Zelenskiy Bolgariya TIV rahbari Mariya Gabriel bilan Sofiya aeroportida
Volodimir Zelenskiy 6 iyul kuni mahalliy rasmiylar bilan Ukrainaga qurol-yarog‘ yetkazib berish hamda o‘z mamlakatining NATO va Yevropa ittifoqiga kirishini qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha muzokaralar o‘tkazish uchun Bolgariyaga tashrif buyurdi.
Sofiyaga tashrif ukrain armiyasi uchun katta ahamiyatga ega bo‘lishi mumkin. Shuningdek, bu bolgarlarning Ukrainaga ko‘rsatayotgan yordami uchun minnatdorchilik ifodasidir.
O‘tgan yili Bolgariya Ukraina uchun o‘q-dori va yonilg‘i yetkazib beruvchi asosiy hamkorlardan biriga aylangandi.
Bu davlat sovetlar davridan buyon mintaqada o‘qotar qurollar va artilleriya snaryadlarining eng yirik ishlab chiqaruvchilaridan biri hisoblanadi. Ukraina armiyasida esa aynan sovet kalibridagi snaryadlar uchun katta ehtiyoj mavjud.
2022 yil bahorida Bolgariya Ukrainaga o‘q-dori yetkazib berishdan rasman bosh tortgandi. Bu koalitsiya hukumati tarkibiga kirgan sotsialistlar talabi bilan bo‘lgan, shuningdek mamlakat prezidenti Rumen Radevning ham qarashlari ularnikiga yaqin edi.

Ammo o‘sha vaqtdagi bosh vazir Kiril Petkov va moliya vaziri Asen Vasilev («O‘zgarishlarni davom ettirish» liberal harakati asoschilari) Ukrainaga yordam yuborish yo‘lini topadi.
Keyinroq ular Germaniyaning Die Welt nashriga berilgan intervyuda urushning ilk oylarida Bolgariya uchinchi tomon orqali Ukrainaga o‘q-dorilarning uchdan bir qismi va yonilg‘ining 40 foizini yetkazib berganini aytishgandi.
Yevropaning Euraktiv yangiliklar sayti xabariga ko‘ra, o‘tgan yilda Bolgariyadan Ukrainaga bilvosita qurol va o‘q-dorilar eksporti hajmi kamida 1 mlrd dollarni tashkil etgan.
Jami rasmiy eksport hajmi esa 1,7 mlrd dollarga teng bo‘lgan (2021 yilda Ukrainaning Bolgariyadan jami importi miqdori 500 mln dollar atrofida edi).

Biroq, Ukraina Bolgariyadan tekinga ham yordam bo‘lishini xohlaydi: Bolgariya armiyasining o‘q-dori omborlari, S-300 zenit-raketa komplekslari, o‘ziyurar artilleriya qurilmalari, MiG-29 rusumli 16 ta qiruvchi va Su-25 rusumli 14 ta shturmovik (ulardan faqat bir qisminigina havoga ko‘tarish mumkin).
2022 yil dekabrida Bolgariya parlamenti va hukumati Ukrainaga harbiy yordam ko‘rsatishni ma’qullagandi, ammo bunga prezident Radevning pozitsiyasi xalal bergandi.
O‘shanda mamlakat siyosiy inqirozni boshdan kechirayotgandi. Ukrainani qo‘llovchi partiyalar hukumatni shakllantira olmagan, vaqtincha hukumat esa prezidentga bo‘ysunardi. Joriy yil fevralida Radev Ukrainada tezlik bilan tinchlik o‘rnatishga chaqirdi va Kiyevga qurol yetkazib berish olovni benzin bilan o‘chirishga urinishga barobar ekanini ta’kidladi.
2023 yil 20 martida Bolgariya Ukrainaga 155 mm kalibrli millionta artilleriya snaryadlari yetkazib berish bo‘yicha YeIning 19 mamlakatidan iborat koalitsiyaga qo‘shilmadi. Radev Bolgariya Yevropaning boshqa mamlakatlariga o‘q-dorilar va qurollarni ular keyinchalik Ukrainaga topshirilmasligi sharti bilan yetkazib berishini aytdi.
Shunday bo‘ldi ham, iyun oyida mamlakatda siyosiy inqiroz barham topishi esa Ukraina uchun yoqimli sovg‘aga aylandi.
Nikolay Denkov va YeIning yoshlar masalalari va innovatsiyalar bo‘yicha sobiq yevrokomissari Mariya Gabriel boshchiligidagi yangi hukumat kelishuvga erishgan ikki yetakchi siyosiy partiyaning birlashuvini ifoda etadi.
Ular mamlakatda islohotlar o‘tkazish borasida turlicha qarashlarga ega bo‘lsa-da, ularning Ukrainaga yordam ko‘rsatish bo‘yicha pozitsiyasi yakdil.
Yangi hukumat shakllantirilganidan ikki hafta o‘tib Kiyev uchun harbiy yordam paketi tasdiqlandi. Bolgariya shuningdek Ukrainani 155 mm.li snaryadlar bilan ta’minlovchi Yevropa ittifoqi koalitsiyasiga qo‘shilishni istamoqda.
«Bu ukrain-bolgar munosabatlari uchun eng yaxshi hukumat. Yangi mudofaa vaziri Todor Tagarev NATO va Ukrainaning qizg‘in tarafdori sifatida tanilgan, avval u Ukraina mudofaa vazirligida maslahatchi bo‘lib ishlagan», deya qayd etadi New Geopolitics Research Network tadqiqot tarmog‘ining Janubi-sharqiy Yevropa bo‘limi rahbari Igor Fedik.

