsa muhim hisoblanadi-da!

Atomli shaharchaning «gulchi meri»

Gladkov Penza oblastidagi Kuchki deb atalgan kichik qishloqda tug‘ilgan. Maktabni Zarechniy deb ataluvchi yopiq atom shaharchasida tugatgan. Peterburgda iqtisodchilikka o‘qigan Vyacheslav o‘qishni tugatiboq ona yurtiga qaytadi. 2000 yilda 31 yoshli Gladkov mansabdor shaxs sifatida faoliyatini boshlaydi. Avvaliga Zarechniy shahar administratsiyasida iqtisodiy bo‘lim boshlig‘i o‘rinbosari, keyinroq o‘sha bo‘limga rahbar bo‘ladi. 2009 yilda esa siti-menejyer lavozimiga ko‘tariladi.

Aslida shahar rahbari mahalliy deputatlar kengashi raisi bo‘lsa-da, mahalliy OAV amalda Zareyniy meri aynan Gladkov ekanini yozadi. U obodonlashtirish masalasiga ko‘p e’tibor bergani uchun chiroyligina laqab ham orttirib oladi – «gulchi mer». Bunga yetarlicha sabablar bor, masalan, 2012 yilda Gladkov ko‘p qavatli uylar hovlilarini ko‘kalamzorlashtirish bo‘yicha musobaqa o‘tkazishni yo‘lga qo‘yadi. Bunday o‘ziga xos konkurs hozirgacha o‘tkazib kelinadi.

Gladkovning o‘zi shahardagi faoliyatini o‘sha vaqtda o‘zi tanlagan ushbu shior bilan ta’riflaydi: «Zarechniy – odamlar shahri». Gladkov odamlar shahar obodonlashishiga hissa qo‘shishi muhim ekani haqida shunday degandi: «Mahalliy administratsiya faoliyatining maqsadi – Zarechniyda amalga oshayotgan va amalga oshajak muhim ijtimoiy loyihalar ustida birga ishlashga har bir fuqaroni jalb qilishdan iborat. Biz uchun har bir odam muhim».

Gladkov o‘z faoliyati orqali yaxshi ishlarni amalga oshira boshlaydi. Masalan, uning tashabbusi bilan uysiz hayvonlarni himoya qilish bo‘yicha maxsus shahar fondi va ularni saqlash uchun punkt tashkil qilinadi. Gladkov Zarechniy shahri rasman «Ijtimoiy-iqtisodiy jihatdan jadal rivojlanayotgan hudud» deb atalishiga erishadi. Bu status shahar rezidentlariga turli soliq imtiyozlari taqdim etardi.

Gladkov vaqtida yana bir qiziq voqea sodir bo‘ladi. Uning tashabbusi bilan Zarechniyni «Z shahar» deb atay boshlashadi. Yo‘q, Gladkov bugungi kelajakni bashorat qilmagan, shunchaki mana shu jarangdor nom bilan mahalliy ko‘ngilochar sayt tashkil qilingandi.

Vyacheslav Gladkov va Dmitriy Medvedev. 2011 yil

O‘sha vaqtdayoq Gladkovning siyosiy ambitsiyalari qadrdon Zarechniy shahri sarhadlaridan yuqoriroqqa chiqishga ulgurgandi. 2013 yil uning tashabbusi bilan Rossiyada Innovatsion shaharlar uyushmasi tashkil qilinadi. Bu uyushmaga Zarechniydan tashqari Obninsk va boshqa «Rosamtom» korxonalari mavjud bo‘lgan yopiq boshqaruvdagi shaharlar kiradi. Gladkov o‘zi tashkil qilgan uyushmani boshqarib, «innovatsion shaharlar» rahbarlari o‘rtasida tajriba almashishni yo‘lga qo‘yadi.

Gladkovning favqulodda faolligi sabab Zarechniyga federal darajadagi mansabdorlar tashrifi ko‘payadi. «Meduza»ning «Rosatom»ga yaqin manbasiga ko‘ra, Zarechniyga tez-tez boradigan mehmonlar orasida Rossiyadagi eng mashhur polittexnologlardan biri, hozirgi prezident administratsiyasi rahbari o‘rinbosari Sergey Kiriyenkoning eski qadrdoni Aleksandr Xarichev ham bo‘lgan. 2010-yillarda Xarichev aynan Kiriyenko boshqaruvidagi «Rosatom»da faoliyati yuritgan.

«Zarechniy juda yaxshi holatda, chindan boshqa shaharlarga o‘rnak qilib ko‘rsatgulik edi. Slava mehmonlarni do‘ndirib kutib olishini ham unutmaslik kerak. U Xarichev bilan do‘stlashib, faoliyatini «Rosatom» yo‘nalishi bo‘ylab yuksaltirish haqida o‘ylaydi», degan suhbatdosh.

Ko‘p o‘tmay Gladkov faoliyatida «siyosiy o‘sish» baribir sodir bo‘ladi. Ammo kutilgan yo‘nalish bo‘yicha emas. 2016 yil Gladkovga kutilmaganda Sevastopol gubernatori o‘rinbosari bo‘lishni taklif qilishadi. Uning vazifasi haqiqiy siyosiy vazifalarni bajarishdan iborat edi. Gladkovning yanada ko‘tarilishiga aynan Xarichev «javobgar bo‘ladi». O‘sha vaqtda u Kiriyenkoning ortidan Rossiya prezidenti adminstratsiyasida ish boshlagandi.

U vaqtda anneksiya qilingan Qrimda vaziyat juda keskin, Moskva Sevastopolga admiral Sergey Menyayloni gubernator etib tayinlagandi. U esa mahalliy konunchilik kengashi spikeri Aleksey Chaliy bilan kelishmovchilikka boradi. 2014 yil bahorida Chaliy Qrim Rossiyaga qo‘shilishini talab qilgan 20 ming kishilik namoyish tashkil qilib, unda o‘zini «shaharning xalqchil meri» deb e’lon qiladi. Sergey Menyaylo esa bu vaqtda boshqa yo‘nalishdan turib Qrim anneksiyasiga tayyorlanayotgandi. Uning vazifasi «mudofaa otryadlari» tashkil qilish va uning Qora dengiz floti bilan muvofiqlashgan faoliyatini ta’minlashdan iborat edi.

Chaliy avvaliga bir muddat Sevastopol gubernatori bo‘ladi ham. Ammo keyinchalik bu lavozimni tark etib, «Yedinaya Rossiya»dan mahalliy kengashga saylanadi va uni boshqaradi. Shu tariqa, gubernator Menyaylo va kengash raisi Chaliyning munosabati keskinlashadi. Chaliy Kreml tomonidan tayinlangan Menyayloni «Sevastopolni rivojlantirish bo‘yicha strategik reja»ga sovuqqonlik bilan qarashda ayblab, uning iste’fosini talab qiladi. Mahalliy elita o‘rtasida ham bo‘linish kuzatiladi. Ba’zilar Kreml qo‘ygan Menyayloni qo‘llashda davom etsa, ba’zilar Chaliy ta’sirida qoladi.

Oxir-oqibat Kreml admiral Menyayloni siyosiy tajribaga ega bo‘lmagan va mudofaa sanoatida ishlab yurgan Dmitriy Ovsyannikov bilan almashtiradi. «Kommersant»ning yozishicha, o‘shanda Ovsyannikovning o‘zi Xarichevdan uni o‘rinbosar lavozimiga tavsiya qilishni so‘raydi. Ammo Xarichev bo‘lajak gubernatorlik va prezidentlik saylovi oldidan kerakli natijalarni ta’minlashga javobgar o‘rinbosarlik lavozimiga Gladkovni taklif qiladi.

Gladkov Sevastopol gubernatoriga o‘rinbosar bo‘lganidan keyin shaharda vaziyat murakkab ekani, odamlar Rossiyaga qo‘shilganidan keyin qachon hayoti yaxshilanishini kutayotganini aytadi. «Meduza»ning Gladkovga yaqin manbasi uning Sevastopoldagi faoliyati qiyin boshlanganini aytadi. Gladkov gubernator Ovsyannikov bilan kelisha olmay, bir necha marta ishdan bo‘shash haqida ariza ham yozadi. Ovsyannikov esa prezident administratsiyasidagi muhim lavozimda o‘tirgan Kiriyenkoning odami Gladkovni ranjitishdan qo‘rqib, uni qolishga ko‘ndiradi.