Prezident Zelenskiyning Bolgariyaga tashrifi shuni anglatadiki, ushbu mamlakat hukumati qabul qilgan yordam paketi Kiyev tomonidan qadrlanadi: hozirda Ukraina prezidenti quruq qo‘l bilan yoki deyarli hech narsasiz qaytishi mumkin bo‘lgan joylarga bormayapti.
Ammo bu paketga aynan nimalar kirishi ochiqlanmasligi ham mumkin.
«Mudofaa vaziri Tagarev menga bergan intervyusida bu yordam maxfiyligicha qolishini aytgandi», deydi Igor Fedik.
Uning taxmin qilishicha, Bolgariya Ukrainaga artilleriya snaryadlari, o‘qotar qurollar, shuningdek qo‘lda olib yuriluvchi zenit-raketalar va tankka qarshi komplekslar yetkazib beradi.
Shu bilan birga, zirhli texnikalar, masalan T-72 tanklari va harbiy samolyotlar berilishi qiyinroq va ularni keyingi paketlarda kutish mumkin, deb hisoblaydi Fedik. Ukrainaga yetkaziladigan qurollar evaziga Bolgariya NATOning boshqa mamlakatlaridan texnika yoki moliyalashtirish so‘rashi mumkin.
S-300 zenit-raketa komplekslari haqida umuman gap bo‘lishi mumkin emas, ular Bolgariyaning o‘ziga kerak.
Bundan tashqari, prezident tashrifi doirasidagi muhokamalar kun tartibida harbiy sanoatda hamkorlik qilish masalasi ham turgan bo‘lishi mumkin.
Ukraina allaqachon Chexiyaning harbiy korxonalari bilan qo‘shma loyihalar tuzishga kirishgan. Shu yil aprelida Kiyevga kelganida Chexiya prezidenti Petr Pavel gap o‘q-dorilar, miltiq va avtomatlar ishlab chiqarish, tanklarni ta’mirlash, shuningdek o‘quv samolyotlari tayyorlash imkoniyati haqida borishini aytgandi.
Bolgariya bilan ham shunday kelishuvlarni kutish mumkin, chunki mamlakatda mudofaa mahsulotlariga ixtisoslashgan korxonalar juda ko‘p, davlat tasarrufida ham, xususiy sektorda ham.

Ammo Bolgariyaning yangi hukumatiga bu borada qattiq e’tiroz bildiradiganlar topiladi. Ukrainaga harbiy yordam yetkazilishiga qarshi butun mamlakat bo‘ylab aksiyalar o‘tkazilib, «tinchlik va suverenitet uchun referendum» hamda mudofaa vaziri Todor Tagarevning iste’fosi talab qilinadi.
Ayniqsa sotsialistlar va Rossiya elchixonasi bilan yaqin aloqalari tufayli raqiblari tomonidan «Kostey Kopeykin» laqabini orttirgan Kostadin Kostadinov rahbarligidagi «Uyg‘onish» ultrao‘ng partiyasi faol qarshilik ko‘rsatmoqda.

«Bu yakshanbaga yana bir marsh rejalashtirilgan, unda hukumat liniyasiga qarshi kuchlar mudofaa vaziriga ruhiy bosim o‘tkazish uchun uning uyigacha bormoqchi», deydi Igor Fedik.
Uning fikricha, Ukraina uchun Rossiyaning mamlakatdagi ta’siriga qarshi kurashishini e’lon qilgan Bolgariyaning yangi hukumati imkon qadar uzoq vaqt davomida hokimiyatda qolishi muhimdir. Bu hukumat maxsus xizmatlardagi kadrlar almashtirilishi haqida e’lon qilgan.
Bolgariya maxsus xizmatlariga esa savollar mavjud. Ayniqsa so‘nggi o‘n yillikda harbiy omborxonalar va zavodlarda ro‘y bergan sirli portlashlar va yong‘inlar bo‘yicha. 25 iyun kuni ham Karnobat shahri yaqinida bolgariyalik tadbirkor, avval Ukrainaga qurol sotgan va 2015 yilda «Novichok» qurboniga aylanishiga sal qolgan Yemelyan Gebrevga tegishli bo‘lgan EMCO kompaniyasining qurol-yarog‘ saqlanadigan omborida yong‘in ro‘y berdi. Bu uning korxonalarida ro‘y bergan birinchi shu kabi holat emas.
Bolgariyaning sobiq mudofaa vaziri Boyko Nayev avval «Kreml Bolgariya harbiy sanoatini yo‘q qilishni istashi» haqida ogohlantirgandi.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!