Bu ma’lumotlarni «Meduza»ning Kremlga yaqin manbasi ham tasdiqlaydi. Uning fikricha, mojaroning sababi shaxsiy masalada bo‘lgan. «Ikkisi ham noodatiy odamlar, ammo Gladkov o‘zini juda yaxshi ko‘radi, yo‘q joydan intriga yaratishni yaxshi ko‘radi. Buning ustiga, u o‘zini gubernatordan balandroq hisoblagan», deydi suhbatdosh.

Gladkovning Sevastopoldagi faoliyatiga e’tibor qaratilsa, u chindan mustaqil siyosatchi sifatida namoyon bo‘lgan. Masalan, mahalliy namoyishlarni tinchitish uchun o‘zi odamlar bilan uchrashgan. Namoyishlarda qatnashgan faollar esa tayinlovga qadar Sevastopolga hech qanday aloqasi bo‘lmagan Gladkovni «ko‘chmanchi mansabdor» deb atashadi.

«Men o‘zimni ko‘chmanchi deya olmayman. Qolganlar kabi bu yerga oilam bilan kelganman. Kelgach birinchi qilgan ishimiz bolalarni maktabga, bog‘chaga joylashtirish, kasalxonaga olib borish bo‘ldi. Shu sabab ko‘chmanchi degan so‘zga qo‘shilmayman. Meni ko‘proq kelgindi deb atashadi va bu menga yoqdi», degandi bunga javoban Gladkov so‘zamollik bilan.

Tanqidlarga qaramay, «ko‘chmanchi» Kreml tomonidan qo‘yilgan asosiy vazifani bajaradi – Dmitriy Ovsyannikov 2017 yilgi gubernatorlik saylovida 71 foiz ovoz oladi. Vladimir Putin esa prezidentlik saylovida Sevastopol bo‘yicha 90,1 foiz qo‘llovga erishadi. Manbalardan birining aytishicha, Gladkov bu natijaga erishish uchun noodatiy nimadir qilmagan, shunchaki saylovda hukumatni qo‘llovchi budjet tashkilotlari xodimlari ishtirokini ta’minlagan, xolos.

Rossiya prezidenti administratsiyasi bilan anchadan buyon hamkorlik qilayotgan polittexnolog esa jurnalistlar bilan suhbatda Sevastopoldagi saylov natijalarida aynan Gladkovning qandaydir ta’siri bo‘lmaganini aytadi.

Sevastopolda saylovoldi tashviqoti. 2017 yil

Nima bo‘lganda ham, Gladkov 2018 yilda topshiriqni bajarib, vazifasini tark etadi. Gladkov ketishidan avval shaharda yana bir mojaro avj oladi. U vaqtda mahalliy kengash spikerligidan ketgan, lekin deputat bo‘lib qolgan Aleksey Chaliy Ovsyannikovning iste’fosini talab qilib, uni korrupsiyada ayblaydi. U vaqtda Chaliy shahar siyosiy hayotiga avvalgi kabi ta’sir qilishni istar, Ovsyannikov esa boshqaruvni u bilan bo‘lishmoqchi emasdi.

Chaliy hatto Ovsyannikovning iste’fosi bo‘yicha referendum o‘tkazishga harakat qiladi. 2019 yilgi saylovda esa mahalliy parlamentga g‘olib bo‘lgan taqdirda Ovsyannikovni «ag‘darish» taklifi bilan boradi. Ammo vaziyat keskinlashmaydi: Ovsyannikov ishdan ketadi, Chaliy esa saylovda o‘z nomzodini qaytib oladi.

Ovsyannikovning keyingi taqdiri noodatiy bo‘lgan. Avvaliga u Rossiya ishlab chiqarish va savdo vazirligiga qaytadi. Keyin umuman Rossiyadan chiqib ketadi. Hatto Sevastopoldagi faoliyati uchun o‘ziga qarshi qo‘llangan G‘arb sanksiyalarini bekor qilishga ham erishadi. Masalan, Rossiya Ukrainaga bostirib kirganidan keyin Gladkovga qarshi qo‘llangan sanksiyalar hamon amalda bo‘lib turibdi.

Sevastopoldagi lavozimidan ketgan bo‘lsa-da, Gladkov mansab pillapoyalaridan asta-sekin ko‘tarila boshlaydi. U Sevastopoldagi ishidan keyin biror hududga gubernator bo‘lish haqida o‘ylay boshlaydi. Ammo uni Stavropol o‘lkasi hukumat raisi o‘rinbosari lavozimiga yuborishadi. «Meduza»ning bu hududda ishlagan manbasining aytishicha, hudud rahbari Vladimir Vladimirov bu lavozimda o‘z odamini ko‘rishni istaydi, lekin Gladkovning pushtipanohi bo‘lmish Xarichev aynan uning nomzodini ilgari suradi. Jurnalistlar bilan gaplashgan boshqa bir suhbatdoshning aytishicha, Gladkov ishlagan lavozimning aytarli muhim vazifasi ham bo‘lmagan.

Shu sabab Gladkov tezroq tilga tushishga imkon beradigan ishlar bilan shug‘ullanadi. Masalan, mahalliy administratsiya tasarrufidagi telekanal faoliyatini yo‘lga qo‘yadi, mahalliy boshqaruv organidagi ta’siridagi polittexnologlar to‘planib fikr almashadigan «Janubiy polittexnologlar klubi»ga asos soladi. «Bu uchrashuvlarda hamma gubernator Vladimirovni maqtar, uning sharafiga banket uyushtirilardi. Ora-orada esa Gladkovni ham maqtab qo‘yishardi», deydi suhbatdosh.

Gladkovni taniganlarning aytishicha, Qrim va Sevastopoldagi faoliyati davomida ham Gladkov o‘zi tug‘ilib o‘sgan Penza oblastini boshqarish orzusini unutmagan. Ba’zi suhbatdoshlarga ko‘ra, u tanishlari bilan suhbatlarda «hammasi hal bo‘lgani, tez orada uyga – Penzaga qaytishi»ni ham ochiq aytib turgan.

Ammo taqdir yana u o‘ylamagan narsalarni tayyorlab qo‘ygandi: 2020 yilda Belgorod oblasti gubernatori vazifasini bajaruvchi etib tayinlanadi. «Ko‘chmanchi mulozim» bu lavozimda Rossiyadagi eng uzoq ishlagan gubernatorlardan biri Yevgeniy Savchenkoning o‘rnini egallaydi. Belgorodni 30 yil davomida boshqargan Savchenko keyinchalik senatorlikka o‘tib ketadi.

Gladkov borgan vaqtda Belgoroddagi barcha muhim lavozimlarni Savchenkoning odamlari egallagandi. Hudud iqtisodiyotining 30 foizini qishloq xo‘jaligi sektori tashkil qilgan, Belgoroddagi yirik agrar korxonalar ham Savchenko bilan qalin munosabatda edi. Kremlga yaqin bo‘lgan manba Gladkov tayinlanganidan keyin Belgoroddagi holatni shunday tasvirlaydi: «Hudud nazoratining bir qismi Savchenkoda qolaverdi. U hatto gubernatorlik kabinetini ham Gladkovga topshirmay, u yerda ishlayveradi. Gladkov boshqa kabinetda turib ishlar, mahalliy elita esa muammoni hal qilish uchun o‘zi odatlangan avvalgi kabinetga kirishda davom etardi».

Vyacheslav Gladkov va sanoat vaziri Denis Manturov «Severniy» mahalliy sanoat parkida yangi ishlab chiqarish liniyasini ishga tushirmoqda. 2021 yil

«U rahbariyatga nima kerakligini biladi»

Belgorodda Gladkov «xalqparvar gubernator» obrazini yaratishga harakat qiladi: tonggi yugurishlaridan video e’lon qiladi, ijtimoiy tarmoqlarda jonli efir qilib, mahalliy aholi vakillarining savollariga erinmay javob beradi. O‘z imijini yaxshilash uchun o‘zi bilan Stavropolda birga ishlagan polittexnologlarni ham ishga soladi. Gladkov Belgorodda «Sirius» ta’lim markazining mahalliy analogini va hatto «kinoklaster»ni yo‘lga qo‘yishi haqida gapira boshlashadi.

«Uning faoliyatini shaxsan Xarichevning o‘zi kuzatib boradi. Polittexnologlar yordami ham shu bilan bog‘liq, axir Xarichevning odami o‘rnashib olishiga yordam berish kerak edi-da. Ammo bunday yordamni g‘alati deyish mumkin, chunki ijtimoiy tarmoqlardagi Belgorod haqida postlarni Moskvada sanoqli odamlar o‘qiydi, xolos», deydi «Yedinaya Rossiya» partiyasiga yaqin manba.

Gladkov borganidan keyin Belgorodga unga tanish piarchilar va mediamenejyerlar ham borishadi. Mahalliy jurnalistlardan birining aytishicha, Gladkov olib borgan «stavropol desantlari» mahalliy administratsiya va rasmiy media nashrlarda muhim lavozimlarni egallaydi. Ular asosan Gladkovning mashhurligi ortishi uchun xizmat qiladi.

2021 yilgi gubernatorlik saylovlarida Gladkov 78,1 ovoz olib osongina g‘alaba qozonadi. «Savchenkodan charchagan mahalliy aholi uchun u chindan juda yaxshi nomzod edi – yosh, juda faol», deydi nashr suhbatdoshi. Uning so‘zlariga ko‘ra, Rossiya prezidenti administratsiyasida ham Gladkovga moyillik ko‘rsatishadi. Ular hududda hal qiluvchi shaxslar bo‘lmish Savchenkoning odamlari bilan munosabatlarni o‘nglashga yordam berishadi, kerakli natijani qo‘lga kiritish uchun esa ba’zi saylov qutilariga ovozlarni «qo‘shib ham qo‘yishadi».

Gladkovning do‘stlaridan biri esa u oblast hayotini chindan yaxshilashga harakat qilgan, hududga yangi investorlarni jalb qilganini aytadi. To‘g‘ri, suhbatdosh Gladkov bu ishlarni mashhurlikka erishish uchun ham qilganini istisno qilmagan. «Meduza» bilan suhbatda bo‘lgan to‘rt manba Gladkovni «karera qilishni va rahbariyatga nima yoqishini biladigan» odam deb ta’riflagan. Bir suhbatdoshning aytishicha, Gladkovda noodatiy hech narsa yo‘q, oddiy mulozim xolos.

Uzoq yildan buyon o‘zi tug‘ilib o‘sgan Penzani boshqarishni orzu qiladigan Gladkovda Belgorodga borgach, yangi orzu – «namunali rus gubernatori» bo‘lish istagi paydo bo‘ladi. Ammo bu hozircha orzuligicha qolib ketmoqda. Chunki Rossiya Ukrainaga bostirib kirishidan avvalroq Gladkov hududning eski elitasi vakillari bilan tortishib qolgandi. Urush esa uning rejalarini butunlay o‘zgartirib yubordi. Chunki chegaradagi oblastni urush boshlanishidan ko‘p o‘tmay o‘qqa tutish boshlanadi. 2023 yil yoziga kelib esa oblastdagi vaziyat keskinlashdi.

Otishmalar ostida qolgan Shebekino shahrini ta’mirlashning o‘ziga allaqachon 13 milliard rubl pul talab qilinadi. Mahalliy hokimlik tiklash ishlarini hozir boshlamoqchi bo‘lsa ham, ularda buncha pul yo‘q. Axir urush vaqtida oblastda kutilmagan xarajatlar paydo bo‘ldi. Masalan, Gladkovning ta’biri bilan aytganda chegaradagi «tirqishlarni yopish»ga, ya’ni chegara hududlarini mustahkamlashga 10 milliard rubl sarfladi. «Vagner» asoschisi Yevgeniy Prigojinga tegishli OAV buni «Vagner chizig‘i» deb ataydi. Belgoroddagi medialar esa qo‘shimcha chegara chizig‘ini Prigojinga aloqador quruvchilar qurayotgani haqida yozdi.

Belgorod oblastida hududiy mudofaa otryadlarini tayyorlash jarayoni

Yevgeniy Prigojin bilan tortishuv esa Vyacheslav Gladkov uchun navbatdagi boshog‘riq bo‘ldi. «Vagner» asoschisi mahalliy hokimlik «tirqishlarni yopish» ishlarini kim amalga oshirgani haqida ma’lumot bermaganini iddao qildi. Bundan tashqari, bu yangi mudofaa chizig‘i oblastni «Rossiya ko‘ngillilar korpusi» hujumidan himoya qilolmaganini ham unutmaslik kerak.

Prigojin Belgorod mahalliy administratsiyasini mahalliy mudofaa guruhlari tashkil qilishda sovuqqonlik qilgani, bundan mulozimlar pul ishlab olganini iddao qiladi. «Aynan Belgorod oblasti haqida aytadigan bo‘lsam, odamlarni hech kim normal tayyorlamagan, hech qanaqa tashkilotchilik yo‘q. Tayyorgarlik haqidagi barcha gaplar safsata. Rossiya Qahramoni bo‘lgan belgorodlik xodimlarimdan biri oblastdagi tayyorgarlik markaziga borib, hech qanday tartib yo‘qligini ko‘rib keldi. Kuniga atigi 3 soat tayyorgarlik bo‘ladi, qolgan vaqt choy va boshqa ichimliklar ichib o‘tirishadi», dedi Prigojin.

U Gladkovni haqorat qilishga ham ulgurdi – Gladkovni «la’nati», «savodsiz» va «qo‘rqoq» gubernator deb atagan. Prigojin uni «Rossiya ko‘ngillilar korpusi» vakillari bilan uchrashuvga bormaganidan keyin ham qoralagan. Vaholanki, Gladkov ular bilan uchrashishga tayyorligini e’lon qilgandi.

«Meduza»ning Rossiya prezidenti administratsiyasidagi ikki manbasi Prigojin Gladkovni ochiqchasiga kamsitish orqali Rossiyaning chegara qismlarida o‘z mavqeyini oshirib olishni maqsad qilgan deb hisoblashini aytgan. Ularning taxmin qilishicha, Prigojin bu chiqishlari orqali Belgoroddagi mudofaa guruhlarini tayyorlash va tabiiyki ular uchun ajratiladigan pullarga ham ega chiqmoqchi. «Balki urush xavfi bo‘lgani uchun u yerlarda gubernatorlardan ham ustunroq turishni istayotgandir», degan suhbatdoshlardan biri. Ammo uning fikricha, Prigojin bunday reja qilgan bo‘lsa, u amalga oshmaydi. Chunki «Vagner» rahbarining Rossiya hukumatidagi yuqori mansabdorlar bilan munosabatlari tobora yomonlashib bormoqda.

Kremlga yaqin manbalar Gladkovning o‘z taqdiri ham mavhum bo‘lib turganini aytgan. O‘z navbatida, ular urush vaqtida Gladkovning mashhurligi juda oshganini rad etishmagan. Putin doimiy diqqat markazida bo‘lib turgan bu hududga otishmalarda gubernatorning aloqasi yo‘qligini, chegara nazorat FSB gardanida ekanini tushunib turibdi. Bir qarashda mana shunday holatda Gladkov yuqoriroq lavozimga ham umid qilishi mumkindek.

Ammo boshqa tomondan Belgorodda vaziyat keskinlashib ketsa, hamma ayb Gladkovga to‘nkalishi ham hech gap emas. «Kuch ishlatar tizimlar bosimi orqali uni mudofaa tashkil qilinishida aybdor deb topib, ishdan haydashlari mumkin», degan nashr suhbatdoshlaridan biri.

Vaziyatdan xabardor manbaga ko‘ra, Gladkov uning sa’y-harakatlari Kreml tomonidan inobatga olinishiga umid bildirayotganini aytgan. Vaholanki Gladkovga urush bilan bog‘liq konkret reja yo‘q. «O‘ziga qolsa, bularning hammasini chekkaga surib qo‘ygan bo‘lardi», degan suhbatdosh.

Rossiya va Ukraina urushi

arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Dunyo » U namunali gubernator bo‘lishni orzu qilgandi, ammo urush o‘rtasiga tushib qoldi
ePN